Saritepaliklar Navro‘z bayramini nishonlashdi
2025-03-11 08:15:00 / Yangiliklar

Yurtimiz uzra bahor fasli sepini yoymoqda.
Ko‘klam odatdagidek o‘zi bilan yosharish va yangilanish ayyomi - Navro‘z bayramini olib keladi.
Bu yilgi Navro‘zi olam musulmon olamining muborak Ramazon kunlariga to‘g‘ri kelgani bilan ham xotirada qoladigan bo‘ldi.
Ayniqsa bunday kunlar Do‘stlik tumanining "Saritepa" mahallasi aholisi uchun umrbod yodda qoladigan bo‘ldi. Sababi mahalla bu yil "og‘ir hudud" deya e’tirof etilib, "obod xonadon", "obod ko‘cha", "obod mahalla" mezoni asosida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari olib borildi.
Bugun mahalla aholisi qadimiy Navro‘z bayramini iftorlik dasturxoni atrofida shodiyona qilishdi.
Momolar doshqozonlarda ko‘klamning tansiq taomi - sumalak pishirishdi.
Yoshi ulug‘ nuroniylar Yaratgandan elga tinchlik-omonlik, qut-baraka so‘rab yuzlariga fotiha tortishdi.
Yig‘ilganlarga milliy taomimiz bo‘lmish osh tarqatildi.
Shu kun barchaning yuzida shodu- xurramlik, shukronalik tuyg‘usi balqidi
