Yaponiyada Oʻzbekiston bilan taʼlim va ilm-fandagi strategik sheriklikning yangi yoʻnalishlari muhokama qilinmoqda
2025-12-03 10:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Dastlab JICAning Sharq, Markaziy Osiyo va Kavkaz departamenti bosh direktori Masayuki Xirosava bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Suhbat davomida JDS dasturi orqali 440 dan ziyod oʻzbekistonlik mutaxassislarning Yaponiyada magistrlik va doktorantura dasturlarini tamomlagani, texnik va muhandislik taʼlimiga doir yirik hamkorlik loyihalari, shuningdek, ilmiy izlanishlarni qoʻllab-quvvatlashning ahamiyati yuqori baholandi. Tomonlar muhandislik taʼlimi, professor-oʻqituvchilar malakasini oshirish, yapon mutaxassislarini Oʻzbekiston oliygohlariga jalb etish, talabalar uchun grant va kvotalarni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar. Ilmiy tadqiqotlarda, xususan, qayta tiklanuvchi energiya va atrof-muhit tadqiqotlari boʻyicha hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek,dunyoda yoqori reytinglarni egallagan Tokio universitetiga tashrif amalga oshirilib, professor va olimlar bilan uchrashuv oʻtkazildi. Universitetning biotexnologiya, mikrobiologiya, qishloq xoʻjaligi va muhandislik sohalaridagi ilmiy ishlari haqida maʼlumot berildi. Yapon tomoni ushbu yoʻnalishlarda aniq tadqiqot mavzularini belgilab, oʻzaro manfaatli hamkorlikni boshlashni taklif etdi. Delegatsiya Tokio universitetining laboratoriyalarida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Professorlar xorijiy mamlakatlar bilan, jumladan Osiyo mintaqasida olib borilayotgan tadqiqotlar faolligiga toʻxtalib, Markaziy Osiyoda aynan Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilishdan mamnun bo’lishlarini bildirdi. Uchrashuv yakunida qoʻshma ilmiy tadqiqot loyihalarini amalga oshirish va ilmiy aloqalarni kengaytirish boʻyicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Safar doirasida, shuningdek, Mimaki Gakuen Educational Corporation prezidenti tarkibidagi Yakudji kolleji asoschisi Toshiake Furui bilan uchrashuv oʻtkazildi. Uchrashuvda oʻquv jarayonini amaliy koʻnikmalarga yoʻnaltirish, talabalarning amaliy tayyorgarligini kuchaytirish, zamonaviy laboratoriya uskunalarini joriy etish boʻyicha Yaponiya tajribasini joriy etish imkoniyatlari muhokama qilindi. Kadrlar tayyorlash, stajirovkalar va kabi masalalarda hamkorlik istiqbollari koʻrib chiqildi.
Shuningdek, Kibi International University prezidenti Yuki Kake bilan uchrashuvda Biznes boshqaruvi, Aniq va tabiiy fanlar hamda Axborot texnologiyalari yoʻnalishlarida qoʻshma taʼlim dasturlarini ikki diplomli taʼlim dasturlari modelida yoʻlga qoʻyish taklifi muhokama qilindi. Suhbat chogʻida sunʼiy intellekt sohasida hamkorlikni kengaytirish va Oʻzbekistonda Yaponiya universitetini tashkil etish boʻyicha fikr almashildi.
Mazkur uchrashuvlar Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasida taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi kutilmoqda.



