O‘zbekistonning 6 ta universiteti fanlararo tadqiqotlar bo‘yicha dunyoning eng yaxshi 500 talik reytingiga kirdi
2025-11-22 10:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Natijalarga ko‘ra, O‘zbekistonning 34 ta oliy ta’lim tashkiloti reytingda kiritilgan bo‘lib, ularning 6 tasi eng yaxshi 500 talik ro‘yxatdan o‘rin oldi, qolganlari esa “reporter” – nomzod maqomida qayd etildi. Jumladan:
- “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti — 150-o‘rin;
- Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti — 201–250-o‘rin;
- O‘zbekiston milliy universiteti, Samarqand davlat universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti — 301–350-o‘rinlar;
- Toshkent davlat transport universiteti — 351–400-o‘rin.
Mazkur natijalar O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida fanlararo ilmiy izlanishlar, ilmiy salohiyatni mustahkamlash va xalqaro akademik hamkorlikni kengaytirish borasida izchil taraqqiyot kuzatilayotganini ko‘rsatadi.
Reyting metodologiyasi moliyalashtirish va ilmiy resurslardan foydalanish samaradorligi, fanlararo tadqiqotlar uchun yaratilgan infratuzilma va boshqaruv mexanizmlari, shuningdek, ilmiy nashrlar sifati, iqtibos ko‘rsatkichlari va xalqaro ilmiy hamjamiyatdagi obro‘-e’tibor kabi ko‘rsatkichlarga asoslanadi. Baholashda oliy ta’lim muassasalarining rasmiy statistik ma’lumotlari, ilmiy jurnallarda chop etilgan maqolalar tahlili hamda yetakchi olimlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomalar natijalari hisobga olingan.
