Buxoroda Oziq-ovqat fanlari va foodomika bo‘yicha birinchi Ipak yo‘li xalqaro ilmiy-texnikaviy anjumani bo‘lib o‘tdi
2025-11-05 17:45:00 / Vazirlik yangiliklari

Uch kun davom etgan xalqaro ilmiy anjumanda Yevropa va Osiyoning yetakchi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy markazlari, oziq-ovqat sanoati korxonalari hamda yosh olimlar ishtirok etdilar.
Konferensiyaning birinchi kuni “Oziq-ovqat sanoati” mavzusida o‘tib, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi muloqot platformasiga aylandi. Ishtirokchilar ishlab chiqaruvchilar mahsulotlari bilan tanishib, sohadagi dolzarb muammolar va hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildilar.
4-noyabr kuni o‘tgan plenar sessiyalarni Daniyaning Kopengagen universiteti professori Søren Balling Engelsen, Erasmus+ Milliy ofisi koordinatori Aziza Abdurahmоnova, Buxoro davlat texnika universiteti rektori Sadoqat Siddiqova, Kopengagen universiteti dotsenti Bekzod Hakimov ochib berdilar.
Xalqaro miqyosdagi yetakchi olimlar — Dennis Sandris Niyelsen (Daniya), Martin Holle (Germaniya), Sara R. Jaeger (Daniya), José Manuel Amigo Rubio (Ispaniya) va Mario Estevez Garcia (Ispaniya) ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi. Ular oziq-ovqat xavfsizligi, innovatsion texnologiyalar, yashil oziq-ovqat transformatsiyasi va sun’iy intellektning qo‘llanilishi kabi dolzarb masalalarga bag‘ishlangan tadqiqot natijalarini taqdim etdilar.
Konferensiyada O‘zbekiston olimlari, jumladan, Sharofiddin Nuriddinov, Muzaffar Muminov, Jahongir G‘ulomov, Sodiqov Samandar, Zilola Ergashova kabi yosh tadqiqotchilar o‘z ilmiy ishlari bilan qatnashib, xalqaro ekspertlar tomonidan e’tirof etildi.
5-noyabr kuni konferensiyaning yakuniy qismi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki haftalik o‘quv-trening dasturida ishtirok etgan talabalar o‘z tadqiqot natijalarini taqdim etdilar. “Eng yaxshi ma’ruza”, “Eng yaxshi poster”, “Eng innovatsion tadqiqot” kabi nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar pul mukofotlari bilan taqdirlandilar.
Yakuniy marosimda professor Søren Balling Engelsen, professor Jorge Ruiz-Carrascal, professor Dilbar Dalimova va doktor Zebo Babaxanova ECAMPUZ loyihasining yutuqlari, konferensiyaning ilmiy ahamiyati hamda kelajakdagi rejalari haqida so‘z yuritdilar.
Tadbir yakunida “Foods” (Impact Factor: 5.0) jurnalida “Status of Food Sciyence and Nutrition in Uzbekistan” nomli maxsus son nashr etilishi hamda O‘zbekiston Oziq-ovqatshunoslik va Texnologiyalar jamiyati tashkil etilishi e’lon qilindi.
Bu konferensiya Markaziy Osiyoda oziq-ovqatshunoslik, ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar integratsiyasini kuchaytirishda, shuningdek, mintaqada barqaror oziq-ovqat tizimini shakllantirish yo‘lida muhim bosqich bo‘ldi.








