DO‘STLIK TUMAN PROKURORI SAMANDAR RAZZOQOVNING TUMAN AHLIGA MUROJAATI !!!
2025-09-05 12:45:00 / Yangiliklar

Qadrli otaxon va onaxonlar !
Aziz yoshlar !
Hurmatli Do‘stlik tumani aholisi !
So‘nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich rahbarligida “Inson qadri uchun” ezgu g‘oyasi asosida hududlarni ijtimoiy - iqtisodiy rivojlantirish, aholi yashash sharoitlari hamda mahallalar qiyofasini tubdan yaxshilash, aholining muammolarni tezkorlik bilan hal etish, bir so‘z bilan aytganda, xalqni rozi qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shuni ta’kidlash joizki, barcha idora va tashkilotlar hamda xalqimiz bilan birgalikda barcha sohalarda qonuniylikni mustahkamlash, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, amalga oshirilgan ishlar va ko‘rilgan choralar natijasida tumanimizda o‘tgan 8 oy davomida bezorilik jinoyatlar salmog‘i 50 foiz, firibgarlik 66,7 foiz, o‘g‘irlik 85 foiz, yengil tan jarohati yetkazish 100 foiz, o‘rtacha og‘ir tan jarohati yetkazish 100 foiz, og‘ir tan jarohati yetkazish 100 foiz, haqorat qilish 100 foiz, talonchilik 100 foizga kamayishiga erishildi.
Biroq, yaratib berilgan imkoniyatlarga qaramasdan ayrim shaxslar noqonuniy yo‘llar bilan boylik orttirish, fuqarolarni aldash va boshqa vositalar orqali ularning mol - mulkini egallashga urinishmoqda.
Ayniqsa, internet tarmog‘idan foydalangan holda fuqarolarga har xir turdagi ta’sir o‘tkazish orqali hisob raqamlaridagi
pul mablag‘larini egallash holatlari ko‘plab uchramoqda.
O‘tgan davrda, tumanimizda so‘nggi vaqtlarda avj olayotgan kiberjinoyatlar salomig‘i hamda undan jabrlanganlar soni ortib bormoqda.
Bundan tashqari, ayrim fuqarolarimizning beparvoligi oqibatida o‘zlariga tegishli mol – mulklar, texnika vositalari, chorva mollari yoki uy atroflarini qarovsiz qoldirgani oqibatida o‘g‘rilik jinoyatlari sodir etilishiga imkoniyat yaratib berayotgani ham ayni haqiqat.
Muhtaram Yurtboshimiz tomonidan oilaviy qadriyatlarni yaxshilash, qo‘ni-qo‘shni, aholi o‘rtasida o‘zaro inoqlikni kuchaytirish borasida qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Ushbu ishlarning samarasi o‘laroq o‘tgan davrda tumanimizda og‘ir, o‘rtacha og‘ir va yengil tan jarohati yetkazish jinoyatlari qayd etilmadi.
Shuningdek, yo‘llarda avtomashinalar soni kundan - kunga ortib, haydovchilarning mas’uliyatini oshirmoqda.
Biroq, ayrim haydovchilar yo‘l belgilari, yo‘l qoidalariga rioya etmasdan o‘zboshimchalik bilan tezlikni oshirgani yoki haydovchilik guvohnomasi yo‘q fuqarolarga avtomashinani boshqarishga noqonuniy ruxsat bergani natijasida, jami 8, shu jumladan o‘lim bilan bog‘liq 4 ta yo‘l - transport hodisasi sodir etilganligi ayanchli, albatta !
Hurmatli yurtdoshlar !
Tumanimizda mas’ul idoralar va keng jamoatchilik bilan hamkorlikda quyidagi yangi tadbirlarni amalga oshirish yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qilmoqchiman.
Jumladan, jinoyatlarning oldini olish, tumanda kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlash bo‘yicha kuchaytirilgan ish tartibi joriy etildi.
Shu maqsadda, joriy yilning 8 oyi davomida mahallalardagi aholi gavjum joylar va ko‘chalarga yuzni va avtoraqamni tanib oluvchi hamda videokuzatuv kameralari, o‘rnatilib, ushbu ishlar hozirda davom ettirilmoqda.
Yarim yillikda mahallalardagi ko‘p qavatli va yakka tartibdagi xonadonlar texnik qo‘riqloviga olinib, ko‘p qavatli uylarning
kirish yo‘laklari oldiga tashvish tugmalari o‘rnatildi.
Doimiy ravishda muqaddam sudlangan, ma’muriy nazoratda turgan va ajrim yoqasidagi shaxslarning muammolari o‘rganilishi hamda ularning ijtimoiy-maishiy muammolari ijobiy hal etilmoqda.
Natijada, mazkur tadbirlar kirminogen vaziyatni nazorat qilish, sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha shaxslarni tezkorlik bilan izlab topish hamda jinoyatga jazo muqarrarligi ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shmoqda.
Bundan tashqari, sodir etilgan jinoyatlarni har kuni tezkor tahlil qilib, manzilli tadbirlarni belgilash, kunlik so‘rov va nazorat tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Shu bilan birgalikda, tergov sifati yanada oshiriladi, bu jarayonlarda inson huquq va erkinliklari poymol etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qaysi idorada bo‘lmasin, har bir tekshiruv hamda tergov ishi prokuraturaning kundalik va qat’iy nazoratida bo‘ladi.
Bundan buyon korrupsiyaga qarshi kurashish borasida barcha davlat va nodavlat tuzilmalari, hokimliklar, keng jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqamiz, jamiyatning barcha qatlamlari salohiyatini birlashtirish yo‘lidan boramiz.
Jamiyatda korrupsiyaga qarshi murosasizlik muhitini shakllanti-rishning barcha choralarini ko‘ramiz.
Aziz tumanimiz fuqarolari !
Albatta, tumanimizda jinoyatchilik va korrursiyaning oldini olishda, umuman barcha sohalarda qonuniylikni ta’minlashda, eng avvalo, mahalla ahli, yoshlar va nuroniy tashkilotlar faollariga, turli mehnat jamoalaridagi jonkuyar va vatanparvar insonlarga, ularning amaliy yordami va hamkorligiga tayanamiz.
Agarda har bir fuqaro tumanimizni jinoyatdan, korrupsiyadan holi, tinch va xavfsiz o‘lkaga aylantirishga o‘z hissasini qo‘shsa, barchamiz bir tanu bir jon bo‘lib, birgalikda kurashsak ko‘zlangan maqsadga albatta erishamiz.
Qadrli tumanimiz aholisi !
Jinoyatchilikning oldini olishda har birimiz xushyorlikni oshirishimiz, firibgarlik qurboni bo‘lib qolmaslik, shubhali internet ilovalariga kirmaslik, notanish shaxslarga hisob raqamlar va tasdiqlash kodlarini bermaslik, mol - mulklarni qarovsiz qoldirmaslik lozimligi haqida yana bir bor ogohlantirib o‘tmoqchiman.
Qonunlarga qat’iy rioya etish, o‘zgalar huquqi, sha’ni va qadr qimmatini, mol - mulki daxlsizligini hurmat qilish, oila mustahkamligini ta’minlash, jamiyatda yurish - turish qoidalariga rioya qilish, ham qonuniy, ham insoniy burchimiz ekanini ham doimo yodda tutishimiz zarur.
Aziz yurtdoshlar, keling, barchamiz shu yo‘lda muhtaram Prezidentimizga yelkadosh bo‘lib, qonun ustuvor, adolat hukmron bo‘lgan jamiyatni birgalikda barpo etaylik !
