Do‘stlik tumani “Bunyodkor” mahallasida pilla terimi qizg‘in pallaga kirdi
2026-05-13 09:30:00 / Yangiliklar

Ayni kunlarda mahalla aholisi xonadonlarda parvarishlangan ipak qurtlaridan mo‘l hosil olish maqsadida uyushqoqlik bilan mehnat qilmoqda.
Pillachilik nafaqat qo‘shimcha daromad manbai, balki oilalar bandligini ta’minlashda muhim o‘rin tutayotgan sohalardan biriga aylanmoqda. Ayniqsa, xonadonlarda xotin-qizlar va yoshlarning ushbu jarayonda faol ishtirok etayotgani mehnat samaradorligini yanada oshirmoqda.
Mahallada pilla parvarishi uchun yaratilgan sharoitlar, mutaxassislar tomonidan berilayotgan amaliy tavsiyalar hamda aholining ko‘p yillik tajribasi yuqori natijalarga xizmat qilmoqda. Terim jarayonlari uyushqoqlik bilan olib borilib, yetishtirilgan mahsulotni sifatli topshirish choralari ko‘rilmoqda.
— Pillachilik orqali oilamizga qo‘shimcha daromad kirib kelmoqda. Bu mehnat sabr va e’tibor talab qiladi, natijasi esa quvonarli, — deydi mahalla raisi Gʻofur Davletov.
Bugungi kunda “Bunyodkor” mahallasida pilla terimida ishtirok etayotgan xonadonlar o‘z mehnati bilan nafaqat oila farovonligiga, balki yurt iqtisodiyoti rivojiga ham munosib hissa qo‘shmoqda.



