“MobiUz” telekommunikatsiya kompaniyasining xalqaro xususiylashtirish jarayoni boshlandi
2025-06-09 17:15:00 / Yangiliklar

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi oʻrinlarda – “Davlat aktivlari agentligi”) “Universal Mobile Systems” MChJ ustav kapitalidagi 100% davlat ulushini (keyingi oʻrinlarda – “MobiUz”) xususiylashtirish boʻyicha xalqaro ochiq savdo jarayoni boshlanganligini eʼlon qiladi.
Xalqaro darajada xususiylashtirish jarayonini muvaffaqiyatli va samarali tashkil etish maqsadida “Rothschild & Co” xalqaro investitsiya banki bitim boʻyicha yetakchi strategik va moliyaviy konsultant sifatida, “KPMG” xalqaro kompaniyasi – moliyaviy konsultant sifatida hamda moliyaviy, soliq va yuridik ekspertiza (“vendor due diligence”) oʻtkazish boʻyicha, shuningdek, mustaqil baholovchi sifatida “Deloitte” xalqaro kompaniyasi jalb qilingan.
Qisqacha maʼlumot:
“Universal Mobile Systems” MChJ (“MobiUz” savdo belgisi ostida faoliyat yuritadi) – Oʻzbekistondagi telekommunikatsiya korxonasi boʻlib, zamonaviy mobil uyali aloqa xizmatlari va mobil internet xizmatlarini “4G LTE”, “UMTS” va “GSM” standartlarida “MobiUz” savdo belgisi ostida taqdim etadi.
2024-yil yakuniga koʻra, korxonaning sof tushumi 2 086 mlrd soʻm va abonentlari soni 7,8 mln nafarni tashkil etadi. Shu oʻrinda, Oʻzbekiston iqtisodining va aholisining hozirgi oʻsish surʼatlari bu bozorda katta imkoniyatlar borligidan dalolat beradi.
Sotish jarayoni toʻgʻrisida:
“MobiUz”ni xususiylashtirish jarayoni ochiq raqobat asosida amalga oshiriladi, u ham mahalliy va ham xalqaro darajada barcha qiziqish bildirgan shaxslar uchun ochiqdir.
Savdo jarayoni uch bosqichda amalga oshiriladi:
- Sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish (“Expression of interest/ EoI”);
- Majburiyatga ega boʻlmagan takliflarni qabul qilish (“NBO”);
- Majburiyatga ega boʻlgan takliflarni qabul qilish (“BO”).
Sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish (“Expression of Interest/ EoI”) bosqichini amalga oshirish jarayoni:
Qiziqish bildirish bosqichida talabgorlardan quyidagi maʼlumotlar bilan sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish toʻgʻrisidagi arizalarini (Express of interest) taqdim etishlari soʻraladi:
- Talabgor toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot (roʻyxatdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma, faoliyat turi).
- Ishtirokchining ustav kapitalida 5% dan ortiq ulushga ega boʻlgan aksiyadorlar/ishtirokchilar (ulushi koʻrsatilgan holda) hamda yakuniy benefitsiarlar toʻgʻrisida maʼlumot.
- Soʻnggi 3 moliya yili uchun moliyaviy hisobot.
Talabgorlar qiziqish bildirishi toʻgʻrisidagi arizalarini oʻzbek, rus yoki ingliz tillarida tayyorlab, 2025-yil 1-avgust soat 18:00ga qadar (Toshkent vaqti bilan) oleg.pushkarev@rothschildandco.com, fara.babaev@rothschildandco.com, ssandykbayeva@kpmg.com elektron pochta manzillariga yuborishlari talab etiladi.
Kelib tushgan arizalar quyidagi mezonlar asosida saralanadi:
- Aktivni sotib olish uchun moliyaviy resurslarining yetarliligi;
- xususiylashtirish jarayonida ishtirok etilishini taqiqlashi mumkin boʻlgan maʼmuriy, hakamlik yoki boshqa sud jarayonlarining yoʻqligi;
- Oʻzbekiston Respublikasining 660-II-sonli “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuniga rioya etilishi;
- Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning aksiyadorlari/ishtirokchilarining hech biri davlat kompaniyasi emasligi;
- Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning tegishli shaxslaridan hech biri Yevropa Ittifoqi va AQSHning, shuningdek yirik xalqaro moliya institutlarining (Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki) sanksiyalari roʻyxatiga kiritilmagan boʻlishi. Shu bilan birga, ariza topshirilgan sanada talabgorlar sanksiyalangan shaxs(lar) yoki yuqorida aytib oʻtilgan sanksiya organlari tomonidan har qanday ish yoki tergov obyekti(lari) boʻlmasligi, talabgorlar (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning tegishli shaxslaridan hech biri yuqorida aytib oʻtilgan muassasalar va davlatlarning sanksiyalar rejimiga zid boʻlgan har qanday faoliyatga (toʻgʻridan-toʻgʻri yoki biron bir shoʻba korxonasi orqali) jalb etilmagan boʻlishlari va Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri), shuningdek uning tegishli shaxslaridan birortasining asosiy moliyalashtiruvchi tomonlari yoki kreditorlari sanksiyadagi shaxslar yoki sanksiyadagi shaxslarga tegishli boʻlgan yoki ular tomonidan egalik va nazorat qilinadigan banklar yoki moliya institutlari boʻlmasligi.
Qiziqish bildirish toʻgʻrisidagi arizalarini qabul qilish yakunlangach, navbatdagi bosqichga oʻtganlar roʻyxati shakllantiriladi va Davlat aktivlari agentligi tomonidan mazkur bosqich natijasi boʻyicha tegishli eʼlon beriladi hamda “Rothschild & Co” va “KPMG” tomonidan qiziqish bildirgan barcha talabgorlarga Jarayon xati (Process Letter) orqali jarayon natijalari va keyingi bosqich toʻgʻrisida individual ravishda xabardor qilinadi.
Qoʻshimcha maʼlumotlar uchun quyidagi aloqa kanallariga murojaat qiling:
- Oleg Pushkarev, “Rothschild & Co” direktori: oleg.pushkarev@rothschildandco.com; tel.: +971 50 645 8679
- Farxad Babayev, “Rothschild & Co” kichik direktori: fara.babaev@rothschildandco.com; tel.: +971 56 218 0356
- Saltanat Sandikbayeva, “KPMG”ning Oʻzbekistondagi hamkori: ssandykbayeva@kpmg.com; tel.: +998 90 099 21 20
- Shohrux Oxunov, Davlat aktivlari agentligining boshqarma boshligʻi: sh.oxunov@davaktiv.uz; tel.: +998 71 259 20 23
Navbatdagi, Majburiyatga ega boʻlmagan (NBO) takliflarni qabul qilish bosqichiga oʻtgan ishtirokchilar bilan Axborotni oshkor etmaslik toʻgʻrisidagi bitim (NDA) imzolanadi va majburiyatga ega boʻlmagan tijorat takliflarini tayyorlash uchun “MobiUz” faoliyati toʻgʻrisidagi umumiy maʼlumotlar saqlanadigan virtual maʼlumotlar xonasiga (VDR) kirish taʼminlanadi.
Sotish jarayonining kelgusi bosqichlari toʻgʻrisida:
Majburiyatga ega boʻlgan (BO) takliflarni qabul qilish bosqichiga oʻtgan ishtirokchilar “KPMG” kompaniyasi tomonidan tayyorlangan korxonaning moliyaviy, soliq va yuridik faoliyati boʻyicha kompleks tahliliy hisobotlar (vendor due diligence)ni oʻrganish, “MobiUz”ga tashrif buyurish va uning faoliyati bilan tanishish imkoniyatiga ega boʻladi.
Yakuniy bosqichda, Majburiyatga ega takliflar (BO)ni taqdim etishdan avval, ishtirokchilarga “MobiUz”ni sotib olish va uning kelgusidagi faoliyati boʻyicha asosiy shartlar toʻgʻrisidagi Bitim (“Term Sheet”) taqdim etiladi hamda taklif qilinayotgan majburiyatga ega boʻlgan narx takliflarining kamida 1% miqdoridagi kafolat toʻlovini kiritish talab etiladi.
Ushbu eʼlon chop etilgandan soʻng “Rothschild & Co” va “KPMG” xalqaro bozorlarda “MobiUz”ni targʻib qilish, investitsiya tizerlarini ofislari tarmogʻi orqali tarqatish va strategik investorlar bilan faol muloqotga kirishish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
Davlat aktivlari agentligi konsultantlar – “Rothschild & Co” va “KPMG” bilan hamkorlikda savdoning har bir bosqichi toʻgʻrisida jamoatchilikka axborot berib, ishtirokchilarni xabardor qilib borilishini taʼminlaydi.
Diskleymer:
Davlat aktivlari agentligi sotish jarayonining ketma-ketligini oʻzgartirish yoki potensial xaridorga (xaridorlarga) sotishni yoki sabablarini tushuntirmasdan istalgan vaqtda ular bilan muzokara olib borishni rad etish huquqini oʻzida saqlab qoladi.
Ushbu eʼlon yoki uning mazmunining biron-bir qismi mazkur eʼlon chop etilishidan kelib chiqib taxmin qilinishi mumkin boʻlgan Davlat aktivlari agentligining Aktivni sotish bilan bogʻliq biror-bir shakldagi majburiyati sifatida talqin qilinmasligi kerak. Davlat aktivlari agentligi oʻz xohishiga koʻra har qanday vaqtda va har qanday munosabatda, birgalikdagi yoki shaxsiy javobgarlikni oʻz zimmalariga olmasdan:
(i) Qiziqish bildirish, Majburiyatga ega boʻlmagan takliflarni qabul qilish va boshqa arizalarni taqdim etish muddatlarini oʻzgartirish;
(ii) turli xil manfaatdor tomonlar uchun turli xil tartib-qoidalar boʻyicha ish tutish va/yoki Davlat aktivlari agentligi tomonidan koʻzda tutilgan reja-jadval va tartib doirasida istalgan boshqa potensial xaridorni (xaridorlarni) oldindan ogohlantirmasdan chiqarib tashlagan holda bir yoki bir nechta potensial xaridorlar bilan muzokaralar olib borish;
(iii) aniq sababga koʻra sotish jarayonini toʻxtatish;
(iv) va/yoki istalgan vaqtda va sabablarni tushuntirmasdan Savdoga taalluqli boʻlgan har qanday potensial xaridor (xaridorlar) bilan har qanday muhokama va muzokaralarni olib borish/tugatish huquqlarini oʻzida saqlab qoladi.