“Invest Group Centre” MChJ ustav kapitalidagi davlat ulushini xususiylashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi
2025-05-23 19:15:00 / Yangiliklar

Avval maʼlum qilinganidek, tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq,“Invest Group Centre” MCHJ (keyingi oʻrinlarda - Aktiv) ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini sotish boʻyicha boshlangan ochiq savdo jarayonlarining Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO)ni taqdim etish bosqichida 3 nafar talabgor ishtirok etish uchun taklif qilingan.
Ushbu bosqichda, Talabgorlarga xususiylashtirish boʻyicha konsultant"Portfolio Investment" tomonidan tayyorlangan Aktivning moliyaviy, soliq, huquqiy va ekologik faoliyati yuzasidan kompleks tahliliy maʼlumotlar bilan tanishish va Aktivning boshqaruv organi bilan uchrashish imkoniyati yaratildi.
Belgilangan muddatlarda 3 nafar talabgor tomonidan Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO) taqdim qilingan va aktivni sotib olish uchun eng yuqori narx taklifini bildirgan“Kapitalbank” AJ 297,9 mlrd soʻm sotib olish toʻlovini 1 (bir) oy ichida toʻliq toʻlash sharti bilan savdo gʻolibi deb topildi.
Bunda, Aktivni sotib olishga va uning keyingi faoliyatiga qoʻyilgan quyidagi shartlar Xaridor tomonidan qabul qilingan:
- Aktiv va uning balansidagi sport-sogʻlomlashtirish majmuasining faoliyat turini 10 (oʻn) yil muddat saqlab qolish;
- Aktiv balansidagi sport-sogʻlomlashtirish majmuasi hududida sport-sogʻlomlashtirish faoliyatiga toʻgʻri kelmaydigan bino-inshootlarning qurilishiga yoʻl qoʻymaslik (taʼmirlash ishlaridan tashqari), obyekt hududida har qanday taʼmirlash-tiklash ishlarini qatʼiyan arxitektura-shaharsozlik kengashining ruxsati bilan amalga oshirish.
Xaridorning taklifi Konsultant tomonidan hisoblangan Aktivning indikativ narxlar oraligʻining yuqori qismida joylashgan hamda baholangan qiymatidan yuqori.
Aktivni xususiylashtirish natijalari Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish davlat komissiyasining tegishli qarori bilan maʼqullangan.