Seulda “Global Sun'iy intellekt iste’dodlari va ta’lim forumi 2025" boʻlib oʻtdi
2025-12-05 12:40:00 / Vazirlik yangiliklari

Forumning “Milliy strategiyalar va global taʼlim hamkorligi: Sunʼiy intellekt kadrlari tayyorlash uchun global strategiyalar va hamkorlik tarmogʻi” nomli panel sessiyasida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy taʼlim tizimi kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti direktori Uzoqboy Begimqulov soʻzga chiqdi. Oʻz nutqida u Oʻzbekistonda taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, zamonaviy kasblar va sunʼiy intellekt kompetensiyalariga boʻlgan ehtiyoj oshib borayotgani haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan “5 million sunʼiy intellekt yetakchilari” loyihasiga start berilgani, ushbu tashabbus mamlakat yoshlarini raqamli koʻnikmalarga oʻrgatish va yangi avlod sunʼiy intellekt mutaxassislarini tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlab oʻtildi. Tadbir doirasida ishtirokchilar sunʼiy intellekt sohasida milliy strategiyalar, davlatlar oʻrtasidagi taʼlim hamkorligi, ilmiy tadqiqotlar, malaka oshirish tizimlarini rivojlantirish kabi masalalar yuzasidan fikr almashdilar. Forum raqamli transformatsiya va sunʼiy intellekt ekotizimini rivojlantirish boʻyicha qator taklif va tashabbuslar ilgari surilishi bilan ahamiyatli boʻldi.









