DAVLAT AKTIVLARI AGENTLIGIDA XALQARO VALYUTA JAMG‘ARMASI DELEGATSIYASI BILAN UCHRASHUV BO‘LIB O‘TDI
2026-11-19 17:35:00 / Yangiliklar

2026-yil 19-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligida Xalqaro valyuta jamg‘armasining (XVJ) O‘zbekiston bo‘yicha missiyasi rahbari Yassir Abdih hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Xusanov ishtirokida delegatsiya bilan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekistonda tarkibiy iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish, xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish hamda davlat aktivlarini boshqarish samaradorligini oshirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Agentlik vakillari tomonidan XVJ delegatsiyasiga xususiylashtirish jarayonlarida erishilgan natijalar, davlat dasturlari ijrosining asosiy ko‘rsatkichlari, xususiy investitsiyalarni jalb etish dinamikasi, shuningdek, joriy xususiylashtirish portfeli va davlat aktivlarini xususiylashtirishning istiqbolli yo‘nalishlari haqida ma’lumot taqdim etildi.

Alohida e’tibor davlat sektorini isloh qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning amaliy natijalariga, jumladan, davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyati samaradorligini oshirish, ularning moliyaviy-iqtisodiy ko‘rsatkichlarini yaxshilash, strategik investorlarni jalb etish hamda iqtisodiyotda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalalariga qaratildi.
Muhokamalarning yana bir muhim yo‘nalishi davlat korxonalarida korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish masalalari bo‘ldi. Xususan, kuzatuv kengashlari va ijroiya organlari faoliyati samaradorligini oshirish, zamonaviy korporativ boshqaruv standartlarini joriy etish, menejment faoliyati natijadorligini baholash mexanizmlarini takomillashtirish hamda davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatining shaffofligini oshirish bo‘yicha yondashuvlar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-sonli “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi, xususan, iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish va davlat aktivlarini xususiylashtirishni jadallashtirish borasidagi amaliy masalalar muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar konstruktiv va mazmunli hamkorlikni yanada rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar. Xususiylashtirish, davlat aktivlarini boshqarish, davlat korxonalari faoliyati samaradorligini oshirish va korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish masalalari bo‘yicha zarur ma’lumotlar, tahliliy materiallar hamda xalqaro tajriba almashinuvini muntazam davom ettirishga kelishib olindi.
Davlat aktivlari Agentligi
Matbuot xizmati
