Yaponiya Fan va texnologiyalar agentligi bilan ikki tomonlama ilmiy hamkorlikning yangi yoʻnalishlari muhokama qilindi
2025-12-04 18:50:00 / Vazirlik yangiliklari

S. Rajabov JSTning jahondagi nufuzi va global ilmiy siyosatdagi roliga eʼtibor qaratib, JST bilan sheriklik Oʻzbekiston uchun strategik ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi. Ayniqsa, JST va JICA hamkorligida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan SATREPS loyihalari — “Blue Project” hamda H2UZ Hydrogen Project (2024–2029) — ikki tomonlama ilmiy hamkorlikning amaliy samaralarini namoyon etayotgani qayd etildi. Ushbu dasturlar doirasida oʻzbek olimlari zamonaviy tadqiqot uskunalari va Yaponiya ilmiy maktabining ilgʻor tajribasi bilan ishlash imkoniyatiga ega boʻlmoqda. Shu bilan birga, 20 dan ortiq tadqiqotchi qisqa muddatli stajirovkalarni Yaponiyada oʻtab qaytdi, bir nechta mutaxassislar Kyushyu va Vaseda universitetlarida, shuningdek I2CNER markazida PhD dasturlarini boshladi.
Uchrashuvda kelgusidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi. Xususan, yosh tadqiqotchilar, doktorantlar va professor-oʻqituvchilar uchun qoʻshma ilmiy stajirovkalar va dasturlarini yoʻlga qoʻyish; Yaponiyaning yetakchi universitetlari bilan ustuvor yoʻnalishlarda qoʻshma tadqiqotlar va laboratoriyalar tashkil etish; ilmiy loyihalarni baholash, tadqiqotlarni boshqarish, shaffof ekspertiza va innovatsiya ekotizimini rivojlantirishda JST tajribasini Oʻzbekistonda joriy etish kabi tashabbuslar muhokama qilindi. Shuningdek, ikki davlat hukumatlari oʻrtasida Fan va texnologiyalar sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim loyihasini kelishish va uni imzolashga doir texnik masalalar koʻrib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy muassasalar, universitetlar va sanoat oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash hamda qoʻshma loyihalar doirasini kengaytirish boʻyicha bevosita amaliy ishlar boshlanishini taʼkidladilar.



