Kavrak tabobatda hayotbaxsh jenshendan ustun turadi
2025-02-11 18:35:00 / Yangiliklar

Ziradoshlar oilasiga mansub kavrak o‘simligining yer yuzida 170 dan ziyod turi mavjud.
Bugun yurtimizda kavrak o‘simligini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Chunki bu o‘simlikdan Abu Ali ibn Sino, Beruniy kabi allomalarimiz turli kasalliklarni davolashda, parhez taomlarni qo‘llashda foydalangan. Bundan tashqari, Sharq mamlakatlari Eron, Pokiston, Hindiston va Afg‘onistonda kavrak yelimi va ildizidan ziravor sifatida, kosmetika sanoatida attorlik vositalari ishlab chiqarishda keng qo‘llaniladi.
Kavrakni o‘zimizning cho‘llar, adirlar, tog‘lar bag‘rida ko‘p uchratamiz. Jizzax bu dorivor giyohni yetishtirish uchun eng qulay viloyatlardan biridir.
- Tumanimizda ICHK “Do’stlik agro klaster kooperativi” rahbari Bekjon Davlatov bilan hamkorlikda yoshlarga ajratilgan yerlarda kavrak yetishtirishni yo‘lga qo‘ymoqdamiz, — deydi Do‘stlik tumani hokimining o‘rinbosari Bobir Islamov. — Kavrak asosan mart-aprel oylarida gullaydi. Mevasi aprel-mayda pishib yetiladi. O‘simlik ko‘p yillik hisoblanadi. Kavrakning bo‘yi 1,5-2 metrgacha, ildizi yo‘g‘on 15-20 smgacha yetadi. Kavrak tabobatda hayotbaxsh jenshendan ustun turadi. Yil oxirigacha tumanda bir million tup kavrak ko‘chati ekishni rejalashtirganmiz.
