Xotin-qizlar ilmiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi
2025-11-19 17:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbirda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov, vazirlik mutasaddilari, tizim tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.
Yigʻilishda Z.Mahkamova xotin-qizlar bandligini taʼminlash, ularning imkoniyatlarini kengaytirish va yangi tashabbuslarni har bir mahalla kesimida aniq oʻrganish muhimligini taʼkidladi. Uning qayd etishicha, aholi bilan bevosita muloqot qilish, mahallalarda mavjud ehtiyoj va muammolarni aniqlash, shu asosda maqsadli loyihalarni amalga oshirish ayollar hayotida sezilarli ijobiy oʻzgarishlar yaratmoqda.
Shuningdek, xotin-qizlarning ilmiy faolligini oshirish, ularni innovatsion izlanishlarga jalb etish va zamonaviy kasblarga oʻqitish dolzarb vazifa ekani qayd etildi. Doktorantlar va yosh olimalarni xorij va mahalliy grantlar, ilmiy loyihalar, hududiy tashabbuslarga jalb qilish, ilmiy ishlanmalarni hududlarning dolzarb muammolarini hal etishga yoʻnaltirish vazifasi qoʻyildi.
Yigʻilishda Innovatsion rivojlanish agentligiga ilmiy tadqiqotlarni mahallalar va oliy taʼlim muassasalarida psixologik muhitni barqarorlashtirishga qaratilgan yoʻnalishlar bilan boyitish vazifasi topshirildi. Xususan, suitsid xavfi, internet va axborot vositalariga qaramlik, oilaviy nizolar kabi masalalar boʻyicha kichik monitoringlar oʻtkazish yoʻlga qoʻyiladi.
Kasbiy taʼlim agentligiga texnikumlarda ishsiz xotin-qizlarni zamonaviy kasblar boʻyicha qisqa muddatli kurslarda oʻqitishni tashkil etish vazifasi yuklatildi. Shu bilan birga, oʻquv dasturlarining metodik taʼminotini kuchaytirish va bitiruvchilarning bandligini doimiy monitoring qilish belgilab berildi.
Shuningdek, oliy taʼlim tashkilotlarida xotin-qizlar tomonidan ishlab chiqilayotgan innovatsion loyihalarni tijoratlashtirishni qoʻllab-quvvatlash, ularning taqdimotlarini alohida grafik asosida tashkil etish zarurligi qayd etildi. Mahallalarning ijtimoiy-iqtisodiy holatini oʻrganish, shu asosda amaliy loyihalarni boshlash ham ustuvor yoʻnalish sifatida belgilandi.
Yigʻilish yakunida xotin-qizlarning ilm-fan, tadbirkorlik va ijtimoiy hayotdagi faolligini oshirish borasida barcha zarur chora-tadbirlar tizimli va maqsadli amalga oshirilishi taʼkidlandi.





