“Yangi O‘zbekiston” massivi: Do‘stlik tumanida yangi turar joylar barpo etilmoqda
2026-03-27 14:35:00 / Yangiliklar

Jizzax viloyati, Do‘stlik tumanidagi “Chinobod” mahallasi hududida “Yangi O‘zbekiston” massivi tashkil etilmoqda. Mazkur loyiha Prezidentimizning aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish, qulay va zamonaviy uy-joylar qurish borasidagi tashabbuslari asosida amalga oshirilmoqda.
Massivdagi qurilish ishlari reja asosida amalga oshirilib, jami 50 ta besh qavatli turar joy binosi barpo etilishi ko‘zda tutilgan. Hozirgi kunga kelib, 15 ta ko‘p qavatli turar joy foydalanishga topshirildi.
Yana shuncha ko‘p qavatli uylarni qurish ishlari bosqichma-bosqich davom etmoqda. Yangi turar joylar nafaqat zamonaviy arxitektura yechimlari, balki muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, bolalar maydonchalari, yashil hududlar va infratuzilma bilan ham ta’minlanishi rejalashtirilgan.
Mazkur massiv aholining uy-joyga bo‘lgan talabini qondirish bilan birga, tumanning shaharsozlik qiyofasini tubdan o‘zgartirishi va aholining hayot sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasiz.
