O‘ZBOSHIMCHA QURILISHLAR QONUNIYLASHTIRILADIMI?
2026-04-27 16:20:00 / Yangiliklar
Mamlakatimizda aholiga, birinchi navbatda, qishloq joylarida munosib uy-joy sharoitlarini yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli davlat dasturlari amalga oshirildi.
Xususan, hududlarda yangi uy-joy massivlari barpo etildi, zarur muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalari o‘tkazilishi ta’minlandi.
Shuningdek, 2016 yildan qishloq aholisi uchun yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurilishini nazarda tutuvchi sifat jihatidan yangi davlat dasturi amalga oshirilmoqda va fuqarolarimizga yanada qulay shart-sharoitga ega bo‘lgan uylar barpo etib kelinmoqda.
Shu bilan birga, uy-joyga doir huquqlarning amalga oshirilishi va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, yer uchastkalaridan oqilona va samarali foydalanish, shuningdek, fuqarolarga tegishli bo‘lgan turar joylarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining 2024 yil 5 avgustda “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi O‘RQ-937-sonli Qonuni qabul qilinganligi alohida ahamiyat kasb etadi.
Mazkur qonunga muvofiq, bir qator holatlarda fuqarolarning o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari va unda qurilgan bino-inshootlarga bo‘lgan huquqlari e’tirof etilishi mumkin. Xususan:
• O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashab turgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar (bundan buyon matnda fuqarolar deb yuritiladi) tomonidan 2018 yil 1 mayga qadar yakka tartibda uy-joy qurish orqali o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga;
• fuqarolar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va rezident bo‘lgan yuridik shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq ajratilgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda ko‘rsatilgan yer uchastkasi maydonidan 2018 yil 1 mayga qadar ortiqcha egallagan yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga;
• o‘zboshimchalik bilan qurilgan yakka tartibdagi uy-joylarga bo‘lgan mulk huquqini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan tashkil etilgan Ko‘chmas mulkka nisbatan huquqni e’tirof etish ishlarini tashkil etish bo‘yicha tuman (shahar) komissiyalari (bundan buyon matnda Ko‘chmas mulkka nisbatan huquqni e’tirof etish ishlarini tashkil etish bo‘yicha tuman (shahar) komissiyalari deb yuritiladi) tomonidan e’tirof etish mumkin deb topilganligi hollariga yoki uni e’tirof etish rad etilganligi yoxud arizalarning ko‘rib chiqilishi bir martalik umumdavlat aksiyasining muddati o‘tganligi sababli yakuniga yetmaganligi hollariga;
• 2021 yil 8 iyunga qadar tuman (shahar) hokimining qaroriga ko‘ra qonunchilik hujjatlariga muvofiq fuqarolarga, yakka tartibdagi tadbirkorlarga yoki rezident bo‘lgan yuridik shaxslarga ajratilgan, tasdiqlash masalasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi yoki tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan ko‘rib chiqilmagan yer uchastkasiga (bundan shunday yer uchastkasida ikki yil ichida binolar va inshootlar qurilmagan yoki ularning qurilishi boshlanmagan yoxud yer uchastkasidan maqsadsiz foydalanilgan hollar mustasno);
• fuqarolarning bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylariga hamda ular egallagan yer uchastkasiga;
• 2020 yil 9 martga qadar kichik sanoat zonalari hududiga joylashtirilgan tadbirkorlik subektlarining yashash uchun mo‘ljallanmagan binolari va inshootlari yoki ularning qismlari joylashgan yer uchastkasiga;
• xususiylashtirilgan binolar va inshootlar egallagan yer uchastkasiga;
• fuqarolarning, yakka tartibdagi tadbirkorlarning va rezident bo‘lgan yuridik shaxslarning qonunchilikka muvofiq mulk (egalik qilish) huquqi e’tirof etilgan binolari va inshootlari egallagan yer uchastkasiga nisbatan huquqlarni e’tirof etish asoslari va tartibi belgilab berildi.
Natijada, mazkur qonun orqali ko‘plab fuqarolarning ilgari qurib, foydalanib kelayotgan uy-joylari qonuniylashtirilib, ularning yillar davomida yig‘ilib kelgan muammolariga yechim bo‘lib xizmat qildi.
Biroq, ayrim fuqarolar tomonidan qonun noto‘g‘ri talqin qilinib, yangi qurilayotgan noqonuniy obektlar ham qonuniylashtiriladi, degan noto‘g‘ri tushuncha shakllanmoqda.
Aslida esa ushbu imtiyozlar faqat yuqorida qayd etib o‘tilgan oldingi davrga oid holatlarga taalluqli bo‘lib, yangi noqonuniy qurilishlarga nisbatan qo‘llanilmaydi va ular mulk huquqi obekti sifatida e’tirof etilmaydi.
Ya’ni, bu kabi qurilmalar O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 212-moddasiga asosan qonunchilikda belgilangan tartibda qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida, shuningdek imorat qurish uchun zarur ruxsatnoma olmasdan yoki arxitektura va qurilish normalari hamda qoidalarini jiddiy buzgan holda qurilgan uy-joy, boshqa bino, inshoot yoki o‘zga ko‘chmas mulk o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat hisoblanadi.
Shuningdek, bunday imoratlar o‘zboshimchalik bilan imorat qurish natijasida huquqlari buzilgan shaxsning yoki tegishli davlat organining da’vosi sudning qaroriga binoan imoratni qurgan shaxs tomonidan yoki uning hisobidan buzib tashlanadi.
Bundan tashqari, qonunbuzilishi sodir etgan aybdor shaxslarga nisbatan nafaqat fuqarolik-huquqiy, balki ma’muriy choralar ham ko‘rilishiga olib kelib, ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 60-moddasiga ko‘ra, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravari, mansabdor shaxslarga esa yetmish baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Misol uchun, da’vogar Kadastr agentligi Jizzax viloyati boshqarmasi javobgar Sh.X ga nisbatan o‘zboshimchalik bilan qurilgan qurilmani buzdirish va yerni yaroqli holatga keltirish to‘g‘risida sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan.
Da’vogar da’vo talabiga asos sifatida yer maydonlaridan maqsadli va oqilona foydalanish ahvoli o‘rganilganda, javobgar Sh.X Bakhmal tumani hududida o‘zboshimchalik bilan 180 kv.m. o‘lchamdagi yer uchastkasiga uy-joy qurib olganligi, mazkur noqonuniy qurilmani bartaraf etish bo‘yicha javobgar Sh.X ga ogohlantirish xati berilgan bo‘lsa-da, u tomonidan ixtiyoriy ravishda bartaraf etilmaganligini ko‘rsatgan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Gʻallaorol tumanlararo sudining 2025 yil 18 avgustdagi hal qiluv qarori bilan da’vo talabi qanoatlantirilib, noqonuniy qurilmani buzish hamda yer maydonini foydalanishga yaroqli holatga keltirish majburiyati yuklatilgan.
Javobgar Sh.X qurilmani u qurmaganligi, qurilma onasi M.X tomonidan qurilganligi haqidagi vaj keltirganligi sababli apellyasiya instansiya sudi birinchi instansiya sudi qoidalariga o‘tib, ishga M.X ni jalb qilgan.
Kadastr agentligi Baxmal tumani bo‘limining 2025 yil 08 oktyabrdagi qaroriga ko‘ra, M.X O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 60-moddasi 3-qismi bilan huquqbuzar deb topilib, ma’muriy jarima jazosi qo‘llanilgan.
Jizzax viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 2025 yil 8 oktyabrdagi ajrimi bilan sudning hal qiluv qarori xulosa qismida javobgar sifatida M.X ko‘rsatilib, sud qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Javobgar M.X u qurilmani aholi punkti yer maydonida qurganligi, bu qurilmaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi Qonun talablariga asosan mulk huquqi berilishi kerakligi haqida vaj keltirgan.
Lekin, javobgar M.X ga yer ajratish haqida vakolatli organ qarori mavjud emas, yer uchastkasi chegarasi joyida belgilanmagan hamda yer uchastkasiga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaganligi, bugungi kunda yer maydoni va bino-inshootga nisbatan mulk huquqi e’tirof etilmagan yoki mazkur qonun tatbiq etilishi mumkin bo‘lgan yer toifasi yoki bino xatlovdan o‘tkazilmaganligi sababli Jizzax viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati taftish instansiyasining 2025 yil 13 noyabrdagi ajrimi bilan sud qarorlari o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Huddi shu kabi holat, Jizzax shahar prokuraturasi sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, unda javobgar I.M tomonidan Jizzax shahar, O‘ratepalik MFY, Huquqshunos (I.Ahmedov) ko‘chasi hududida joylashgan “Zinnur market” binosiga tutash, shahar hokimligi zahirasida bo‘lgan hududidan o‘zboshimchalik bilan 117,25 kv.m. o‘lchamda yengil turdagi ayvon va bir qavatli qurilishni buzish majburiyatini yuklatishni so‘ragan.
Sud qarori bilan mazkur qurilma javobgar hisobidan buzdirilishi belgilangan.
Mazkur ish javobgarning shikoyati asosida taftish instansiyasida o‘rganib chiqilganida ham javobgar hech qanday hujjatlarsiz tegishli yer maydonini egallab qurilish qilib olganligi o‘z tasdig‘ini topdi.
Afsuski, mazkur ish bo‘yicha MFY tomonidan noto‘g‘ri ma’lumotlar berilishi, ya’ni buzilmagan qurilmalarni “buzildi” deb rasmiylashtirish holatlari ham uchraydi. Bu esa qonunga zid hisoblanadi.
Shu o‘rinda, fuqarolarimiz sudlar faqat maqbul dalillar asosida ushbu holatlarni joyiga chiqib o‘rganib chiqishi va ishning haqiqiy holatlaridan kelib chiqishini hal etishini barcha fuqarolar va mutasaddi tashkilotlarga eslatib o‘tmoq joizdir.
Amaliyotda, Jizzax viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlari tomonidan 2025 yil davomida o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylarni buzish bilan bog‘liq jami 928 ta fuqarolik ishlari ko‘rib tamomlangan bo‘lib, ko‘rib tamomlangan fuqarolik ishlarining 788 tasi yoki 85 foizi qanoatlantirilgan.
Shu bois, har bir fuqaro muhim bir haqiqatni unutmasligi lozim: qonunni bilmaslik javobgarlikdan ozod qilmaydi.
Qurilish ishlarini amalga oshirishda turli gap-so‘zlarga emas, balki amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq ish yuritish muhimdir.
Zero, bugungi kunda mamlakatimizda uy-joy qurish va unga egalik qilishning qonuniy mexanizmlari mavjud.
Har bir fuqaro qonunlarga rioya etgan holda ish yuritishi nafaqat o‘z manfaatini himoya qiladi, balki jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashga ham xizmat qiladi.
N.Rasulov,
Jizzax viloyat sudi raisi v.v.b
