O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudi Plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish hamda ba’zi qarorlarini o‘z kuchini yuqotgan deb topish haqida
2026-01-27 11:30:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudi Plenumining “Kredit shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlar bajarilishini ta’minlash to‘g‘risidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi 2006 yil 22 dekabrdagi 13/150-sonli qarorinig 4-bandi quyidagi mazmundagi to‘rtinchi — yettinchi xatboshilari bilan to‘ldirilgan.
FKning 7461-moddasiga muvofiq, kreditni muddatidan oldin sud tartibida undirishda, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, kreditor dastlab qarzning belgilangan muddatda qaytarilmagan qismini undirish uchun sudga murojaat qiladi. Bunda agar qarz oluvchi muddati o‘tgan qarzni to‘liq to‘lamagan taqdirda, kreditor kreditning qolgan barcha summasini muddatidan oldin qaytarish haqidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqli.
Shuning uchun, sudlar kreditning qolgan qismini muddatidan oldin qaytarish haqidagi da’volarni ko‘rishda, shartnoma shartlarini o‘rganishlari va shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, kreditor dastlab qarzning belgilangan muddatda qaytarilmagan qismini undirish uchun sudga murojaat qilgan yoki qilmaganligiga aniqlik kiritishlari lozim.
FK 279-moddasining uchinchi qismi va “Garov to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 26-moddasining to‘rtinchi qismiga ko‘ra, garov bilan ta’minlangan majburiyatning buzilishi quyidagi shartlar bir vaqtning o‘zida mavjud bo‘lgan taqdirda, juda arzimas deb hisoblanishi:
-agar garov bilan ta’minlangan, qarzdor tomonidan qoplanmagan majburiyatning summasi garov qiymatining o‘n besh foizidan kamroqni tashkil qilsa;
-agar garov bilan ta’minlangan majburiyat bajarilishining kechikishi ketma-ket uch oydan oshmagan bo‘lsa.
“Ipoteka to‘g‘risida”gi Qonunning 43-moddasining oltinchi qismiga ko‘ra, garovga oluvchi takroriy kimoshdi savdosi amalga oshmagan deb e’lon qilinganidan keyin bir oy ichida garovga qo‘yilgan mol-mulkni o‘zida qoldirish huquqidan foydalanmagan taqdirda ipoteka tugatiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining “Qishloq xo‘jaligida qonuniylikni ta’minlash va yerdan foydalanishdagi suiiste’molchiliklarning oldini olishda iqtisodiy sudlarning rolini oshirish to‘g‘risida” 2004-yil 12-martdagi 115-sonli qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilganligi malum qilindi.
M.Toshpulotov,
Jizzax tumanlararo ma’muriy sudining raisi
