Pora olish ham, berish ham jinoyat
2026-02-11 15:15:00 / Yangiliklar

Istiqlol yillarida mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilgan keng qamrovli o‘zgarish va yangilanishlar amalda kutilgan samaralarni bermoqda. Aytish joizki, bu boradagi tub islohotlar o‘z mohiyatiga ko‘ra, inson huquq va manfaatlarini himoyalashga xizmat qilishi barobarida, ko‘plab yurtdoshlarimiz taqdirida tom ma’noda ijobiy o‘zgarishlar yasamoqda. Joriy yilning 14 may kuni qabul qilingan "O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida"gi Qonun bu borada amalga oshirilayotgan ezgu ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi, desak yanglishmaymiz. Mazkur Qonunga muvofiq Jinoyat kodeksining 211- va 212-moddalari yangi tahrirda bayon etildi.
Aytish joizki, poraxo‘rlik va pora olish-berishda vositachilik qilish jamiyat uchun ijtimoiy xavfi yuqori va og‘ir oqibatlarga olib keluvchi jinoyatlar toifasiga kiradi. Ushbu jinoyatlar jamiyatning ma’naviy-axloqiy negiziga putur yetkazibgina qolmay, yangi jinoiy qilmishlar sodir etilishiga ham yo‘l ochib berishi mumkin. Shu bois, pora berganlik va pora olish-berishda vositachilik qilganlik uchun jinoiy jazolarning kuchaytirilgani salbiy holatlarning oldini olishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Mazkur Qonunga muvofiq Jinoyat kodeksining 211-moddasida nazarda tutilgan jazo choralari birmuncha kuchaytirildi va 210-moddaning sank¬siyasi bilan tenglashtirildi.
Jinoyat kodeksining 211-moddasi to‘rtinchi qismidan "Basharti, shaxsga nisbatan pora so‘rab tovlamachilik qilingan bo‘lsa va ushbu shaxs jinoiy harakatlar sodir etilganidan keyin bu haqda o‘ttiz sutka mobaynida o‘z ixtiyori bilan arz qilsa, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, jinoyatni ochishda faol yordam bergan bo‘lsa, u javobgarlikdan ozod etiladi", degan rag‘batlantiruvchi me’yor o‘rin olgan.
O‘ziga nisbatan pora so‘rab tovlamachilik qilingan yoki pora olish-berishda vositachilik qilgan shaxs, jinoiy harakatlar sodir etilganidan so‘ng o‘ttiz sutka mobaynida o‘z ixtiyori bilan arz qilgan hollarda, Jinoyat kodeksining 237-moddasi tartibida ogohlantiriladi hamda chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, jinoyatni ochishda faol yordam bergan taqdirda jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi tushuntiriladi.
Agarda ariza pora olish-berish jinoyati ishtirokchilaridan biri tomonidan berilib, bu haqda boshqa ishtirokchilar murojaat qilmagan bo‘lsa, ariza bilan murojaat etgan shaxsdan tashqari boshqa ishtirokchilar (tashkilotchi, bajaruvchi, dalolatchi, yordamchilar) javobgarlikdan ozod qilinmaydi. Tovlamachilik yo‘li bilan pora so‘ralganligi yoki pora berilganligi haqida ixtiyoriy arz qilish asosida pora beruvchi va vositachining Jinoyat-prosessual kodeksining 84-moddasi, 1-qismi, 8-bandi bilan jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi, bu shaxslarning harakatida jinoyat tarkibi yo‘qligini anglatmaydi. Shu sababli ular jabrlanuvchi sifatida e’tirof etilmaydi va pora tariqasida berilgan qimmatliklar qaytarib berilishini talab qilishga haqli emas. Pora so‘rab tovlamachilik qilingan yoki pora olish-berishda vositachilik qilgan shaxsni javobgarlikdan ozod qilish: tovlamachilik yo‘li bilan pora talab qilingan holat dalillar bilan to‘liq tasdiqlanganida; ariza qonunda nazarda tutilgan muddatda, ya’ni o‘ttiz sutka mobaynida taqdim qilinganida; har qanday noqonuniy tashqi ta’sirlardan (jismoniy, ruhiy) xoli tarzda o‘z ixtiyori bilan arz qilinganida; pora berganlik va vositachilik qilganlik haqida ariza bergan shaxs sodir etgan jinoiy qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonlik bildirgan va ushbu jinoyatni ochishda faol ishtirok etgan taqdirda javobgarlikdan ozod qilinadi. Ma’lumki, pora berish va pora olish-berishda vositachilik qi¬lish jinoyatlarida po¬ra oluvchi poraning loaqal bir qismini olgan paytdan tugallangan, deb topiladi va bo‘lib-bo‘lib pora berilganida qonunda nazarda tutilgan o‘ttiz sutka dastlabki pora berish amalga oshirilgan kunning ertasidan boshlab hisoblanadi. Tergov yoki surishtiruv davrida aniqlangan yoxud huquqni muhofaza qiluvchi organlarga oldindan ma’lum bo‘lgan pora berish va pora olish-berishda vositachilik qilish holatlari yuzasidan berilgan ariza jinoiy javobgarlikdan ozod qilishga asos bo‘lolmaydi va shaxsning javobgarlik masalasi qonunda belgilangan umumiy tartibda hal qilinadi. O‘ziga nisbatan pora so‘rab, tovlamachilik qilingan yoki pora olish-berishda vositachilik qilgan shaxsning arizasi har bir holatda Jinoyat-prosessual kodeksining 22, 95-moddalariga asosan sinchkovlik bilan har tomonlama to‘la va xolisona tekshirilishi kerak, arizachining ko‘rsatmalaridan tash¬qari boshqa ob’yektiv dalillar aniqlanmaganida jinoyat ishi qo‘zg‘atilishiga, shaxsning qamoqqa olinishiga, jinoiy javobgarlikka tortilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Ushbu kodeksning 23-moddasi talablariga asosan, har qanday holatda aybdorlikka oid barcha shubhalar, basharti, ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining foydasiga hal etiladi. Agar tasavvur qilingan pora mansabdor shaxs tomonidan olinmagan yoki olishdan bosh tortilgan bo‘lsa, pora berishga harakat qilgan shaxsning harakatini pora berish uchun suiqasd qilish tarzida tasniflash talab etiladi. Ammo pora berish va olish nafaqat mansabdor shaxsning o‘zi uni olganida, balki uning ixtiyori yoki uning topshirig‘i bo‘yicha uni boshqa shaxslar qabul qilganida ham tugallangan jinoyat hisoblanadi. Boshqa shaxsga pora berish yo‘li bilan istalgan harakat yoki harakatsizlikka erishishni taklif qilgan shaxs pora beruvchi tariqasida javobgar bo‘ladi, pora uchun kelishilgan harakatni bajarishga kelishgan va porani topshirgan shaxs esa pora berishda ishtirokchi tariqasida javobgar bo‘lishi lozim. Agar u taklifning mohiyatini bilgan holda porani faqatgina taqdim etsa, uning harakati poraxo‘rlikda vositachilik tariqasida kvalifikatsiya qilinishi kerak. Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, mazkur Qonunning qabul qilinishi amalda qilmishidan pushaymon bo‘lganligi munosabati bilan shaxsni jinoiy javobgarlikdan yoki jazodan ozod etish institutining amaliyotda to‘g‘ri va bir xilda qo‘llanilishiga xizmat qiladi.
T.Eshonqulov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiobod tuman sudining raisi.
Sh.Mirzaaxmedov,
Jizzax viloyat sudining sudyasi
