Korrupsiyaga qarshi birgalikda kurashamiz!
2025-10-23 13:10:00 / Yangiliklar

Korrupsiya dunyo miqyosida hal etilishi lozim bo‘lgan global muammolardan biridir. Ushbu illat har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazib, inson huquq va erkinliklarining poymol bo‘lishiga olib keladi. Shu bois unga qarshi kurash xalqaro ahamiyat kasb etib, jahon siyosatining muhim masalalari qatoridan joy olgan.
Hozirda, korrupsiyaga qarshi kurash xalqaro miqyosdagi kabi respublikamizda ham dolzarb muammolardan biri hisoblanadi.
Korrupsiyaga qarshi muvaffaqiyatli kurash tizimini barpo etishda keng ko‘lamli xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasini o‘rganish, unga tanqidiy yondoshgan holda milliy qonunchilik va amaliyotga tatbiq etish lozim bo‘ladi.
Ma’lumki, korrupsiya o‘ziga tamagirlikni qamrab olgan holda jamiyatning ma’naviy ustunlari hamda demokratiyani yemirib, mamlakatning iqtisodiy-ijtimoiy va siyosiy taraqqiy etishi uchun ulkan xavf tug‘diradi.
Etimologik jihatdan “korrupsiya” - lotincha “corruptio”, ya’ni “buzish, sotib olish, pora evaziga og‘dirish” degan ma’nolarni anglatadi. Korrupsiya shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish demakdir.
Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish bilan bog‘liq huquqiy mexanizmlarni takomillashtirishga qaratilgan bir qator muhim normativ-huquqiy hujjatlar qabul kilingan.
Xususan, Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisidagi “Erkin va farovon, demokratik O‘zbekiston davlatini mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz” mavzusidagi maruzasida “Jamiyatimizda korrupsiya, turli jinoyatlarni sodir etish va boshqa huquqbuzarlik holatlariga qarshi kurashish, ularga yo‘l qo‘ymaslik, jinoyatga jazo, albatta, muqarrar ekani to‘g‘risidagi qonun talablarini amalda ta’minlash bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rishimiz zarur”, deb ta’kidlagan edi.
Shunga ko‘ra, Respublikamizda korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmi yaratilgan holda 2017 yil 3 yanvarda O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilingan hamda shundan so‘ng bir qator normativ-huquqiy hujjatlarda korrupsiyaning oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan.
Qonunning 3-moddasiga ko‘ra, korrupsiya – shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini, yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishidir.
Qonunning 5-moddasida esa korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lib, ular: aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga chek qo‘yish, ularning oqibatlarini, unga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta’minlashdan iboratdir.
Qonunda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari sifatida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti belgilangan bo‘lib, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni qonun hujjatlariga muvofiq boshqa davlat organlari ham amalga oshirishlari nazarda tutilgan.
Binobarin, korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish, ta’lim muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy ta’lim va tarbiya masalalari Qonunning bir nechta moddalarida o‘z ifodasini topgan. Chunki huquqiy ong va huquqiy madaniyati yuksak bo‘lgan va huquqiy ta’lim va tarbiya jihatdan yetuk bo‘lgan insonlar salbiy illat bo‘lmish korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaydilar.
Bu borada, davlatimiz rahbari ko‘plab ma’ruza va chiqishlarida loqaydlik, beparvolik, poraxo‘rlik, korrupsiya, soxtakorlik, mansab vakolatini suiiste’mol qilishga qarshi kurash butun jamiyatning maqsadiga aylanishi kerakligi to‘g‘risida ta’kidlab o‘tgan.
Xususan, davlat rahbari “Halollik vaksinasi” va korrupsiyaga qarshi kurashishga mas’ul bo‘ladigan alohida organ tashkil etilishi haqida ilk bor joriy yil Parlamentga yo‘llagan murojaatnomasida qayd etgan edi. Keyinchalik ushbu fikrlar, 2020 yilgi Davlat dasturida ham aks etgan.
2020 yilgi “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturining 53-bandiga ko‘ra, Davlat rahbarining “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi va mazkur hujjat bilan yangi organ – O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etilgan.
Hozirda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida aholimizning huquqiy ong va huquqiy madaniyatini oshirish agentlik bilan bir qatorda adliya organlarining ham ustuvor vazifalaridan biridir.
A.O‘tamurodov,
“Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi
Jizzax viloyat boshqarmasi boshlig‘i v.b
I.Azatov,
Boshqarma bosh mutaxassisi
