Do‘stlik tumani IIB boshlig‘i G‘ulom Turg‘unboyevich Mamatqulovning MUROJAATNOMASI
2025-11-04 17:30:00 / Yangiliklar

Assalomu alaykum, aziz yurtdoshlar!
So‘nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarligida “Inson qadri uchun” ezgu g‘oyasi asosida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi yashash sharoitlarini yaxshilash, mahallalar qiyofasini tubdan o‘zgartirish, aholining muammolarini tezkorlik bilan hal etish, bir so‘z bilan aytganda, xalqni rozi qilish yo‘lida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shuni ta’kidlash joizki, barcha idora va tashkilotlar, shuningdek, xalqimiz bilan hamkorlikda qonuniylikni mustahkamlash, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish borasida muayyan natijalarga erishildi.
Bugungi kunda jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash hamda huquqbuzarliklarning oldini olish yo‘nalishida sezilarli natijalarga erishilmoqda.
Xususan, Do‘stlik tumanida joriy yilning o‘tgan 10 oyi davomida o‘g‘riliklar 29 foizga, talonchilik, bezorilik, og‘ir va yengil tan jarohati yetkazish, haqorat qilish, guruh bo‘lib, mast holda, sudlanganlar hamda ishsizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 100 foizga kamaygan.
Firibgarlik jinoyatlari 22 foizga, yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar esa 28 foizga qisqargan.
Biroq, kundan kunga axborot texnologiyalari rivojlanib, internet tarmog‘ining imkoniyatlari kengayib borayotgani sababli, yangi turdagi jinoyatlar — kiberjinoyatlar paydo bo‘lmoqda.
Kiberjinoyatlarning oldini olish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, afsuski, aholiga bu yo‘nalishda zarur tushunchalarni yetarli darajada yetkazib berish ishlarida kamchiliklar mavjud.
Natijada ayrim fuqarolar tomonidan noqonuniy yo‘llar bilan boylik orttirish, internet orqali firibgarlik qilish holatlari kuzatilmoqda. Tumanimizda 22 ta kiberjinoyat aniqlangan bo‘lib, ularning 7 tasi o‘g‘irlik, 14 tasi firibgarlik bilan bog‘liqdir.
Shu bilan birga, o‘tgan 10 oy davomida o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari 150 foizga, qurbonsiz YTHlar 60 foizga, oilaviy zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlar esa 100 foizga oshgan.
Hurmatli tuman aholisi!
Jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning emas, balki barchamizning umumiy mas’uliyatimizdir. Shu bois, mahalla faollari, yoshlar, nuroniylar hamda mehnat jamoalaridagi jonkuyar fuqarolarimiz bilan hamkorlikda ishlashga tayyormiz va ularga tayanamiz.
Agar har birimiz tumanimizni jinoyat va korrupsiyadan xoli, tinch va xavfsiz maskanga aylantirish yo‘lida o‘z hissamizni qo‘shsak, bir tanu bir jon bo‘lib harakat qilsak — ko‘zlagan maqsadimizga albatta erishamiz.
