Gulistonda “Besh tashabbus” olimpiadasining respublika final bosqichi start oldi
2025-11-17 11:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Musobaqalar 17–20 noyabr kunlari davomida Guliston davlat universiteti hamda shahardagi boshqa oliy ta’lim muassasalari va zamonaviy sport inshootlarida o‘tkaziladi.
Tantanali ochilish marosimida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Sport vazirligi, bir qator mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, hududlardan kelgan oliy ta’lim muassasalari rektorlari, mamlakat bo‘ylab saralangan 700 nafarga yaqin iqtidorli va faol talabalar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Musobaqalar mini-futbol, stol tennisi, voleybol, yengil atletika va stritbol kabi sport turlari bo‘yicha tashkil etilgan bo‘lib, ishtirokchilar g‘oliblik uchun munosib kurash olib borishmoqda.
Ochilish marosimini Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Sport vaziri Adham Ikromov hamda Guliston davlat universiteti rektori Muhsin Hojiyev kirish so‘zlari bilan ochib berishdi.
So‘zga chiqqanlar mamlakatimiz rahbari tomonidan yoshlar tarbiyasi, ularda vatanparvarlik, jismoniy barkamollik va faol hayotiy pozitsiyani shakllantirish masalasi har doim ustuvor vazifa sifatida qayd etilayotganini alohida ta’kidladilar. Shu munosabat bilan musobaqa ishtirokchilariga yuqori natijalar, murabbiylarga esa kuch-g‘ayrat va muvaffaqiyat tilashdi.
– Talaba-sportchi – bu faqatgina musobaqada qatnashuvchi emas, balki o‘z harakati, intilishi va intizomi bilan atrofdagilarga ibrat bo‘ladigan, sog‘lom hayot tarzini targ‘ib etuvchi, yurti sharafini himoya qiluvchi qahramondir, – dedi vazir Qo‘ng‘irotboy Sharipov. – “Besh tashabbus” olimpiadasi yoshlar uchun o‘z iqtidorini namoyon etish, jismonan va ruhan mustahkamlash, hamjihatlik va vatanparvarlik hissini yanada kuchaytirish imkoniyatidir.









