KAFIL BO‘LISH OSON, JAVOBGARLIKCHI?
2025-02-19 18:40:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbari tomonidan mamlakat iqtsodiyotini yanada yaxshilash, aholi turmush tarzini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Har bir oila tadbirkor dasturlari asosida kam ta’minlangan oilalar, fuqarolarga kredit mablag‘lari ajratilib, ulardan maqsadli foydalanib, yashash sharoitini yaxshilagan oilalar soni tobora ortib bormoqda.
Bunday imkoniyatdan g‘araz maqsadlarda foydalanib, kredit mablag‘ini boshqa extiyojlarga ishlatib yuborib, kredit olishda kafil bo‘lgan boshqalarni ham tashvishga qo‘yayotgan fuqarolar ham uchrab turibdi.
Keyingi vaqtlarda kredit olishda kafil bo‘lgan fuqarolardan kredit oluvchi fuqaro kreditni to‘lashni hech qachon unga qoldirmaslik, uni o‘z vaqtida to‘lab borishi kabi vadalar berib, kredit mablag‘ini olganidan so‘ng uni to‘lamaslik, ayrim hollarda bir davlat tashkilotida ishlovchi xodim bir necha bankdan kredit olib, unga birga ishlovchi hamkasblarini kafil bo‘lishiga erishganligi, natijada kredit to‘lovlarini kafil to‘lab kelayotganligi, bazida shu kafillik natijasida oilalar buzilish yoqasiga kelib qolganligini ham tez-tez eshitib qolamiz.
Ushbu maqola orqali aslida kafillik nima, uni javobgarlik doirasi qanday degan savollarga javob beramiz.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 259-moddasiga ko‘ra, majburiyatning bajarilishi kafillik hamda qonunchilik yoki shartnomada nazarda tutilgan boshqacha usullar bilan ta’minlanishi mumkin.
Mazkur kodeksning 292-moddasiga ko‘ra, kafillik shartnomasi bo‘yicha kafil boshqa shaxs o‘z majburiyatini to‘la yoki qisman bajarishi uchun uning kreditori oldida javob berishni o‘z zimmasiga oladi. Kafillik shartnomasi yozma shaklda tuzilishi kerak. Yozma shaklga rioya qilmaslik kafillik shartnomasining haqiqiy bo‘lmasligiga olib keladi.
Sud amaliyotida ko‘pincha bank kreditlarini olishda kafillik shartnomalari tuzish va kafillik majburiyatini olish holatlari uchraydi.
Odatda kafil ma’lum bir daromadga ega bo‘lshan shaxs bo‘lib, kelgusida qarzdor bankdan olgan krediti yoki boshqa majburiyatini bajarmaganda, kafil u bilan birga teng ravishda javob beradi.
Endi sud amaliyoti bo‘yicha quyidagi misolga e’tiboringizni qaratmoqchimiz.
Da’vogar O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Jizzax viloyat hududiy boshqarmasi ATB “Mikrokreditbank” manfaatida javobgar G.O va D.B larga nisbatan kredit qarzini solidar tartibda undirish haqida sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan.
Da’vo talabining asosi sifatida javobgar kredit to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lash majburiyatini olganligi, lekin shartnomaviy majburiyatini bajarmasdan, kelishuvni jiddiy ravishda buzib, kredit va uni foizini uzoq vaqtdan buyon to‘lamasdan kelayotganligini ko‘rsatgan.
Ish materiallariga ko‘ra, ATB “Mikrokreditbank” Jizzax filiali va G.O o‘rtasida 2023 yil 09 martda 3225-sonli kredit shartnomasi tuzilgan.
Mazkur shartnomaga ko‘ra, bank G.O ga 3 yil muddatga 14 foiz ustama to‘lash sharti bilan asalarichilikni rivojlantirish uchun 35.000.000 so‘m miqdorda kredit mablag‘i ajratilgan.
Kreditni ta’minoti sifatida bank va D.B o‘rtasida kafillik shartnomasi tuzilgan, unga ko‘ra, D.B. kredit va uni foizlari to‘lanmagan taqdirda qarzdorlikni to‘liq to‘lab berish kafilligini olgan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Forish tuman sudining 2024 yil 10 avgustdagi hal qiluv qarori bilan da’vogarning da’vo talabi qanoatlantirilgan.
Unga ko‘ra, ATB “Mikrokreditbank” foydasiga javobgar G.O va D.B dan 27.856.114,56 so‘m kredit qarzdorligi, 33.000 so‘m pochta xarajati hamda davlat daromadiga 1.114.244 so‘m davlat bojini solidar tartibda undirish belgilangan.
Demak bu misolda, kafil bo‘lgan fuqaro agar qarzdor o‘z majburiyatini bajarmaganda kreditor, ya’ni bank oldida asosiy qarzdor bilan birga tengma-teng javobgar bo‘lishini ko‘rishimiz mumkin.
Sud majlisi jarayonida kafil bo‘lgan fuqarolar kafillikni tanishi iltimos qilganligi uchun bo‘lganligi, shartnomaga imzo qo‘yib berganligi, lekin barcha qarzdorlikni o‘zi to‘lashini aytganligini bayon qilsalar-da, aslida ular kafillik shartnomasi tuzish orqali barcha majburiyatlarni o‘z zimmalariga olganlar.
Shu bois, fuqarolar kafil bo‘lish oldi kafillik o‘zi nima ekanligi, kelgusida qanday huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkinligini yaxshi bilib olishlari zarur.
Endi qonunchiligimizda kafil to‘lab bergan pullar, ko‘rilgan zarar masalasi kelgusida nima bo‘ladi degan savollarga ham aniq huquqiy yechimlar ko‘rsatib qo‘yilgan.
Masalan, Fuqarolik kodeksining 295-moddasida, majburiyatni bajargan kafilga kreditorning ushbu majburiyat bo‘yicha huquqlari hamda garovga oluvchi sifatida kreditorga tegishli bo‘lgan huquqlar kafil kreditorning talabini qancha hajmda qanoatlantirgan bo‘lsa, shuncha hajmda o‘tadi. Kafil kreditorga to‘langan summaga foizlar to‘lashni va qarzdor uchun javobgarlik munosabati bilan ko‘rgan boshqa zararini to‘lashni qarzdordan talab qilishga haqli.
Mazkur qonun talabiga ko‘ra, sud qarori ijrosini bajarib bergan kafil kelgusida qarz oluvchiga nisbatan sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, barcha to‘lagan pullari, ko‘rilgan zarar va boshqa to‘lovlarni undirib olish huquqiga ega bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, har bir fuqaro jamiyatda o‘zining huquq va majburiyatlarini yaxshi tushunib yetishi, kelgusida har qanday shartnomaga imzo qo‘yish, yozma tilxat yozib berish, bu oddiy holat emasligi, kelgusida ma’lum bir majburiyatlarini yuzaga keltirishi mumkinligini ongli ravishda his qilishlari lozim bo‘ladi.
Nodirjon Rasulov,
Jizzax viloyati sudi raisining o‘rinbosari, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi
