O‘zboshimchalik bilan imorat qurishning oqibatlari
2025-11-24 17:50:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga muvofiq qonunchilikda belgilangan tartibda qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida, shuningdek imorat qurish uchun zarur ruxsatnoma olmasdan yoki arxitektura va qurilish normalari hamda qoidalarini jiddiy buzgan holda qurilgan uy-joy, boshqa bino, inshoot yoki o‘zga ko‘chmas mulk o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksi 911-moddasiga ko‘ra, o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasiga, shuningdek qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan, qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkasida barpo etilgan har qanday bino va inshootlarga nisbatan mulk huquqini yoki boshqa mulkiy huquqlarni belgilashga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno. Yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallagan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan, qurilish uchun ajratilmagan yer uchastkasida qonunga xilof qurilish ob’yektini barpo etgan shaxslar insofli mulkdor deb tan olinmaydi. O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalaridagi qonunga xilof qurilish ob’yektlarini suv ta’minoti, oqova suv, elektr, issiqlik energiyasi va gaz tarmoqlariga ulash taqiqlanadi.
O‘zboshimchalik bilan imorat qurgan shaxs unga mulk huquqini ololmaydi. Bu shaxs qurgan imoratini tasarruf etishga - sotishga, hadya etishga, ijaraga berishga, imoratga nisbatan boshqa bitimlar tuzishga haqli emas. O‘zboshimchalik bilan imorat qurish natijasida huquqlari buzilgan shaxsning yoki tegishli davlat organining da’vosi bilan bunday imorat sudning qaroriga binoan imoratni qurgan shaxs tomonidan yoki uning hisobidan buzdirib tashlanadi.
Umumiy qoida bo‘yicha, muayyan yer uchastkasiga nisbatan mavjud ashyoviy huquqlarning egasi, o‘sha yerda binolarni va inshootlarni qurishi, ularni qayta qurishi yoki buzishi mumkin. Bunda u qurilish va shaharsozlik me’yorlari va qoidalariga va shuningdek, yer uchastkasining belgilangan maqsadga muvofiq foydalanish to‘g‘risidagi qoidalarga rioya qilishi kerak. Yer uchastkalarining mulkdorlari, egalari, foydalanuvchilari va ijarachilari, agarda qonunda yoki shartnomada boshqa shart belgilangan bo‘lmasa, qurilgan ko‘chmas mulkka mulk huquqini qo‘lga kiritadilar. Qurilish belgilangan qoidalar buzilgan tarzda amalga oshirilganligi hollarida qurilgan imorat o‘zboshimchalik bilan imorat qurish deb baxolanadi. Turarjoylari, binolari, inshootlari hamda boshqa turdagi ko‘chmas mulkning qurilishida qonunchilik buzilganligi hollarida paydo bo‘ladigan munosabatlarni tartibga soladi.
Amaldagi qonunchiligimizga muvofiq turar joy binosi ham, har qanday boshqa turdagi ko‘chmas mulk va boshqa xil imorat ham o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat deb tan olinadi, agarda u qonunchilikda hamda boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan tartibga muvofiq maqsadlar uchun ajratib berilmagan yer uchastkasida qurilgan bo‘lsa, buning uchun zarur bo‘lgan ruxsatnomalarni olmay qurilgan bo‘lsa, shaharsozlik va qurilish me’yorlarini va qoidalarini jiddiy ravishda buzgan holda qurilgan bo‘lsa.
O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratning qurilishi quruvchi shaxs uchun bir qator salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi. Ya’ni, o‘zboshimcha qurilishni amalga oshirgan shaxs, unga mulk huquqini qo‘lga kirita olmaydi va qurilgan imoratni tasarruf etishga ya’ni unga doir har qanday bitimlarni tuzishga haqli emas. O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlar yuzasidan tuziladigan bitimlar o‘z-o‘zidan haqiqiy emas. Mazkur imorat, qonunning imperativ ko‘rsatmasiga binoan, shu jumladan tugatilmagan qurilish ob’yekti sifatida ham fuqarolik muomalasidan chiqarilgan va davlat ro‘yxatiga olinmaydi.
Bundan tashqari, sud qaroriga binoan, o‘zboshimcha qurilishni amalga oshirgan shaxs qurilmani buzishi yoki uni buzish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplashi kerak. Noqonuniy ravishda qurilish bajarilgan yer uchastkasining mulkdori yoki shaharsozlik va me’morchilik sohasidagi nazoratni amalga oshirayotgan vakolatli davlat organi tegishli talab bilan sudga murojaat qilishi mumkin.
Bexato, [24.11.2025 18:51]
O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksi 91-moddasiga muvofiq, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerlarni qaytarish, agar o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari ularga g‘ayriqonuniy ravishda egalik qilingan va foydalanilgan vaqtda qilingan sarf-xarajatlar qoplanmagan tarzda tegishliligiga ko‘ra qaytariladi. Yer uchastkalarini foydalanish uchun yaroqli holatga keltirish, shu jumladan undagi imoratlarni buzish yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olgan shaxslar hisobidan amalga oshiriladi.
Bundan tashqari ushbu Kodeksning 90-moddasiga asosan yer to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik choralari mavjudligi belgilab o‘tilgan.
O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 60-moddasiga ko‘ra, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud bo‘lmagan holda ulardan foydalanish, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravari, mansabdor shaxslarga esa — ellik baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
O‘zboshimchalik bilan egallab olingan, ajratilgan yer uchastkasiga tutash bo‘lgan va tutash bo‘lmagan yer uchastkalarida qurilish ishlarini amalga oshirish, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravari, mansabdor shaxslarga esa — uch yuz baravari miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 2291-moddasiga muvofiq, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud bo‘lmagan holda ulardan foydalanish, xuddi shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib xulosa o‘rnida shuni aytib o‘tish mumkinki, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat - bu qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qurilish maqsadlari uchun ajratib berilmagan yer uchastkasida qurilgan, shuningdek imorat qurish uchun zaruriy ruhsatnomani olmagan holda yoki me’morchilik va qurilish me’yorlari va qoidalarini jiddiy ravishda buzgan holda qurilgan uy-joy binosi, boshqa binolar yoki boshqa turdagi ko‘chmas mulkdir. Ushbu imoratlarga nisbatan mulk huquqini qo‘lga kiritilishi mumkin emas, aksincha qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladi.
Bugungi kunda yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalari berish va yer uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini realizatsiya qilish "E-IJRO AUKSION" yagona savdo maydonchasida elektron kim oshdi savdolari orqali amalga oshiriladi. Kim oshdi savdosi qatnashchisi yiliga bir marta elektron onlayn auksion orqali yakka tartibdagi uy-joy qurish uchun bitta yer uchastkasini sotib olish huquqiga ega ekanligi belgilab qo‘yilgan.
Shunday ekan respublikamizdagi mavjud yer maydonlaridan oqilona foydalanish har birimizning muqaddas burchimizdir, yerlardan to‘g‘ri foydalanishimiz natijasida biz mamlakatimizning rivojlanishi va yuksalishida o‘z hissamizni qo‘shgan bo‘lamiz.
Bekzod Kazakov,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Do‘stlik tumanlararo sudining raisi
