Jizzaxda ijtimoiy himoya sohasi bo‘yicha media-tur va matbuot anjumani tashkil etildi
2025-03-15 08:50:00 / Yangiliklar

2025-yil 14-mart kuni Ijtimoiy himoya milliy agentligi Jizzax viloyati boshqarmasi tomonidan mahalliy, hududiy ommaviy axborot vositalari (OAV) vakillari uchun media-tur hamda “Ijtimoiy himoya milliy agentligi Jizzax viloyati boshqarmasida 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi. Tadbirning asosiy maqsadi – sohaga oid amalga oshirilayotgan ishlar bilan OAV vakillarini yaqindan tanishtirish, tizimdagi yangiliklar va istiqbolli rejalar haqida batafsil ma’lumot berishdan iborat bo‘ldi.
Media-tur davomida OAV vakillari quyidagi maskanlar faoliyati bilan tanishdilar:
Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi – bu yerda bolalarga huquqiy maslahat berish, psixologik qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimi bilan tanishildi.
32-son maxsus internat maktabida tashkil etilgan “G‘amxo‘rlik guruhi” – maxsus ehtiyojga ega bolalar bilan ishlash, ularga mehr va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularning rivojlanishiga ko‘maklashish borasidagi faoliyat taqdim etildi.
Shahar “Nuroniylar” maskani – bu yerda keksalar uchun tashkil etilgan sog‘lomlashtirish markazi, ma’naviy-ma’rifiy mashg‘ulotlar va faol hayot tarzini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan maxsus darslar haqida ma’lumot berildi.
Do‘stlik tumanidagi sport maktablari – bu yerda nogironligi bo‘lgan shaxslar (NBSh) uchun adaptiv sport turlarini rivojlantirish, ularning sport mashg‘ulotlarida ishtirok etishi va jismoniy rivojlanishiga qo‘shilayotgan hissaga e’tibor qaratildi.
Do‘stlik tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi – markaz tomonidan aholiga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar, yordam va reabilitatsiya jarayonlari bilan yaqindan tanishildi.
Media-tur yakunida, Do‘stlik tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi faollar zalida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirda “Ijtimoiy himoya milliy agentligi Jizzax viloyati boshqarmasida 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar” mavzusi muhokama qilindi. Jurnalist va blogerlar soha bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddi rahbarlar tomonidan batafsil javoblar berildi.
Ushbu tadbir Jizzax viloyati ijtimoiy himoya tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni yoritish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Kelgusida ham ijtimoiy himoya sohasida OAV vakillari bilan yaqin hamkorlik davom ettirilishi rejalashtirilgan.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi Jizzax viloyati boshqarmasi Axborot xizmati
