KORRUPSIYA – TARAQQIYOT YO‘LIDAGI GʻOV
2025-11-19 10:45:00 / Yangiliklar

Yangi O‘zbekistonni korrupsiyadan xoli, sog‘lom va shaffof jamiyatga aylantirish davlat siyosatining bosh maqsadidir. Keyingi to‘qqiz yilda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida mustahkam huquqiy baza yaratilib, targ‘ibot-tashviqot tadbirlari izchillik bilan olib borilmoqda.
Albatta, har bir qonun yaxshilikni ko‘zlab, ezgu maqsadda qabul qilinadi.
Ana shunday tarixiy ahamiyatga ega hujjatlardan biri 2017 yil 3 yanvar kuni Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonundir. Unda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari hamda keng qamrovli chora-tadbirlar va normalar belgilangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda dunyoda korrupsiya va poraxo‘rlik natijasida yiliga bir trillion dollardan ortiq mablag‘ o‘zlashtirilar ekan. Bu ma’lumot korrupsiya muammolari bilan shug‘ullanuvchi “Transparency International” tashkilotining hisobotlarida ta’kidlangan.
Dunyoning ilg‘or davlatlari korrupsiyaga qarshi jiddiy choralar ko‘rish bilan birga, xalqaro miqyosdagi dasturlarni amalga oshirishda ham faol ishtirok etmoqdalar.
Milliy taraqqiyotga to‘siq bo‘lib kelayotgan korrupsiyani bartaraf etish yo‘lida davlatimiz tomonidan dadil qadamlar tashlanmoqda. Eng muhimi, xalqimiz huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan birgalikda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash olib borib, ta’sirchan jamoatchilik nazoratini bosqichma-bosqich o‘rnatmoqda.
“Transparency International” xalqaro tashkilotining “Korrupsiyani qabul qilish indeksi” reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston so‘nggi yillarda mintaqadagi tez sur’atlarda sog‘lomlashib borayotgan davlatlar qatorida e’tirof etilgan.
Shunday davlatlar borki, ularda pora olishni “jamoatchilik axloqi nuqtai nazariga to‘g‘ri kelmaydi”, degan tamoyil shakllangan. Masalan, Daniya va Finlyandiya davlatlarida shunday tushuncha shakllangan.
Yaponlar ham, xitoyliklar ham, singapurliklar ham xalq ruhiyatini saqlab qolish, qadriyatlarni mustahkamlash, vatanparvarlik mafkurasini aholi ongiga singdirish orqali milliy taraqqiyotga erishdi.
Biz ham bu yorug‘ yo‘ldan borishga munosibmiz. Zero, erkinlik va u yaratayotgan boy imkoniyatlardan to‘liq foydalanish — O‘zbekistonda korrupsiya muammosini hal etish bilan chambarchas bog‘liq hayotiy jarayon.
Shuningdek, ommaviy axborot vositalarining erkin va dadil faoliyat yuritishi orqali jamiyat hayotini demokratlashtirish, odamlarni mustaqil fikrlashga undash, jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish va izchil yo‘lga qo‘yish zarur.
Korrupsiyaga qarshi kurashishni to‘laqonli, sifatli, talab darajasida amalga oshirsak, jamiyatimiz ravnaqi ildam olg‘a boradi. Ayni tamoyilni sud sohasida ham ko‘rish mumkin.
Shuningdek, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishda ushbu toifadagi jinoyat ishlarini sayyor sud majlislarida ko‘rishni ko‘paytirish, xususiy ajrimlarning ta’sirchanligini oshirish, ma’ruza va davra suhbatlari, ommaviy axborot vositalarida targ‘ibot-tashviqot ishlarini yanada kuchaytirish talab etiladi.
Joriy yilning 5 mart kuni davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining yig‘ilishida har bir sohada korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish, sud tizimida ham odil sudlov sifati va samaradorligini oshirish doimo diqqat markazida bo‘lishi zarurligini ta’kidlagani bejiz emas.
Darhaqiqat, odil sudlov sifati va samaradorligini oshirish, adolatni ta’minlash aholining sudga, davlatga va olib borilayotgan islohotlarga ishonchini mustahkamlaydi.
L.Qodirqulov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Do‘stlik tuman sudining raisi
