Millat shavkati
2026-05-22 09:15:00 / Yangiliklar

Samarqandning o‘tmishi nihoyatda qadimiy. Ammo bu kentni o‘z saltanatiga markaz qilgan, uning ulug‘vor va sharafli tarixida o‘chmas iz qoldirgan, shaharning salobatiga salobat qo‘shgan hukmdorlar ko‘p emas. Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Yalangtush Bahodir... Bu nomlar bizgacha bo‘lgan ming yillikni također etadi, xolos. Holbuki, shaharniнг tavalludi undan bir necha o‘n asrlar nariga borib taqaladi.
Bundan taqriban uch ming yillar oldin ham bu yerda madaniyat va sanʼat, ilmu maʼrifat gullab yashnagan, oʻz chiroyi va latofati bilan insoniyat tafakkuriga nur berib turgan. Xususan, miloddan avvalgi IV asrda Samarqandni egallagan Iskandar Maqdunli (Aleksandr Makedonskiy)ning “...U men eshitganimdan ham goʻzalroq ekan” degan iqrori tarixiy manbalardan yaxshi maʼlum. Oʻz davrida dunyoning madaniy-iqtisodiy, harbiy-siyosiy tayanchlaridan biri boʻlgan Samarqand nafaqat “yer yuzining sayqali”, balki zamonlar osha dunyo tartibini belgilovchi qudrat (derjava) poytaxti ham boʻlgan.
Biroq bu muazzam kentning hayoti doim ham ravon kechmagan. Sohibqiron Amir Temur, soʻng uning nabirasi Mirzo Ulugʻbek davri, yana ikki asr oʻtib, XVII asrning birinchi yarmida (oʻsha vaqtda Samarqand Ashtarxoniylar sulolasi hukmron boʻlgan Buxoro xonligi tasarrufida boʻlgan) hokim Yalangtoʻsh Bahodir zamonlarida gullab-yashnagani moziydan maʼlum. Ammo muarrixlar undan keyingi pallalar haqida koʻp soʻzlamaydilar. Buning sababi oddiy: chunki undan soʻng shaharning oʻtmishida tanazzul davri kechgan... Koʻp uzoqqa borish shart emas. XIX-XX asrlardagi avval Chor Rossiyasi, keyin bolsheviklar bosqinida u katta talafotlar koʻrganini barchamiz yaxshi bilamiz. “Tenglar ichra teng” boʻlgan yoki istiqlol tongi otgan ilk yillar ham koʻhna kent tarixida taʼsirchan ahamiyat kasb etmadi.
Sovet hokimiyatining Samarqanddan koʻzlagan maqsadi ancha ustakorlik bilan oʻylab topilgandi: mustabid ideologiya shahar xarobalari va oʻtmishini koʻz-koʻz qilish orqali dahriy va repressiv imperiyani islom va sharq madaniyati homiysi sifatida taqdim etish, undan umumtarix va qadriyatlar vitrinasi — multikulturalizm, yaʼni sovetcha tenglik hamda bagʻrikenglikni koʻrsatish uchun foydalanardi. Mustaqillikdan keyin bu qadimiy kentga boʻlgan eʼtibor boshqa tomonga ogʻdi. Endi unga koʻproq oʻzlikni topish, ruhiyatdagi posttotalitar holatni deformatsiyalash uchun qoʻllaniladigan vosita oʻlaroq yondashila boshlandi. Toʻgʻri, ayni yangilanishlarni shunchaki formal oʻzgarishlar edi, deyish adolatdan boʻlmaydi. Chunki obidalar, qadamjolar, meʼmoriy yodgorliklarni tiklash va obod qilish borasida katta ishlar amalga oshirildi. Ammo bu harakatlar shaharning qadimiy shuhratini tiklash va eng muhimi, uning asriy ruhiyatini qayta uygʻotishdek qudratni namoyon eta olmadi.
Nega? Chunki istak va harakat qanchalik samimiy va koʻlamli boʻlmasin, ularda shaharning tarixiy xotirasi va mohiyatini toʻliq tiklash uchun zarur boʻlgan ichki mazmun va uygʻunlik yetishmadi. Joʻngina aytganda, shonli oʻtmishi, maʼnaviy identligi unga “tarix ikonasi” sifatida qarashdek uzoq yillar ongimizda shakllangan glamur tasavvurlar soyasida qoldi.
Aslida, Samarqandni tushunish, jugʻrofiy ahamiyatini aniqlab olish oʻta muhim edi. Nimaga desangiz, bu koʻhna zamin faqat moziy osori atiqalariga emas, balki uning bagʻrida ming yillardan buyon yashab kelayotgan xalq uchun ham vatan sanalardi. Buni toʻgʻri anglash uchun bizga xiyla uzoq vaqt kerak boʻldi.
Ayni masalada fikr yuritishni bir nafas kechiktirib, diqqatimizni bugungi kunlarga qaytarsak.
Oʻtayotgan oʻn yillik Samarqand hayotida yangi davrni boshlab berdi. Men bugungi maqolada ayni oʻzgarishlarni mufassal sharhlash fikridan yiroqman. Zotan, shaharning hozirgi qiyofasi, u yerda olib borilgan bunyodkorliklar haqida hammamiz yaxshi bilamiz. Bir paytlar Sohibqironning qudratli saltanatiga boshkent boʻlgan, olamni oʻziga mahliyo aylagan, xorijiy sayyohlar va siyosatchilar qadami uzilmagan shahar bugun asl shavkatini tiklayotganini barchamiz sezib turibmiz. Hech mubolagʻasiz aytish mumkinki, uzoq tanaffusdan soʻng u yana dunyo siyosatchilari, iqtisodchilari yigʻilib maslahatlashadigan xalqaro diplomatiya sahnasiga aylandi. Kelayotgan xorijlik mehmonlar, hatto, sayyohlar ogʻzidan ham bir eʼtirofni koʻp eshitish mumkin bugun: “Samarqandga ertaklardagi, tarix kitoblaridagi jozibasi qaytibdi!”.
Endi ayting, odamlardagi taassurotni yangilash, zamonlar yuki monolitday quyib qoʻygan stereotiplarni parchalash oʻz-oʻzidan boʻladi deb oʻylaysizmi?! Iddaomiz bekorga emas. Zotan, shaharning koʻrku tarovati faqat besh-oʻnta meʼmoriy yodgorlik bilan oʻlchanmaydi. Qolaversa, “oʻtmish ruhi” tasavvuri chechan gidlarning maroqli hikoyalari orqali toʻliq shakllanadi deb qarash ham unchalik toʻgʻri emas.
Qadim tarovatni uygʻotish faqat bir amal — koʻhna devorlar, tuproqlar qarida koʻmilib yotgan madaniy ohanglargagina tan. Ularni harakatga keltirish uchun esa tarixiy-ruhiy hayot qatlamini qayta koʻrib chiqish talab etilardi. Yaʼni nafaqat shahar, balki butun yon-atrofdagi madaniy hayotni tubdan oʻzgartirish, ilmiy tilda aytganda, jamiyat hayotini desovetizatsiya — mustamlakachilikning barcha meroslaridan tozalashni nazarda tutardi. Oʻz-oʻzidan ravshanki, bu katta masshtabdagi yumush edi. Shu maʼnoda aytadigan boʻlsak, Samarqandning qayta “oyoqqa turishi” oson kechdi degan odam adashadi.
2001-2003-yillarda shu yoʻldagi mashaqqatli mehnatni men oʻz koʻzim bilan koʻrganman. Aynan oʻsha yillari Shavkat Miromonovich Jizzaxdan bu yerga ishga oʻtgan va ayni masʼuliyatning ogʻir yuki u kishining yelkasiga tushgandi. Bugun baʼzi davralarda ham hayrat, ham taajjub bilan “Yangi hokim ish boshlagan kezlarda idora hududidan falon mashina chiqindi olib chiqqan ekan”, degan gaplar ham ayni davrlarga tegishli. Eshitgan quloqqa garchi lofga oʻxshab tuyulsa-da, haqiqatan, shunday boʻlgan. Boʻlganda ham, u kishi masalaga kechiktirib boʻlmas, eng muhim yumushdek yondashgani hozirgidek yodimda. Oʻshanda mening ham “Shuncha ish turib faoliyatni nega bundan boshladi”, deya ajablangan vaqtim ham boʻlgan. Ammo keyin tushundim. Anglaganim shuki, bu hodisa nafaqat obodonchilik harakati, balki uzoq yillar esdan chiqqan, tuzumlar va siyosatlar nazaridan chetda qolgan, baʼzan esa takabburlik bilan koʻzga ilmay qaralgan ruhiy yangilanish sari solingan bir yoʻl ekan.
Ayni mulohazalarni qatʼiy aytishimning boisi bor, albatta. Chunki Shavkat Miromonovich Toshkent va Jizzaxda boʻlgani kabi bu yerda ham ishni ozodalik va sarishtalikdan boshlagan edi. Esimda, butun viloyat boʻylab boshlangan obodonlashtirish ishlari nafaqat hududlarni, balki odamlar koʻnglini ham yoritib yuborgandi oʻsha kezlarda. Mavzu konteksidan kelib chiqib masalaga falsafiyroq yondashadigan boʻlsak, ayni oʻrinda koʻzdan panada qolayotgan majoziy maʼnoni ilgʻashimiz mumkin: Shavkat Mirziyoyev ushbu ishga jazm qilar ekan, haqli maʼnoda afsonayu rivoyatlar, zafar va gʻalabalar shavqi, shonu shavkati choʻkib yotgan qadimiy va buyuk shahar bagʻrini ham qora oʻtmish gʻuborlaridan poklayotgandek edi. Ha, Samarqandning maʼnaviy qiyofasi, ruhiyatidagi yuksalish aynan shunday boshlangandi, desam hech ham adashmagan boʻlaman. Zotan, har qanday buyuk ishlar, ulugʻvorlik, poklik poydevori ustiga quriladi.
Baʼzi davlatlarga safar qilgan odamlarning “Aeroportdanoq yomon hiddan nafasim boʻgʻilib qoldi, koʻchalardagi axlat uyumlarini koʻrib, koʻnglim aynidi, kayfiyatim buzildi”, deganga oʻxshash hikoyalarini koʻp bor eshitgan boʻlishingiz mumkin. Ha, aslida, bepisand qaraydiganimiz ozodalik shunchaki “roʻzgʻorbop” tushuncha emas, u ruhiyat koʻzgusi, ichki madaniyat ifodasidir.
Aslini olganda, Shavkat Mirziyoyev siyosiy yoʻnalishida men ayni ustuvorlikni bundan ancha ilgari, uni tanigan yillarimdayoq sezganman. Oʻtgan asrning 80-yillari oxirlari, 90-yillari boshida mamlakat siyosiy maydonida paydo boʻlgan yosh yigit harakatchanligi, chechanligi bilan tezda koʻpchilikning eʼtiboriga tushgandi. Oʻrni kelganda bir mushohadam bilan oʻrtoqlashib oʻtishim zarur deb oʻylayman. Oʻqiganlarim va hayot tajribamga tayanib aniq ayta olamanki, bu dunyoda tasodiflar yoʻq. Fikrimni yanada ochiqroq bildiradigan boʻlsam, buyuk shaxsiyatlar oʻzlari haqida birinchi qadamlaridanoq ishora berishadi...
Xalqimizda “Yaratganning nazari tushmasa...” degan magʻzi toʻq hikmat bor. Asrlar davomida oʻz mohiyatini yoʻqotmagan, ota-bobolarimizning falsafadagi determinizm tushunchasiga uyqash ushbu “xulosa”si, haqiqatan, biz odatda tasodif yoki omad, deya taʼriflaydigan voqealar zamirida inson anglab yetmaydigan qonuniyatlar borligini esga solib turadi.
Boʻlmasa ayting, Jizzaxning olis bir qishlogʻida oʻsgan yoshgina yigit Oliy sovetga deputat, poytaxtning markaziy rayonlaridan biriga hokim boʻladi deb kim oʻylagan oʻsha damlar. Holbuki, sovet va undan keyingi dastlabki davrlarda ham “shaharga faqat shaharliklar” deganga oʻxshash mutlaqo asossiz, yozilmagan qoida hukmron edi.
Mayli, rasamadi bilan quyiroqda hali bunga vaqt ajratamiz. Aslida, bosh mavzumiz Samarqand, Shavkat Mirziyoyevning ayni viloyatdagi faoliyati toʻgʻrisida edi. Biroq gapning oʻzani sal nariroqqa, u kishi ijtimoiy-siyosiy hayotga kirib kelgan ilk damlarga burilib ketdi. Ehtimol, bunda ham bir hikmat bordir. Zero, mohiyatni anglash uchun, avvalo, uning zamiriga nazar tashlash lozim, deyishadi-ku ulugʻlarimiz.
II
Favqulodda qobiliyatli odamlarga yashash va ishlash hamma zamonlarda ham oson kechmagan. Masalan, gʻayrat-shijoati, dunyoqarashi va gʻoyalari jamiyatdagi anʼanaviy tushunchalardan farq qiladigan, olmon faylasufi Immanuil Kant taʼbiri bilan aytganda, odatdagidan ilgʻorroq “aql” atrofni ilhomlantirish bilan birga tevarakdagilarda yetarlicha xavotir ham uygʻotishi mutlaqo bor gap. Bunga tarixiy-siyosiy adabiyotlardan koʻp misollar keltirish mumkin. Biroq omadim shundaki, ayni hodisani men kitob yoki arxiv hujjatlarida emas, oʻz hayotimda koʻrganman.
U kishini hali institutda ishlayotgan kezlaridanoq bilardim. Chunki “gorkom”dagi ish faoliyatim avvaliga aynan fan va oʻquv muassasalari, keyin ham shunga yaqin — mafkuraviy yoʻnalish bilan bogʻliq edi. Ochiq aytaman, oʻsha kezlar harakatchan, koʻzidan oʻt chaqnab turadigan, oʻta tarbiyali va yoshiga nisbatan xiyla mulohazali bu yigitga ortiqcha eʼtibor bermaganman. Nazdimda, u oddiy bir oliy oʻquv yurtining ilmiy xodimi, nari borsa, navqiron pedagog-ziyoli edi. Uning men, qolaversa, shahar jamoatchiligi va yuqori elitaning tasavvurlarini toʻzgʻitib yuborgan, umumsiyosat sahnasida Shavkat Miromonovich degan har tomonlama hurmat-eʼtiborga sazovor ism-sharif bilan hisoblashishga majbur qilgan davri 90-yillar boshiga toʻgʻri keladi.
Oʻshanda Mixail Gorbachyovning hamma yoqni ostin-ustun qilgan “qayta qurish va oshkoralik” zamonlarining soʻnggi yillari, olatasir, birov birovni eshitmaydigan, hamma gapiradigan davrlar edi. Aynan oʻsha yili Respublika oliy soveti deputatligiga saylovlar boʻlib oʻtadi. Endigina 33 yoshga kirgan, poytaxt hayoti, hokimiyatning shafqatsiz “oʻyinlari”ni hali ich-ichidan bilmagan yoshgina yigit oʻz nomzodini xalq vakilligiga qoʻyadi.
Shundaygina koʻz yugurtirib oʻqiganda silliq oʻtib ketadigan bu gaplar juda murakkab vaziyatni ifoda etadi, aslida. Chunki nomzodlar ancha nomdor, tajribali, bundan-da muhimrogʻi, hukmron siyosiy ayonlarga yaqinroq (ochiq aytganda, u kishidan boʻlak bari “tanlangan”lar) edi. Keling, daʼvomiz asossiz boʻlmasligi uchun oʻsha yili Shavkat Miromonovich bilan “siyosiy marafon”ga kirgan faollar nomini sanaymiz. Shu oʻrinda eslatib oʻtay, asosiy saylovga kirguncha talabgorlar sakkiz kishi boʻlgan. Chigʻiriqdan esa uch kishi oʻtadi. Bular oʻsha yillardagi Toshkent militsiya oliy maktabi (hozirgi IIV akademiyasi) rahbari Nikolay Ivanovich Ojiganov, Oʻrta Osiyo irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti (maʼlumot uchun aytay, oʻsha vaqtlarda bu dargoh nafaqat mintaqada, balki butun ittifoqda ilmiy-amaliy salmoqqa ega edi) direktori Viktor Abramovich Duxovniy...
Tabiiyki, bular orasiga mahalliy miqyosdagi institut oʻqituvchisi, buning ustiga “yuqori” hali yetarlicha bilmagan yosh yigitning qoʻshilib qolishi koʻpchilikni ajablantirdi. Baʼzilar buni shunchaki rasmiyatchilik uchun qoʻyilgan qadam deb oʻylagan boʻlsa, birovlar kibrini ochiqcha koʻrsatib, mugʻombirona jilmaydi: “Kecha qishloqdan kelgan bolaga bunday jiddiy tadbirda nima bor ekan?”.
Eʼtirof etish kerak, ularning iddaosida jon bordek edi. Nega desangiz, nomzodlari qoʻyilganlar orasidagi Ojiganov huquq-tartibot, qolaversa, respublika ijtimoiy-siyosiy hayotida ancha eʼtiborga ega odam boʻlgan. Duxovniy esa, boya qavs ichida alohida atay izoh berganimdek, nafaqat Oʻzbekiston, balki ittifoq miqyosida katta qudratga doxil ayon oʻlaroq mutlaq gʻoliblikka haqlidek tasavvur uygʻotardi. Chunki uning qoʻlida muhim dastak — irrigatsiya va suv masalalari jamlangandi.
Yaxshi bilasiz, oʻsha davrlar butunlay agrar tarmoqqa “oʻtirgʻizilgan”, “kindigi bir” mintaqa respublikalari uchun bu soha hayot masalasi edi, goʻyo. Shuning uchun Duxovniy egallagan martaba taʼsiri nafaqat Lenin (bugungi mustaqillik) maydoni biqinidagi SK (Sentralnыy Komitet — Markaziy Qoʻmita) binosining serhasham hujralarida, balki bizga qoʻshni boʻlgan barcha respublikalarni “mahv” etib, shimolda joylashgan “markaz”ning qirmizi gumbazli saroylarida ham tantanali tarzda aks sado berib turardi. Shu sabab saylovchilar uchun ham, shunchaki vaziyatni kuzatib turgan tomoshatalab odamlar uchun ham natija qiziq edi. Yakun shunday boʻldiki, toʻliq oshkoralik va erkinlik asosida oʻtgan saylovda Shavkat Mirziyoyev raqiblaridan katta farq bilan ustun keldi...
Albatta, shu oʻrinda savol tugʻiladi: qatoridagi siyosiy qudratga, obroʻ va martabaga ega boʻlgan nomzodlarni u kishi qanday ortda qoldirib, deputatlik maqomiga erishdi?
Men ashaddiy fatalist emasman. Biroq yuqorida keltirganimdek, ota-bobolarimizdan meros “taqdir”, “peshonasiga bitgan” degan azaliy tushunchalarni toʻliq inkor ham etolmayman. Qolaversa, u kishining gʻolib boʻlishida tabiatidagi shiddat, harakatchanlik va insonlarga boʻlgan cheksiz mehr, noyob odamgarchilik xislati ham asos boʻldi deb oʻylayman. Chunki u institutda faoliyat yuritayotgan oʻsha damlarda ham tumanda faol sifatida yaxshi tanilgan, mahallalar ahli, talabalar mehrini qozonib ulgurgan edi.
III
Yuqorida bir mulohazani boshlab, davom ettirishni ortga surgandik. Nazarimda, endi uning mavridi keldi. Sovet davrida garchi “biz katta bir oila” degan balandparvoz shior ustuvorlik kasb etgan boʻlsa-da, bu chaqiriqqa nisbatan skeptik qarash yoʻq emasdi. Deylik, “ogʻa-ini”larning har birida, garchi pinhona boʻlsa-da, oʻz manfaati yoki ijtimoiy-siyosiy identligini yuqoriroq qoʻyishga, barcha imtiyozu ragʻbatlarga, avvalo, ular haqli ekanini isbotlashga tiyiqsiz urinish istagi bor edi. Ayni shu “xususiyat” milliy respublikalar ichida ham koʻzga tashlanardi. Boshqalarni chetga surib, oʻzimiz haqimizda gapiradigan boʻlsam, oʻsha davrlarda kim qaysi viloyatdan, vohadanmi, vodiydanmi, sal pastroqqa qarab tushsang, rayonma-rayon, urugʻ-aymoq surishtirish, xullas, hokimiyat iyerarxiyasi shakllanishida ochiq aytilmasa-da, shunday oʻlchovning borligini tamoman inkor qilib boʻlmasdi. Shavkat Miromonovichning deputatlik saylovlarida va undan keyin, 1992-yilda Mirzo Ulugʻbek tumaniga hokim boʻlishida ham bu sezilgan.
Masalaga kengroq yondashganda, aslida, xalq tilida soddagina qilib “mahalliychilik” deyiladigan, ammo jiddiyroq qarasangiz, qaysidir maʼnoda ijtimoiy diskriminatsiyaga ham oʻxshab ketadigan bu xavfli qusur nafaqat Toshkent, balki umumjamiyatimizga xos xavfli illat edi. Oddiy tushuntirganda, Qashqadaryoga qashqadaryolik, Buxoroga buxorolik, Namanganga faqat Namangandan chiqqan kadrgina rahbar boʻlishga munosib, degan xalqni boʻlib tashlashga, birlik va yakdillikka raxna soluvchi qarash edi bu.
Men aniq bilmayman, bunday radikal kayfiyat, qarash bizda qachon paydo boʻlgan?.. Ehtimol, uning shakllanishi oʻtgan asr boshlariga borib taqalar. Bilmadim. Har qalay, kommunistlarning oʻsha yillari “milliy respublikalar va millatlarni “yaratish” siyosati” oldin na etnik va na hududiy ixtiloflarga borgan turkistonliklar oʻrtasida oʻziga xos ayirmachilikni keltirib chiqargani bor gap. Tabiiyki, boʻlib tashlab, boshqarish ularning manfaatiga mos edi. Jumladan, oʻlkadagi milliy kelishmovchiliklar — hudud va madaniy meros, etnos yoki etnogenez atrofidagi “gʻijillashish”lar pinhona davom etarkan, bundan “markaz” atay koʻz yumardi. Chunki hamjihatlik va ruhiy yaqinlikning yoʻqligi mintaqaga doimiy ojizlik baxsh etib turishini ular yaxshi tushunishardi. Biroq sovetlardan oʻzlashtirilgan salbiy tajriba, “boʻlib tashlab idora qilish siyosati”, garchi zararimizga boʻlsa-da, bizda kechagacha davom etdi. Xususan, mustaqillikdan keyin ham viloyatlar va hatto tumanlarni bir-biridan ajratib turadigan “blok post”lar qoʻyilganini nima bilan izohlash mumkin. Ammo Shavkat Miromonovichning poytaxtda muhim siyosiy personga aylanishi masalasi, yuqorida ishora qilganimizdek, bundan ham jiddiyroq oqibatlarni keltirib chiqargan, dangal aytganda, koʻplab oʻzini eng muhim ayon deb hisoblovchi mahalliy “zodagon”larni bezovta qilgandi. Albatta, uzoq davrlardan beri bir maromda ketayotgan “ish”lar dinamikasi birdan oʻzgarsa, tabiiy ravishda xotirjamlik yoʻqoladi. Bu behalovatlikning qat-qatida hasad ham bor edi. Biroq men buni katta ayb sifatida qoralamayman. Zotan, hasad ham nafsga bogʻliq. Nafs esa hammamizda bor.
Hatto bashariyat daholari deb ardoqlaydigan buyuklarda ham hasad boʻlgan. Masalan, nainki rus xalqining, balki insoniyat oliy tafakkurining daholaridan biri Lev Tolstoy oʻz zamondoshi buyuk adib Fyodor Dostoyevskiyni kunlagani (mavqe qizgʻonish, rashk qilish) haqida koʻp xotiralar bor. Deylik, u koʻp maqolalarida Dostoyevskiyni “tilning rasvosini chiqargan”likda ayblaydi. Bundan ham achchiqrogʻi, Maksim Gorkiy xotiralarida keladi. Unda Tolstoy shunday deydi: “Dostoyevskiy oʻzining jinni qahramonlaridan birini oʻzi ishonmagan maqsadga xizmat qilgani uchun, oʻzidan va boshqalardan oʻchini olish uchun yashaydi deb yozadi. Bu gapni u oʻzi haqida yozgan, u oʻzi haqida xuddi shunday deyishi mumkin edi...”.
Xullas, hasad masalasi umuminsoniy, tabaqalarga boʻlinmagan bir tuygʻu deyishimiz mumkin. Qolaversa, bu yuqorida aytganimdek, unchalik kechirilmaydigan qusur ham emas. Ammo ochiq dushmanlik bu noinsoniylik belgisi. Shavkat Miromonovich Mirzo Ulugʻbek tumaniga hokim boʻlganida bunday nomardlarcha qilingan harakatlar, dushmanona fitnalarga koʻp bor roʻbaroʻ kelgandi (oʻsha paytlari shaharning Sobir Rahimov tumanida hokim boʻlganim uchun bu voqealardan yaxshi xabardor edim).
Xalq orasida ancha ommalashib ketgan, u kishining oʻzlari ham bir necha bor kulib eslagan “Ulugʻbek haykali” haqidagi hangoma shulardan bittasi, xolos. Aslida, kimning “ijod”i boʻlsa ham, bu oʻta puxtalik bilan oʻylangan ish edi. Ertalab davlat rahbari xorijlik mehmon bilan birga gulchambar qoʻyishi kerak boʻlgan monumentning boshini olib ketish... Chuqurroq oʻylasangiz, ayni buzgʻunchilik tashabbuskorlari topilmalari zamiriga “siyosiy majoz”ni ustakorlik bilan berkitishgan: Mirzo Ulugʻbek boshining kesilishi aslida shaxsan Shavkat Mirziyoyev siyosiy faoliyatiga qilich sermash edi...
Albatta, shuncha gapdan keyin haqli bir savol oʻrtaga chiqadi: Mirziyoyevga qilingan kinli munosabatning boisi nima edi, uning viloyatdan ekanimi?! Yoʻq, bu yerda, hali aytganimdek, undan-da jiddiyroq sabab ham bor edi. Motiv shundayki, poytaxtning Mirzo Ulugʻbek tumaniga tayinlangan yosh hokim shahar ijtimoiy-iqtisodiy hayotini oʻz gʻayrati, bilim va iqtidori, noyob qobiliyati bilan favqulodda “uygʻotib” yuborgan va bu koʻpchilikni sergak torttirgandi. Bugun aksariyat toshkentlik faollar, oʻsha mahallar faoliyati shahar hayoti bilan bogʻliq boʻlgan, yuragi toza, vijdoni uygʻoq faxriylar madaniyat, orastalik, saranjomlik va bunyodkorlik zavqi bilan ishlash va yashash borasidagi koʻp tajribalarni aynan Shavkat Mirziyoyevdan oʻrganishganini ochiq tan olishadi, eʼtirof etishadi. Sababi, mahalla va koʻchalar, xiyobonlar goʻzalligi, odamlarni ulugʻ maqsadlar sari birlashtira olish bobida ushbu tuman nafaqat Toshkentda, balki mamlakatda eng oldingi safda edi.
IV
Oʻzi umuman bugungi aytmoqchi boʻlgan gapimiz Samarqand va Samarqand ruhiga qayta “jon bagʻishlanishi” haqida edi. Lekin u yerdagi qilingan ishlar, Shavkat Mirziyoyevning qalbidagi jasorat, Vataniga, oʻz tarixi va millatiga boʻlgan soʻngsiz mehr-muhabbatni ochib berish uchun yuqoridagi hikoyalarni ham aytib oʻtish kerak edi deb oʻyladim. Zotan, u kishining shaxsiyati oʻz-oʻzidan osmondan tushgandek paydo boʻlib qolgani yoʻq. U bugungi mavqei — xalqining sevimli Prezidentiga aylangunicha qancha zahmat chekdi, ne-ne balo-qazolardan omon chiqa oldi. Bu Yaratganning biz uchun buyuk bir tuhfasi, albatta.
Endi asosiy mavzu — Prezidentimizning Samarqandda amalga oshirgan ishlari, u yerdagi faoliyati haqida bafurja gaplashsak. Negaki u kishining ayni shu viloyatdagi faoliyati, tajribasi mamlakatimizning bugungi istiqboliga tagzamin boʻldi, desam, adashmagan boʻlaman.
V
Oʻrta asrlarda “Gʻarbda Rim, Sharqda Samarqand” degan taʼrif paydo boʻlganini hammamiz yaxshi bilamiz, bundan faxrlanib yuramiz. Ammo yuqorida aytib oʻtganimizdek, bu qadimiy kent ham xuddi inson taqdiridek murakkab yoʻlni kechib oʻtgan.
Birgina misol, garchi 2001-yilda Samarqandning meʼmoriy-tarixiy yodgorliklari YUNESKOning Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgani shaharning xalqaro maqomini yana bir bor tasdiqlagan boʻlsa-da, oʻsha davrdagi real manzara uning shuhratiga soya solib turar, xalqaro tashkilotning eʼtirofi esa shunchaki uning yoshi va shonli oʻtmishiga koʻrsatilgan hurmat ramzidek taassurot qoldirardi. Infratuzilmani qoʻyib turaylik, oddiygina maishiy madaniyat degan matoh ham shahar hayotiga begonadek edi.
Viloyat iqtisodiyoti ham xuddi shunday ogʻir ahvol — tanazzulda edi. Sanoat va tadbirkorlik rivojlanmagan, qishloq xoʻjaligida yillar davomida yigʻilgan muammolar anʼanaviy tus olgandi. Eng achinarlisi, 4 millionga yaqin aholining atigi 7 foizi tadbirkorlik bilan shugʻullanardi. Va ayni koʻrsatkich, taassufki, hudud iqtisodiyotining ichki imkoniyatlari toʻliq ishga solinmaganidan, aholining tadbirkorlik va biznes rivojiga boʻlgan ishonchi soʻnganidan ham darak berardi.
Ana shunday murakkab bir pallada Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyati hokimi etib tayinlandi. U oʻsha paytdayoq yaxshi anglagan ediki, bu nafaqat taqdirning siylovi, balki viloyatda olis davrlardan toʻplanib qolgan ijtimoiy-iqtisodiy “meros” qarshisidagi sinov ham edi. Shu sabab u koʻpchilikka oʻxshab ishni kabinetdagi majlislar yoki “telefon boshqaruvi” amaliyotlaridan emas, toʻgʻridan toʻgʻri odamlar orasiga kirishdan boshladi.
Tushunmovchilik boʻlmasligi uchun bir gapni aytib oʻtay. U kishining ishlari, faoliyatini xuddi yonida turganday hikoya qilishimning sababi bor. Chunki Shavkat Miromonovich viloyatga tayinlangan ilk damlar va undan keyin ham men deyarli doimo yonlarida, hamnafas boʻlganman. Shuning uchun aniq eslayman, yangi rahbar ilk ish kunini Samarqand xalqaro aeroportidagi holatni koʻzdan kechirishdan boshladi (ehtimol, bugun shahar koʻrkiga koʻrk qoʻshib turgan yangi aeroport qurilishi shu mahallar u kishining koʻnglidan oʻtgandir.) Oʻshanda bir guruh faollar hamrohligida yoʻl-yoʻlakay koʻchama-koʻcha, mahallama-mahalla piyoda aylanib, hududning haqiqiy ahvoli, odamlarning kundalik dardu tashvishlarini bevosita sinchiklab oʻrgandi.
Natijada shahardagi koʻp yillik loqaydlik va eʼtiborsizlik oqibatida yigʻilib qolgan turli muammolar birma-bir yuzaga qalqib chiqdi. Ayniqsa, viloyatning ogʻir ekologik holati, koʻchalar, mahallalar va jamoat joylarida uyulib qolgan chiqindilar Samarqandni tozalash va obod qilish ishlarini biror kun ham kechiktirib boʻlmaydigan vazifaga aylantirgandi. Mubolagʻasiz aytganda, ahvol, boya oʻzim soʻzim davomida shahar gigiyenasi bobida kesatgan, tanishlarimiz safar taassurotlaridagi mamlakatlarnikidan pesh emasdi. Shu bois, bu borada jiddiy “kurash” boshlandi. Bugun obodlik va ozodalik bobida ibrat namunasiga aylanib ketgan hodisa — birgina viloyat hokimligi va uning atrofidan qariyb 70 ta yuk mashinasida chiqindi olib chiqilgani vaziyatning nechogʻliq ayanchli tus olganini tasdiqlab turardi.
Bu hali hammasi emas edi. Ahvol shu darajaga yetib borgandiki, mavjud kuch va texnika bunday keng koʻlamli obodonlashtirish ishlari, qolaversa, maqsadni toʻliq amalga oshirish uchun yetarli emasligi ayon boʻldi. Ana shunda shahar hududi sektorlarga boʻlinib, har bir mahalla va koʻchaga aniq masʼullar biriktirildi. Keyinchalik butun mamlakat miqyosida joriy etilgan “Sektor tizimi”ning dastlabki namunasi aynan shu jarayonda shakllandi.
Xullas, yillar davomida qoʻqim (chiqindi) bosib ketgan koʻchalar va mahallalar qisqa vaqt ichida yangicha qiyofa kasb eta boshladi. Eng muhimi, oʻzgarishlar faqat markaziy koʻchalar yoki viloyat markazi bilan cheklanib qolmadi. Ilgari hech bir rahbar qadam bosmagan chekka hududlar, eʼtibordan panada qolgan mahallalar ham yangilanish jarayoniga “tortildi”.
Koʻpchilik yaxshi biladi, shahar biqinidagi Fidoyilar va Sarbadorlar kabi mahallalarda azaldan shu yerlik aholi “loʻlilar” deb ataydigan yurtdoshlarimiz istiqomat qilishadi. Garchi mavzudan chiqsam-da, gapim tushunmovchiliklar keltirib chiqarmasligi uchun ochiq aytib qoʻyay: tashqaridan qaraganda, insonga nisbatan goʻyo kamsitish yoki milliy ayirmachilikka oʻxshab tuyuladigan taʼrif aholi orasidagi mutlaqo hayotiy munosabat aslida. Chunki xalqimiz biror ijtimoiy jamoaning “kim”ligini ifodalash uchun “qozoqlar”, “qirgʻiz”, “tojik” yoki yanada traditsional qatlamga oʻtadigan boʻlsak, “qoʻngʻirotlar”, “barloslar” degan etnik tushunchalarni bajonidil qoʻllaydi va bu ayb ham, haqorat ham hisoblanmaydi. Ayni konseptdan kelib chiqsak, loʻlilar ham hammamiz qatori shu yurtning farzandlari sanaladi. Shu oʻrinda men aytmoqchi boʻlgan fikr bu mulohazalardan anchagina farqli, yaʼni Shavkat Miromonovichning insonparvarligi, odamlarga boʻlgan yuksak hurmati, mehri bilan bogʻliq masaladir. Samarqandni bilgan odamlar yaxshi xabardor, bu mahallalarda yashovchi aholida shu paytgacha na tugʻilganlik haqida guvohnoma, na pasport boʻlgan. Ochigʻi, ushbu amaliyotni amalga oshirish haqida kimdir oʻylab koʻrganiga ham shubha bor. Shavkat Mirziyoyev esa ularga qonuniy tarzda shaxs, yashash va mol-mulk huquqini beruvchi guvohnoma va pasport berish tizimini yoʻlga qoʻydi. Ushbu yurtdoshlarimiz ham vatanimizning chin fuqarolari boʻlish sharafiga muyassar boʻlishdi. Mahallaning maktab ostonasini koʻrmagan bolalari ilm dargohlariga jalb qilindi. Aholining idorama-idora yurib sarson boʻlishiga sabab boʻlgan ogʻriqli muammolari yugur-yugursiz aynan shu yerning oʻzida hal etildi.
Bir soʻz bilan aytganda, odamlarning dardini eshitish, muammoni joyida hal qilish, eng muhimi, “Davlat — xalq uchun” degan ezgu tamoyil — ana shu davr boshqaruvining asosiy mezoniga aylangandi.
VI
Eslatib oʻtganimizdek, Samarqand faqat “Samarqand”dangina iborat emas. Ushbu toponim faqatgina meʼmoriy artifakt yoki madaniy merosdan tashqari, shu diyorda ming yillardan buyon yashab kelayotgan millionlab odamlar — samarqandliklar va ularning hayotini ham ifoda etadi. Shundan kelib chiqib gapiradigan boʻlsak, viloyat maʼmurchiligi haqida ham alohida toʻxtalish kerakligini anglab yetamiz. Chunki koʻhna shaharga nur va shukuh beradigan eng muhim sifat — xalqning kayfiyati, turish-turmushidan rozilik alomati boʻlgan, koʻzlaridagi quvonch va shodlik uchqunlaridir. Ayni nuqtayi nazardan olib qaraganda, ijtimoiy-iqtisodiy sohani isloh qilish ham oʻta dolzarb, ortga surib boʻlmaydigan vazifa edi viloyatda. Nimagaki, hududdagi oʻlda-joʻldalik, samarasiz qaror va topshiriqlar, tashabbuslar odamlarni ishdan bezdirgan, davlat va umumsiyosatga ishonchini susaytirgandi. Shavkat Mirziyoyev kelganidan taxminan bir yil oʻtib, aniqrogʻi, 2002-yilning birinchi choragida viloyat iqtisodiyotida keskin ijobiy oʻzgarishlar koʻzga tashlandi: sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 107,3 foizga, xalq isteʼmoli mollari esa 112 foizga bajarilib, barqaror oʻsish surʼatlari qayd etildi. Albatta, bu natija ortida odamlarning qayta uygʻongan ishonchi, boshqaruvga nisbatan tiklanayotgan umidi yotardi. Biroq viloyatning asosiy drayveri boʻlgan qishloq xoʻjaligidagi ahvol hamon murakkab edi: yer unumdorligi, yaʼni bonitet darajasi keskin pasayib, ayrim hududlarda 10 ballgacha tushib ketgani hosildorlikka keskin taʼsir koʻrsatgandi.
Ayni vaziyatdan chiqish uchun Shavkat Mirziyoyev masalaga ilmiy va amaliy nuqtayi nazardan yondashdi. U kishining tashabbusi bilan koʻpni koʻrgan oqsoqollar, chuqur bilim va tajribaga ega mutaxassislar hamda dehqonlardan iborat “Maslahat kengashlari” tuzildi.
Tashqaridan qaraganda, ortiqcha dovruqsiz bu tashabbus viloyat hayotida tub burilish yasadi. Negaki, xalq tajribasi va koʻmagiga asoslangan ayni tuzilma davlat bilan xalq oʻrtasida uzilgan rishtalarni tikladi. Boshqacha aytganda, ushbu mexanizm yerga boʻlgan munosabatni qayta koʻrib chiqish, mavjud muammolarni joyida tahlil qilish va aniq yechimlar ishlab chiqishda muhim omil boʻldi. Shu yondashuv orqali yer unumdorligini tiklash — ilmiy hisob-kitoblar va amaliyot uygʻunligida hal etila boshlandi.
Mavjud imkoniyatlarni toʻliq safarbar qilish natijasida har gektar suvli yerga 20,5 tonnadan mahalliy oʻgʻit berish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Oradan qisqa vaqt oʻtgach, bu ishlarning ijobiy samaralari yaqqol koʻrina boshladi — tuproqning biologik holati yaxshilanib, yerning tabiiy unumdorligi asta-sekin tiklandi.
Islohotlarning navbatdagi bosqichida hududlarning tabiiy-iqtisodiy imkoniyatlaridan kelib chiqib, ularni ixtisoslashtirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Bu esa, oʻz navbatida, har bir tumanning oʻziga xos salohiyatini ochish va qishloq xoʻjaligi samaradorligini oshirishda muhim strategik qadam boʻlib xizmat qildi.
Jumladan, Toyloq tumani gʻallachilikka ixtisoslashtirilib, shaxsan viloyat rahbarining tashabbusi va qoʻllab-quvvatlovi bilan Ukrainadan serhosil bugʻdoy urugʻlari olib kelindi hamda sinovdan oʻtkazildi. Natijada gektaridan oʻrtacha 50 sentnergacha hosil olinishiga erishildi.
Samarqand tumanida ilgari eʼtibordan chetda qolgan toshloq va unumsiz yerlar oʻrnida zamonaviy intensiv bogʻlar barpo etildi. Bu tashabbus hudud qiyofasini oʻzgartiribgina qolmay, qishloq xoʻjaligida qoʻshilgan qiymatni ham sezilarli darajada oshirdi.
Ishtixon va boshqa tumanlarda mahsulotlarni saqlash va bozorga uzluksiz yetkazishni taʼminlash maqsadida zamonaviy muzlatkichli omborxonalar qurildi. Bu esa sarxil mahsulotlar yoʻqotilishini kamaytirib, fermerlar daromadini oshirishga xizmat qildi.
Shavkat Mirziyoyev tomonidan oʻsha yillarda qishloq xoʻjaligida asos solingan tizimli yondashuv keyinchalik viloyat agrar tarmogʻining muvaffaqiyat garoviga aylandi, desam, ayni haqiqatni aytgan boʻlaman. Zero, bir vaqtlar qatqaloq yerga aylangan, hosildorligi past dalalarning yashil boqqa doʻnishi, bu shunchaki agrotexnik tadbirlar samarasi emas, balki dehqon va fermerlar koʻngliga yoʻl topishning oʻziga xos ifodasi boʻldi.
Aytish oʻrinliki, ushbu islohotlar doirasida yana bir ogʻriqli muammo — hududlarni obihayot bilan taʼminlash masalasi ham kun tartibiga chiqdi. Sir emas, bir vaqtlar Qoʻshrabot tumanidagi minglab gektar yer maydonlarining “taqdiri” butunlay yogʻingarchilikka bogʻliq edi. Hatto ayrim vaqtlarda lalmikor yerlar suvsizlikdan qaqrab, tuproq yorilib ketar, dehqonning mashaqqatli mehnati behuda sarf boʻlganini koʻrib, odamning beixtiyor ichi achirdi. Ammo oldingi rahbarlarda ham shunday kuyinish tuygʻusi boʻlganmi, yoʻqmi, buni bilmadimu yangi hokim buni koʻrib chidab turolmagani bor gap. Aynan oʻsha yillari Shavkat Mirziyoyevning qatʼiy irodasi va uzoqni koʻzlab yuritgan siyosati tufayli hududda sel suvlari toʻplanadigan “Oqchopsoy” suv omboriga tamal toshi qoʻyildi. Shu bilan birga, tabiiy manbalar va mavsumiy sel suvlaridan oqilona foydalanish maqsadida “Oqtepasoy” suv omborini barpo etish gʻoyasi ham ilgari surildi. Ushbu tashabbuslar minglab gektar lalmikor yerlarni obihayot bilan taʼminlash, unumdorligini oshirish va hudud qiyofasini tubdan oʻzgartirishga qaratilgan muhim strategik qadam sifatida tarixiy ahamiyat kasb etdi.
VII
Azal-azaldan suv baraka va farovonlik ramzi sifatida eʼzozlanib kelingan. Ehtimol, shu bois, xalqimiz u bilan bogʻliq koʻplab ibratli rivoyatlar toʻqigan, buloq va chashmalarga muqaddasot sifatida taʼrif bergan. Shuning uchun ham Samarqand viloyati ahlining Sangin-Chashmasiyob, Sangarason-Navodon, Obirahmat, Obimashat kabi buloqlar va jilgʻalarning zilol suvlaridan bahra olgan inson “gunohlaridan poklanadi”, degan mulohazalariga hech kim shubha bilan qaramaydi, balki oqayotgan suvdan qonib ichishga intiladi.
Ammo ming afsuski, oʻz vaqtida mahalliy siyosatda tarixiy va odamlar aziz bilgan bunday buloqlarni asrab qolish u yoqda tursin, shahar aholisini oddiy ichimlik suv bilan taʼminlash ham eng ogʻriqli muammoga aylandi.
Yillar davomida eʼtibordan chetda qolgan suv quvurlari chirib, xizmat muddatini oʻtab boʻlgan, ularni zudlik bilan yangilash ham dolzarb ahamiyat kasb etgandi. Qolaversa, shaharda aholi nufusi kun sayin oʻsib, mavjud imkoniyatlar odamlar ehtiyojini qoplay olmay qolgandi. Viloyatning yangi rahbari obihayot taʼminoti tizimini isloh qilish, koʻhna kentning “qon tomirlari”ga qayta jon bagʻishlash yoʻlida ham qatʼiy qadamlar tashladi — aholi toza ichimlik suvdan muammosiz bahramand boʻla boshladi.
Bundan tashqari, toza ichimlik suvni 3-4 kilometr masofadan tashib ichgan Nurobod tumanidagi Sazagʻon, Tepaqul va Oqsoy qishloqlari aholisiga yangi suv quduqlari qazilib, ularning obihayotga boʻlgan talabi va ehtiyoji qondirildi. Bu jarayon, oʻz mazmun-mohiyatiga koʻra, viloyat ahlining turmush farovonligini yuksaltirish, inson qadrini ulugʻlash va odamlarning yuziga tabassum ulashish yoʻlidagi muhim islohotlardan biri boʻldi.
VIII
Hammamizga maʼlum, Shavkat Mirziyoyev Samarqandda koʻp muddat qolmadi: umumiy hisobda ikki-uch yil. Biroq u kishi qoldirgan iz, anʼanalar mudom oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan. Yaxshi eslaymiz. Bir vaqtlar mamlakatimizda taʼlim sohasida turli islohotlarga qoʻl urildi, majoziy aytganda, boshimizni toʻgʻri kelgan devorga bir-bir urib chiqdik. Shunday bilarmonliklarimizdan biri “kollejbozlik” siyosati edi. Biz ushbu “taʼlim strategiyasi”ga shu qadar berilib ketdikki, ilhomimiz tiyiqsizligidan, hatto, oʻn-oʻn besh chaqirim atrofida birorta uy boʻlmagan dashtu dalalarga ham uch-toʻrt qavatli kollejlar barpo qilib tashladik.
Oqibati nima boʻldi? Buni aytmasam ham barchamiz yaxshi tushunamiz, anglaymiz. Bu yerda eng ogʻir yoʻqotish oʻrta taʼlim tizimi sohasida boʻldi. Maktablar qurilishi, ularga boʻlgan eʼtibor keskin tushib ketdi. Hamma joyda boʻlgani kabi buning ogʻriqli oqibatlari Samarqand viloyatida ham koʻrindi. Hududdagi qariyb 1050 ta maktabning ahvoli achinarli darajaga kelib qoldi. Yaʼni ularning deyarli uchdan bir qismi kapital taʼmirga muhtoj, tomlaridan chakka oʻtar, devorlarini zax bosgan, sinfxonalari esa oʻquvchilar taʼlim olishi uchun mutlaqo yaroqsiz holda edi.
Bu holat yurt kelajagi, millat taqdirini oʻylaydigan har qanday odam koʻnglini tashvishga solishi tabiiy edi. Shu bois, Shavkat Mirziyoyev faoliyatining toʻrtinchi kunidayoq Pastdargʻom tumanidagi 72-maktabga bordi. U yerdagi manzarani koʻrib, har qanday insonning yuragi larzaga kelishi tayin edi: xom gʻishtdan qurilgan, tomsuvoqli, sovuq kunlarda isitish imkoni boʻlmagan bu xaroba maskanda 200 nafar bolajon taqdirning achchiq sinoviga dosh berib, ilm olardi...
Moliyaviy imkoniyatlar cheklangan, mahalliy byudjet degan tushunchalar xuddi siyosiy latifadek tuyiladigan ogʻir bir sharoitda viloyat hokimi ayni vaziyatdan chiqishning eng tezkor va maqbul yoʻlini topdi — boʻsh turgan qurilish tashkiloti binosini maktabga moslashtirish tashabbusini ilgari surdi. Bu favqulodda qaror oʻsha vaqtdayoq Shavkat Mirziyoyevning “yoʻq”dan “bor” qila olish qobiliyatini namoyon etgandi.
Bino qisqa fursat ichida chinakam oʻquv maskaniga aylantirildi va qish ostonasida oʻquvchilar ilk bor issiq va yorugʻ sinf xonalariga koʻchirildi. Ushbu ezgu tashabbusning mantiqiy davomi sifatida esa 2002-yilda shu hududda muhtasham, ikki qavatli yangi maktab binosi qad rostladi. Bugun oʻsha joy oʻrnida barpo etilgan zamonaviy, barcha sharoitlarga ega taʼlim dargohida 700 nafarga yaqin oʻgʻil-qiz bilim olmoqda.
Shu oʻrinda men eʼtiboringizni muhim bir nuqtaga qaratmoqchiman. Shavkat Mirziyoyev moliyaviy imkoniyatlar cheklangan, maktablar “kollejbozlik siyosati” soyasida qolib ketgan zamonlar taʼlim tizimini qoʻllab-quvvatlashning oʻziga xos yangi tizimi — “yordamchi xoʻjalik” modelini joriy etdi. Unga koʻra, maktablar qoshida homiylik va tashabbuskorlik asosida yordamchi xoʻjaliklar tashkil qilindi. Ulardan tushgan mablagʻlar bevosita taʼlim muassasalarini obodonlashtirish, infratuzilmasini yaxshilash hamda oʻquv muhitini yuksaltirishga yoʻnaltirildi.
Bunday noanʼanaviy, ammo xalq manfaatini koʻzlagan amaliy qarorlar tufayli qisqa vaqt ichida viloyatdagi yuzlab maktablarning moddiy-texnik bazasi yangilanib, eski va xarob maktablar oʻrnida mutlaqo zamonaviy qulay va barcha shart-sharoitlarga ega taʼlim muassasalari qad rostladi.
Ayniqsa, shunday oqilona yondashuv tufayli Samarqandning turli goʻshalarida qad rostlagan 20 dan ortiq sport inshootlari, sobiq “Remzavod”ning tashlandiq hududi oʻrnida barpo etilgan Olimpiya zaxiralari sport maktabi hamda “Yoshlar markazi” minglab oʻgʻil-qizlarning orzulari roʻyobga chiqadigan sevimli maskanga aylanganini bugun alohida qayd etish oʻrinli deb oʻylayman. Bugun koʻpchilik samarqandliklar yaxshi eslashadi: oʻsha kezlarda Toyloq tumanida 5 ming oʻrinli muhtasham stadion foydalanishga topshirilgan edi.
Eng qizigʻi, ushbu inshootlarning hech biri davlat byudjeti hisobidan qurilmagandi. Bu esa “Izlagan imkon topar”, degan hikmatli ibora nechogʻliq haqiqat ekanini amalda yana bir bor tasdiqlaydi.
Shavkat Mirziyoyevning ustoz va murabbiylarga boʻlgan cheksiz hurmati shunchalik ediki, u umuman imkoniyati yoʻq davrda ham ularga munosib sharoitlar yaratib berish yoʻlida oʻzini qiynardi. Aynan shu ezgu niyat ifodasi oʻlaroq, Oqdaryo tumanidagi sobiq “Kolxozstroy”ning qarovsiz hududi oʻrnida zamonaviy “Ustoz” sanatoriysining barpo etilishi viloyat rahbarining maʼrifat ahliga boʻlgan cheksiz hurmati va yuksak ehtiromini yana bir karra namoyon etdi. Shu maʼnoda aytish mumkinki, bu maskanning nomi ham, mohiyati ham oʻsha kezlardayoq keyinchalik muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan muhim hayotiy haqiqatni anglatib turardi: “Millat tarbiyachisini eʼzozlagan xalqning kelajagi porloq boʻladi”.
Sezib turibman, maqolaning soʻnggi qismlari sizni zeriktirdi. Ensangizni qotirgan boʻlsa ham ajablanmayman. Ruhi, matndagi xronologik ohang sovet va undan keyingi turgʻunlik yillari kayfiyatini eslatuvchi ayni yoʻnalish bugun hayotimizda favqulodda “begona”ga aylanib qolgandek... Holbuki, oʻsha davrda gʻalladan xirmon-xirmon hosil olish, qiziqchimiz aytganidek, “yerni chuqurroq haydash” va hatto mutaxassislar va dehqonlargina tushunishi mumkin boʻlgan terminlarni qalashtirib nutq qilish, maqola yozish normal qabul qilinardi. Chunki daladan boshqa oʻylaydigan, gapiradigan, koʻkrak kerib faxrlanadigan hech bir sifatimiz yoʻq edi. Sobiq markazdan kelib dalaga qanday qadab ketgan boʻlsa, istiqlolga erishganimizdan keyin ham tafakkuru ongimiz uzoq yil egatlar orasida qoldi. Paxta va gʻalla, keng maʼnoda aytganda, ziroatchilik hayotimizning barcha jabhasida ijtimoiy-siyosiy kult sifatidagi tahakkum — dominantligini xuddi sovet davrlaridagidek aks ettirib turdi. Chuqurroq oʻylab koʻrilsa, ayni safarbarlik ortida “strategik ahamiyat”dan boʻlak yana bir muddao — jamiyatni manipulyatsiya qilish istagi ham yashiringandek edi. Yaʼni odam tinimsiz nimagadir undab turilsa, matbuot ertadan to kech zarbdorlik, dala ishlari, yetib boʻlmaydigan “plan” haqida muttasil gapiraversa, bu holat har qanday erkin tafakkurga ham putur ketkazadi. Odamlar fikrini jamoaviy tarzda bir nuqtaga “yigʻish”, barcha oʻy-xayollarni umumiy bir oʻzanga boʻysundirish, tabiiyki, shaxsiy fikrni jilovlaydi. Hur fikrning shakllanmasligi esa bizning klassik aqidalarimizga uygʻun kelardi.
Umumiy maʼnoda ozodligimizning dastlabki chorak asriga jiddiy qaraydigan boʻlsak, erkinligimiz nazariy, hurriyatimiz qaysidir maʼnoda “qaram mustaqillik”dek tuyular edi. Koʻcha va xiyobonlarimizga osiladigan shiorlarimiz ham buni bot-bot eslatib turardi: “Yangi uy qurmay turib, eskisini buzma!”. Aynan mana shu eskisini buzmay saqlab qolish “anʼanasi” millat va davlat “kodi” maqomidagi milliy ramzlarimizda ham oʻz “tarovati va teran goʻzalligi”ni aks ettirishga ulgurdi. Deylik, mustaqillikka erishganimizdan keyin ham gerbimizdagi chambarakka alvon-la oʻralgan “iftixorimiz ramzi” boʻlgan paxta va gʻalla tasvirlari oʻzgarmadi. Nega? Holbuki, Prezidentimiz koʻp bor aytganlaridek, paxtadan oladigan daromadimiz oʻsha yillari bir milliard dollarga yetib-yetmagan. Shu holicha ham ushbu dehqonchilik mahsulotlari bizning ijtimoiy-maʼnaviy identligimizni belgilashi kerakmidi? Biz oʻz asriy orzu-armonlarimiz, ulugʻ niyatlarimiz va bu jahondagi ruhoniy “oʻzligimiz”ni shu oʻsimliklar siymosida koʻrishimiz kerakmi?.. Albatta, bu mustaqillikdan keyin ham bir oyogʻimiz mafkuraviy jihatdan sobiq tizim xarobalari uzra qolib ketganini anglatadi.
Men bekorga bu toʻgʻrida gapirmadim. Chunki ayni narrativ “Mirziyoyev davri” bizning dunyoqarashimizni qanday oʻzgartirganini yaxshi koʻrsatib bera oladi. Masalan, sal avval eslaganimdek, bir zamonlar nafaqat aktual, balki siyosiy ahamiyat kasb etgan “qishloq xoʻjaligi” gurunglari bugun hayotimizdagi qoʻrli oʻrnini yoʻqotdi. Shuning uchun ham bu mavzuda yozish va oʻqish endilikda nafaqat anʼanadan chiqdi, balki mohiyatan zerikarli, primitiv boʻlib qoldi. Ongimizda sokin amalga oshgan, hali deyarli tahlil etilmagan ayni yangilanishlar bizga bir narsani ochiq eslatib turadi: bizda ittifoq parchalangandan keyin ham erkinlik masʼuliyatidan xavotir hissi bor edi. (ehtimol, bu siyosiy hokimiyatni “yoʻqotib qoʻyish”dan qoʻrqish boʻlgandir). Jumladan, traditsional tutumlardan voz kechmaslik, boshqaruv hamda jamiyat hayotidagi “anʼanaviy ruh”ni saqlab qolishga intilish sezilar, shuning uchun shiorlarimiz ham, hali aytganimdek, milliy ozodlikdan koʻra koʻproq yaqin oʻtmishga qayta chorlayotgandek tuyulardi. Vaqt shuni koʻrsatdiki, mustaqilligimiz va oʻzligimizni ifoda etuvchi simvollarimiz — davlat ramzlarimiz mohiyatida ham oʻtgan asrning 90-yillaridagi siyosiy xavotir, qoʻrquv va ikkilanish tajassum topgan. Ayni mavzudagi soʻzimni yakunlab, shuni aytishim mumkinki, bu olmon faylasufi Erix From tasvirlagan “Ozodlikdan qochish” fenomeniga juda yaqin hodisa edi.
Aytilgan mulohazalar bizning tasavvurlarimizda bugun mamlakatimizning uch xil xarakterdagi koʻrinishini aks ettirishi bilan nihoyatda ahamiyatli: “sovet Oʻzbekistoni”, “postkommunistik Oʻzbekiston” va “Yangi Oʻzbekiston”...
IX
Hech esimdan chiqmaydi: u kishi Samarqandda ishlayotgan davrlarda yonma-yon ketarkanmiz, hazil aralash savol berdim: “Goh-gohida uxlab ham turasizmi, Shavkat Miromonovich?!”.
U kishi oʻz odatiga sodiq holda jilmayib javob qildi: “Manzildan-manzilgacha moshinada nima qilish mumkin?”.
Suhbatimiz garchi mutoyiba ruhida kechgan boʻlsa-da, uning zamirida haqiqat yashirin edi. Men ochiq aytaman, shu paytgacha uning qaysi mahal uxlab yoki oyoq uzatib dam olishini hech kim aniq aytib berolmasa kerak. Yuragi Vatan va xalq dardi, mehru muhabbati bilan urib turadigan, oʻz surati va siyratida MILLAT SHAVKATI timsolini tobora yorqin ifoda etib borayotgan Shavkat Mirziyoyevdan biz, kelajak avlod, qolaversa, tarix hali koʻp narsani oʻrganishi, saboq chiqarishiga oʻzida kuchli ehtiyoj sezishiga men aniq ishonaman.
Hech boʻlmaganda, birgina Vatanni, uning tarixi va oʻz xalqini sevishni u kishidan oʻrganish, oʻzlashtirib olishning oʻzi ham olamni guliston qilishga yetadigan qudrat va salohiyat soladi qalbingizga.
Shavkat Mirziyoyev Bosh vazir boʻlib ishlagan yillarda ham bu koʻhna zamindan uzilib ketmadi. “Samarqand ruhi”ni “sayqallash”, qolaversa, viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy hayoti doimo eʼtiborida turdi.
Ana shu ezgu qarash va yondashuv Samarqandning maʼnaviy hayotida tub burilish yasadi. Shaharda Registon, Shohi Zinda, Amir Temur, Bibixonim, Xoja Doniyol, Ruhobod, Hazrati Xizr, Rasadxona, Dahbed, Nodir devonbegi, Xoʻja Ahror Valiy yodgorlik majmualari tarixiy qiyofasiga mos tarzda tiklandi.
Eng muhimi, bir vaqtlar qarovsizlik va noqonuniy qurilishlar tufayli mahallalar orasi, kimlarningdir uy-joyi ostida qolib ketgan muqaddas qadamjo — Imom Moturidiy hazratlarining qabri topilishi maʼnaviy-madaniy hayotimizda ulkan voqelikka aylandi. Ulugʻ allomaning muborak nomi, benazir ilmiy-maʼrifiy merosi va buyuk taʼlimoti yana xalq qalbiga yuksak ehtirom va izzat-ikrom bilan qaytarildi.
Men shu oʻrinda bir haqiqatni roʻyirost aytishni istardim: aslida hozirgi Samarqandning qayta shuhrat topishi va dunyo sahnida yana “Yer yuzining sayqali” degan sharafli nomga chin maʼnoda munosib koʻrilishi aynan oʻsha vaqtda boshlangan mana shunday maʼnaviy uygʻonishdan kuch-quvvat olgan, desam, sira yanglishmagan boʻlaman.
Zero, Shavkat Mirziyoyevning Samarqand viloyati rahbari sifatidagi faoliyati davrida asos solingan maʼnaviy uygʻonish keyinchalik butun mamlakat taqdiri va taraqqiyot yoʻlini belgilab bergan ulkan strategik islohotlar uchun mustahkam asos boʻldi. Muhimi, bu oʻzgarishlar quruq shior yoki balandparvoz daʼvatlar sifatida emas, balki xalqimiz tafakkuri va qarashlarini oʻzgartirgan islohot sifatida ularning hayotiga chuqur kirib bordi.
Bugun xalqimiz qalbida jo boʻlgan milliy oʻzlikni anglash va millat tarixi bilan bogʻliq tushunchalar, maʼnaviy qadriyatlarga nisbatan shakllangan yuksak hurmat va muqaddas qadamjolar, bebaho tarixiy obidalarni bunyod etish hamda ularni asrab-avaylashga boʻlgan daxldorlik hissi zamirida oʻsha yillarda yongan milliy gʻurur va vatanparvarlik mashʼalasining qudratli nurini koʻrish mumkin.
X
Maqola avvalida Samarqand garchi bir necha ming yillik tarixga ega boʻlsa-da, uning shonli oʻtmishida oʻz nomini qoldira olgan bunyodkorlar sanoqli degan edim. Agar siz bu oʻtmish gavhari boʻlgan shaharga yaqin orada bormagan boʻlsangiz, endi boring, uning goʻzalligidan zavqlaning, sahnidan nur yogʻilib turgan maydonlari, muazzam Imom Moturidiy, Imom Buxoriy qadamjolarini ziyorat qiling. Tarix va bugun uygʻunlashib ketgan “Boqiy Samarqand” ansamblini koʻring. Bozorlar, mahallalar, koʻchalarni kezib, odamlarning yuzu koʻziga boqing. Chor atrofda taralib turgan qadim oʻtmish va zamon ohanglariga quloq tuting...
Shunda anglaysizki, ruhiyatingizda paydo boʻlgan iliqlik, qalbingizga inayotgan shukuh qadim Samarqand ruhiyatidir. Ehtimol, oʻsha dam yuragingizda shahar tarixida iz qoldirgan Vatan farzandlari nomini yana uzaytirishga ishtiyoq paydo boʻlar...
U kishi bugungacha bosib oʻtgan yoʻl odam qalbida shunday ezgu tuygʻularni uygʻotadi. Zotan, bu yoʻl sharafli va shavkatli yoʻldir.
Bir paytlar Uinston Cherchill oʻz zamonasiga ishora qilib, “Biz ulkan voqeliklar va mayda odamlar davrida yashamoqdamiz”, degan edi. Kinoya aralash aytilgan ayni malomat oradan bir asrga yaqin vaqt oʻtsa-da, bugun ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagandek. Ayniqsa, nolish va ismsiz nafrat tobora milliy qadriyatga aylanib borayotgan bizning bugungi kunlarimizga ham taalluqli bu gaplar, desam, hech ham adashmagan boʻlaman. Xususan, bu achchiq taʼna koʻz oʻngimizda boʻlayotgan shuncha oʻzgarishlar, yangilanishlarning qadriga yetmayotgan, koʻrib koʻrmaganga olayotgan “mayda odamlar”ga tegishli, albatta.
Oʻzbekiston bundan oʻn yil burun qanday edi, hayotimiz, sharoitlarimiz, turish-turmushimiz, tafakkurimiz, biyron tilimizning holi nechogʻli edi, oʻsha paytlarda?! Afsuski, odam bolasi tez unutadi. Qadriga yetish, shukr qilish degan oddiy insoniy tuygʻularni ham esdan chiqaradi. Koʻz oʻngimizda yuz berayotgan katta oʻzgarishlarning farqiga bormaydi yoki bilib turib takabburlik qiladi.
Yaqinda yoshi saksonga borayotgan bir tanishim “falonchi qamalgandi, oʻgʻli lavozimga oʻtiribdi. Falonchi ishdan olingandi, uch oy oʻtmay sal bundayroq boʻlsa ham vazifaga qoʻyilibdi. Men tushunmadim, nega bunday boʻlyapti?” deb soʻrab qoldi.
Ochigʻi, u kishidan xafa ham boʻlmadim, gapiga hayron ham qolmadim. Negaki, bitta u emas, aksariyatimizda shunday fikr bor: birov qamaldimi, urugʻ-aymogʻi bilan “supurilishi” kerak, ishdan ketgan odam nafaqat siyosiy sahna, hatto jamoatchilik nazaridan uzoqda, koʻzga koʻrinmay yurishga mahkum...
Toʻgʻri, ilgari shunday edi. Bugun zamon ham, siyosat ham oʻzgardi. Biroq taassufki, jamiyat buni toʻgʻri anglab ololmayotir. Hayotimizda boʻlayotgan oʻzgarishlar va ularga munosabatimizni kuzatib turib, baʼzan bir narsaga hayron qolaman: bizda ham faxr, Millat va Vatan zafarlaridan quvonib gʻururlanish hissiyoti bormi yoki bu tuygʻularimizni ham mustabidlik toʻfonlariga “yem” qilganmizmi? Shuncha ishlar, oʻzgarishu yangilanishlar boʻlayotir, ammo aksariyat hollarda ularga yondashuvimiz, hali aytgan tanishimnikidek, oʻta nosogʻlom...
Mayli, targʻibot, Prezident siyosati, bugungi kunlarimiz qadrini odamlarga keng va bafurja sharhlash, tushuntirib berish amaliyoti, biroq bu ishlarimiz hozirda koʻngildagidek kechmayotgani alohida munozara mavzusi. Ammo biz, tarixi ming yillarga teng xalq, oʻtmishi afsonaga aylangan yurt farzandlari sifatida qalbimizda milliy gʻurur tuygʻusini shakllantirishni oʻrganishimiz bugun juda dolzarb degan boʻlardim.
Men oʻtgan yili Prezidentimizning Oʻzbekiston kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan uchrashuvida u kishiga yuzlanib, shunday murojaat qilgan edim:
“Bundan 6-7 asr ilgari bu yurtda koʻtarilgan muazzam bayroq oʻz atrofida jahonni birlashtirgan, oʻziga qaratgan edi. Bu, shubhasiz, buyuk Sohibqiron bobomiz Amir Temur qurgan qudratli davlatning bayrogʻi edi.
Oradan qariyb yetti asr oʻtib, uzoq yillar koʻzdan panada qolgan oʻsha bayroq bugun yana hilpiray boshladi. Bu bayroq bugungi Yangi Oʻzbekistonning bayrogʻidir.
Bugun jahon uzra magʻrur hilpirayotgan ushbu bayroqni Siz koʻtardingiz, muhtaram Shavkat Miromonovich!”.
Men bugun ham ayni fikrimda sobitman!
Qudratilla RAFIQOV,
siyosatshunos
