O‘zbekistonning 9 ta oliygohi QS Barqaror rivojlanish reytingidan joy oldi
2025-11-19 10:55:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur reyting dunyoning qariyb ikki mingta universitetini qamrab olgan bo‘lib, unda O‘zbekistonning 9 ta oliy ta’lim muassasasi, shu jumladan ularning uchtasi Top-1000 talik ro‘yxatdan o‘rin oldi.
Ular orasida bir qator universitetlar o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlarini yaxshilagan bo‘lsa, ayrimlari reytingga birinchi marotaba kiritildi.
O‘zbekiston OTMlarining reytingdagi o‘rinlari:
• “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti – 874-o‘rin
• Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti – 951-o‘rin
• O‘zbekiston Milliy universiteti – 970-o‘rin
• qolgan 6 ta oliy ta’lim muassasasi – Andijon davlat universiteti, Samarqand davlat universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent davlat transport universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Urganch davlat universiteti 1501+ guruhidan joy oldi.
Ushbu natijalar oliy ta’lim muassasalarining barqaror rivojlanish yo‘nalishida amalga oshirayotgan ishlari – ekologiya, ijtimoiy mas’uliyat, resurslardan samarali foydalanish, innovatsiyalar va boshqaruv tizimini takomillashtirish borasidagi izchil yondashuv natijasidir.
Mazkur reytingda O‘zbekiston OTMlarining ishtiroki ta’lim tizimida global tendensiyalar bilan uyg‘unlikni kuchaytirish, xalqaro tanlovbardoshlikni oshirish va milliy oliygohlarda barqaror rivojlanish tamoyillarini keng joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
