HUDUDLAR MANFAATLARI YO‘LIDAGI XUSUSIYLASHTIRISH: TUSHGAN MABLAG‘LAR QAYERGA YO‘NALTIRILADI?
2026-11-18 10:00:00 / Yangiliklar
Davlat aktivlarini xususiylashtirish bilan bog‘liq holda jamoatchilikda tabiiy ravishda yuzaga keladigan savollardan biri – bu ularni sotishdan tushgan mablag‘lar qayerga yo‘naltiriladi hamda ushbu mablag‘lar mamlakatimiz va uning fuqarolari uchun qanday naf keltiradi?
Davlat aktivlari agentligi ushbu jarayonning ochiqligini ta’minlash, davlat mulki va yer uchastkalarini sotishdan tushgan mablag‘lar qanday taqsimlanishi, qaysi maqsadlarga yo‘naltirilishi, shuningdek, hududlarni rivojlantirish, infratuzilmani yangilash va iqtisodiyot uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qanday hissa qo‘shishini keng jamoatchilikka tushuntirishni muhim deb hisoblaydi.
Davlat aktivlari va yer uchastkalarini sotishdan tushadigan mablag‘lar respublika budjetining ajralmas qismi hisoblangan maxsus jamg‘arma orqali ochiqlik va aniq maqsadga yo‘naltirilganlik tamoyillari asosida taqsimlanadi. Mazkur jarayon hududlarni rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash hamda mahalliy budjetlarning moliyaviy mustaqilligini oshirishga xizmat qiladi.
Ushbu mablag‘lardan foydalanishning asosiy yo‘nalishlari va tartibi quyidagilardan iborat:
Maqsadli loyihalar va hududlarni rivojlantirish: Tushumlarning bir qismi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq, aniq maqsadlarga yo‘naltiriladi. Jumladan, poytaxtda amalga oshirilayotgan yangi loyihalar va infratuzilma obyektlarini moliyalashtirish uchun Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi orqali mablag‘ ajratiladi.
Ma’muriy binolarni yangilash va maqbullashtirish: Davlat organlariga tegishli binolarni sotishdan tushgan mablag‘lar hisobidan Yangi Toshkent hududida vazirlik va idoralar uchun zamonaviy, maqbullashtirilgan ma’muriy binolar qurilishi ta’minlanadi. Bunda belgilangan me’yorlarga muvofiq, har bir kvadrat metr maydondan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratiladi.
Mahalliy budjetni qo‘llab quvvatlash va manfaatdorlikni oshirish: Yer uchastkalarini sotish, shuningdek, yer maydoni 10 000 kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk obyektlarini realizatsiya qilishdan tushgan mablag‘lar ham tuman va viloyat budjetlariga yo‘naltiriladi. Bu esa mahalliy hokimliklarga qo‘shimcha daromad manbalari hisobidan o‘z hududlarida yangi loyihalarni amalga oshirish, ijtimoiy soha obyektlarini ta’mirlash hamda infratuzilmani yaxshilash uchun moliyaviy imkoniyatlar yaratadi.
Mahallalar farovonligini oshirish: Mahalla hokimi yordamchilarining onlayn buyurtmalari asosida elektron savdolarga chiqarilgan, maydoni 5 000 kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk obyektlarini sotishdan tushgan mablag‘lar tegishli mahallalarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish bo‘yicha jamg‘armalarga yo‘naltiriladi.
Umuman olganda, davlat aktivlarini sotishdan tushadigan mablag‘lar nafaqat budjet daromadlarini shakllantirish, balki hududlarda iqtisodiy faollikni oshirish va mahalliy davlat hokimiyati organlarining o‘z hududini rivojlantirishdan manfaatdorligini kuchaytirishda ham muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi.
Davlat aktivlari agentligi
Matbuot xizmati
