MEHNAT SHARTNOMASINI ISH BERUVCHINING TASHABBUSI BILAN BEKOR QILISH ASOSLARI
2025-01-31 11:10:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 42-moddasida har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsizlik va gigiena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga ega.
Mehnat qonunchiligida mehnat shartnomasini bekor qilish deganda xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni tugatish tushuniladi.
Mehnat shartnomasini bekor qilish ishga qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar tomonidan amalga oshiriladi va ish beruvchining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi. Oxirgi ish kuni mehnat shartnomasi bekor qilingan kundir.
Ish beruvchi mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni xodimga uning mehnat daftarchasini yoxud elektron mehnat daftarchasidan ko‘chirmani, shuningdek mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyruqning ko‘chirma nusxasini berishi shart. Ish beruvchi xodimning yozma arizasiga ko‘ra unga ish bilan bog‘liq hujjatlarning tegishli ravishda tasdiqlangan ko‘chirma nusxalarini ham berishi shart.
Mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodim bilan hisob-kitob qilinishi kerak. Ish beruvchi tomonidan xodimga tegishli bo‘lgan barcha summalarni to‘lash xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan kunda amalga oshiriladi.
Agar xodim mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni ishlamagan bo‘lsa, tegishli summalar hisob-kitob qilish to‘g‘risida xodim tomonidan talab qo‘yilganidan keyin uch kundan kechiktirmay to‘lanishi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 161-moddasiga ko‘ra, nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasini, shuningdek muddati tugaguniga qadar muddatli mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish asoslangan bo‘lishi kerak.
Quyidagi sabablardan (asoslardan) birining mavjudligi mehnat shartnomasini bekor qilishning asoslanganligini bildiradi:
1) tashkilot (uning alohida bo‘linmasi) o‘z muassislarining (ishtirokchilarining) yoki ta’sis hujjatlari bilan bunga vakolat berilgan yuridik shaxs organining qarori bilan tugatilganligi yoxud yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan faoliyatning tugatilganligi;
2) texnologiyaning, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishning o‘zgarishi, ishlar (mahsulot, xizmatlar) hajmining qisqarishi bilan bog‘liq bo‘lgan tashkilot (uning alohida bo‘linmasi), yakka tartibdagi tadbirkor xodimlari sonining yoki shtatining o‘zgarganligi;
3) xodimning malakasi yetarli bo‘lmaganligi sababli egallab turgan lavozimiga yoki bajarayotgan ishiga muvofiq emasligi;
4) xodimning o‘z mehnat majburiyatlarini muntazam ravishda buzganligi. Avval mehnat majburiyatlarini buzganligi uchun xodim intizomiy yoki moddiy javobgarlikka tortilgan yoxud unga nisbatan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan ta’sir choralari qo‘llanilgan kundan e’tiboran bir yil ichida xodim tomonidan takroran intizomiy nojo‘ya harakat sodir etilganligi mehnat majburiyatlarini muntazam ravishda buzishdir;
5) xodimning o‘z mehnat majburiyatlarini bir marta qo‘pol ravishda buzganligi. Xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga olib kelishi mumkin bo‘lgan mehnat majburiyatlarining bir marta qo‘pol ravishda buzilishlari ro‘yxatini belgilash ushbu Kodeksning 162-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi;
6) ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda belgilangan o‘zga sabablar (asoslar).
Agar jamoa kelishuvida yoki jamoa shartnomasida mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish uchun kasaba uyushmasi qo‘mitasining oldindan roziligini olish nazarda tutilgan bo‘lsa, mehnat shartnomasini bunday roziliksiz bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra, tashkilot (uning alohida bo‘linmasi) o‘z muassislarining (ishtirokchilarining) yoki ta’sis hujjatlari bilan bunga vakolat berilgan yuridik shaxs organining qaroriga binoan tugatilganligi yoxud yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan faoliyat tugatilganligi munosabati bilan, tashkilot rahbari, alohida tarkibiy bo‘linma rahbari bilan, tashkilot mulkdori o‘zgarganligi munosabati bilan tashkilot rahbari, uning o‘rinbosarlari, bosh buxgalter va tashkilotning alohida bo‘linmasi rahbari bilan bekor qilinganda kasaba uyushmasi qo‘mitasining roziligi talab etilmaydi.
Ish beruvchi kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga rozilik berish to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan kundan e’tiboran bir oydan kechiktirmay mehnat shartnomasini bekor qilishga haqlidir.
Ish beruvchi o‘zining mehnat shartnomasini bekor qilish niyati haqida xodimni tashkilot (uning alohida bo‘linmasi) o‘z muassislarining (ishtirokchilarining) yoxud ta’sis hujjatlari bilan bunga vakolat berilgan yuridik shaxs organining qaroriga binoan tugatilganligi, texnologiyaning, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishning o‘zgarishiga, ishlar (mahsulot, xizmatlar) hajmining qisqarishiga bog‘liq bo‘lgan tashkilot xodimlarining soni yoki shtati o‘zgarganligi, tashkilot rahbariga, uning o‘rinbosarlariga, bosh buxgalterga va tashkilotning alohida bo‘linmasi rahbariga nisbatan tashkilot mulkdorining o‘zgarganligi munosabati bilan bekor qilinganda kamida ikki oy oldin, mehnat shartnomasi xodimning malakasi yetarli bo‘lmaganligi tufayli bajarayotgan ishiga muvofiq emasligi munosabati bilan bekor qilinganda kamida ikki hafta oldin, mehnat shartnomasi xodimning aybli harakatlari (harakatsizligi) munosabati bilan bekor qilinganda kamida uch kun oldin ogohlantirishi lozim.
Mehnat shartnomasini bekor qilish asoslaridan qat’iy nazar, ishga tiklash to‘g‘risidagi mehnat nizolari bevosita sudda ko‘rib chiqiladi.
Yakka tartibdagi mehnat nizosini ko‘rib chiqish haqidagi da’vo bilan sudga xodim yoki kasaba uyushmasi qo‘mitasi, davlat mehnat inspeksiyasining mansabdor shaxslari, ish beruvchi, qonunchilikda belgilangan tartibda adliya organlari va prokuror murojaat qilishga haqli.
Dj.Esanov,
Jizzax viloyat sudining sudyasi
