Poytaxning Mirobod tumanidagi “Fayzobod” transport vositalari diagnostika tekshiruvi markazi, xalq tilidagi “Fayzobod GAI”da mamlakatda joriy etilayotgan ekologik transport tizimining mohiyati, avtomobillarga yashil, sariq va qizil stikerlar berish tartibi haqida maʼlumot berildi.
Mazkur tadbir Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi tomonidan tashkil etilgan boʻlib, unda jurnalistlarning savollariga nafaqat qoʻmita vakillari, balki Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati masʼullari ham javob berdi.
Zoyir Yoʻldoshev.
Foto: “Daryo”
Transport vositalaridan chiqayotgan zararli gazlarning havoga, umuman inson salomatligiga, uning hayotiga salbiy taʼsiri bor, albatta. Holatlarning oldini olish, fuqarolarning toza havodan nafas olishini taʼminlash uchun 2026-yil 1-yanvardan eʼtiboran Oʻzbekiston sharoitida ekostiker, yaʼni ekologik transport tizimi kuchga kiryapti. Ekostikerlar transport vositalariga birinchi marta va yiliga bir marta tekinga beriladi. Fuqarolarimizdan pul talab qilinmaydi. Elektromobillar, moped, skuter, mototsikl singari transport vositalaridan ekostikerlar talab etilmaydi. Gibrid transport vositalari, agar ishlab chiqarilganiga uch yilgacha boʻlsa, ular toza toifali transport vositasi sanaladi, deydi IIV Jamoat xavfsizligi departamenti YHXX matbuot kotibi Zoyir Yoʻldoshev.
Qayd etilishicha, ekostikerlar uch xil — yashil, sariq va qizil rangda boʻladi.
Foto: Foto: “Daryo”
Roʻyxatdan oʻtkazish boʻlimlarida diagnostika markazlari tashkil etilgan boʻlib, ularda transport vositalaridan chiqadigan gazlarni oʻlchash asnosida maxsus xodimlar, ekologik xodimlar xizmatga jalb qilingan. Ular avtomobildan chiqayotgan tutunni oʻlchab, uning qaysi stikerga mosligini ayniqlaydi, deydi u.
Foto: Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi
Xabaringiz bor, Oʻzbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish, xususan aholi punktlarining atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ammo amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, atmosfera havosining ifloslanganlik darajasi yuqoriligicha qolmoqda.
Joriy kuz faslining oʻta quruq kelishi, yildan-yilga suv resurslarining qisqarishi, qolaversa sanoat korxonalari va transport vositalari tashlamalari mintaqaning ekologik zaif hududida joylashgan aholi punktlari, jumladan, Toshkent shahrining atmosfera havosini ifloslab, mamlakatlar reytingida eng yuqori oʻrinlarni olishiga sabab boʻldi. Shu sabab 2025-yil 28-noyabr kuni Vazirlar Mahkamasining “ekologik transport” tizimini joriy etish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilindi.
Islom Xushvaqtov.
Foto: “Daryo”
Ushbu qaror orqali ikkita mexanizm joriy etilyapti. Birinchisi transport vositalariga stiker berish tartibi boʻlsa, ikkinchisi ekologik zonalarni belgilash tartibidir. Stikerlar ikki usulda: fuqarolarning murojaati asosida ixtiyoriy mexanizmda, shuningdek, murojaatga koʻra yevro sinfga qarab stiker taqdim etiladi”, deydi Davlat ekologik ekspertiza markazi bosh direktori maslahatchisi Islom Xushvaqtov.
Masʼullarning aytishicha, dastlab mashinasi sariq yoki qizil stiker olgan haydovchi stikerlar rangini oʻzgartirish huquqiga ega.
Mamlakatdagi barcha hududlarda diagnostik markazlar barpo etilgan. Sariq yoki qizil stiker olgan fuqarolar transport vositalarini shu diagnostik koʻrikdan oʻtkazib, stikerlari rangini oʻzgartirishi mumkin.
Sariq va qizil stikerga ega transportlar qaysi hududda harakatlanishi mumkin?
Sariq va qizil stikerga ega transport vositalari ekologik zonalar — shaharning ifloslangan hududlarida harakatlanishi mumkin. Bu kichik bir hudud, ko‘cha, mahalla yoki sanoat zonalari bo‘lishi mumkin. Shaharning ifloslangan hududi ball tizimi orqali aniqlanadi. Buni esa xalq vaikllari — deputatlar aniqlab beradi, deydi masʼul.
Ekostikeri rangi mos kelmaydigan hududga kirilganda haydovchilarga qanday choralar ko‘rilishi, mazkur tizim qanday nazorat qilinishi borasida fikr bildirilmadi. Mas’ullar bu jarayonlar bo‘yicha tegishli mexanizm ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi.
Ekologik transport tizimi birinchi bosqichda 2025—2027-yillarda Toshkent shahrida, ikkinchi bosqichda 2028—2030-yillarda Nukus shahri va viloyatlar markazlarida hamda uchinchi bosqichda 2031—2034-yillarda boshqa barcha hududlarda joriy etilishi belgilangan.
daryo.uz


