Tuz va shakarni nima uchun cheklash kerak?
2026-02-17 12:05:00 / Yangiliklar

Avvalo har ikki mahsulotning organizmga bo‘lgan ahamiyati qanday?
Tuzning organizm uchun ahamiyati.
Tuzning tarkibidagi natriy moddalar almashinuvida, asab impul’slarining uzatilishi va mushaklar qisqarishida ishtirok etadi. Biroq har narsaning iste’moldagi me’yori bo‘lganidek tuzning ham iste’mol me’yori mavjud. Bir kunlik me’yori 5 gr ni tashkil etadi. Bu miqdor salat, issiq ovqat, non va hokazo mahsulotlar tarkibidagi tuz bilan qo‘shib hisoblanadi. Albatta jazirama issiqda yoki sport musobaqalarida organizm ko‘p terlasa, tanadan tuz ko‘p chiqib ketadi va miqdor o‘z – o‘zidan 7-10 grammgacha oshiriladi.
Shuni esdan chiqarmaslik kerakki tuzni faqat savdo do‘konlaridan “yodlangan osh tuzi” deb qadoqlangan idishdagisini olish kerak. Tuzni 6 -10 kunlik ro‘zg‘orga yetadigan miqdordagisini olish maqsadga muvofiq bo‘lib yangisini olib iste’mol qilish organizm uchun foydali bo‘ladi. Tuz qorong‘u, quruq joyda, shisha bankalarda saqlanadi.
Ortiqcha miqdordagi tuzning iste’moli organizmda suyuqliklarning to‘planishiga va shish paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Bo‘g‘imlarda, tovonda tuz yig‘iladi va harakat muvozanatini buzadi. Buyrak, qovuqda va o‘t xaltasida toshlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Ko‘p tuz organizmda qon bosimining oshishiga olib keladi. Ko‘zning ko‘rish darajasiga aks ta’sir ko‘rsatadi.
Shakarning ahamiyati.
Shakar organizmga tushganda glyukoza va fruktozaga aylanadi. Glyukoza – tana va miyaga quvvat yetkazib beradi. Lekin ortiqcha glyukoza jigarda glikogen sifatida yig‘ilib boradi va bu jarayon davom etaversa jigar va qorin atrofida yog‘ yig‘ilishiga olib keladi. Demak, shakarni kunlik me’yoriy miqdori bo‘lmish 20 -25 gr dan ortiqcha iste’mol qilish odamni semirtiradi, qandli diabetga, gipertoniya, infarkt va insultga olib keladi. Bolalarda esa tish emalining buzilishi (koriyes) ga sabab bo‘ladi.
Shuni bilish kerakki, organizm boshqa mahsulotlardan kerakli miqdordagi glyukoza va fruktozani ajratib oladi. Demak shakar organizm uchun o‘ta zarur mahsulot hisoblanmaydi. Shakardan ozgina tiyilsak buning uchun organizm xafa bo‘lmaydi.
Nima qilish kerak?
Tuzlamalar, yarim tayyor oziq – ovqat mahsulotlarini (fast –fudlar, ko‘cha ovqatlari, rolton)ni chegaralash lozim.
Buyrak bezovta qilayotgan bo‘lsa tuzni chegaralash lozim, ammo butkul chegaralash mumkin emas.
Sog‘lom ovqatlanish talablariga rioya qiling va uzoq umr ko‘ring.
Do‘stlik TTB Salomatlik bo‘limi.
