DAVLAT BAYROG‘I — MILLIY G‘URUR VA IFTIXOR TIMSOLI
2026-11-17 17:05:00 / Yangiliklar


O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganining 35 yilligi munosabati bilan Davlat aktivlari agentligida “Davlat ramzlariga hurmat – Vatanga hurmat” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirni “Elektron-onlayn auksionlarni tashkil etish” AJ direktori Bekzod Usmonov, Agentlik yoshlar yetakchisi Oybek To‘rabekov hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yurist kadrlarni qayta tayyorlash markazi katta o‘qituvchisi Behruz Eshpo‘latov olib borib, unda agentlik markaziy apparati xodimlari, tizim tashkilotlari hamda hududlardagi vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbati davomida davlat ramzlari, xususan, Davlat bayrog‘ining mamlakat mustaqilligi, suvereniteti va milliy o‘zlikni anglashdagi o‘rni va ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Ta’kidlanganidek, davlat ramzlariga hurmat – bu, avvalo, Vatanga hurmat, uning tarixi, buguni va kelajagiga bo‘lgan yuksak ehtirom ifodasidir. Har bir fuqaro, ayniqsa, davlat tashkilotlari xodimlari davlat ramzlarining mazmun-mohiyatini chuqur anglashi va ularga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi muhim.

Tadbir davomida Behruz Eshpo‘latov tomonidan davlat ramzlarining huquqiy asoslari, ularning mazmun-mohiyati hamda jamiyat hayotidagi ahamiyati yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Shuningdek, tadbir doirasida mavzuga oid viktorina tashkil etilib, unda xodimlar o‘z bilim va faolliklarini namoyish etdilar. G‘olib va faol ishtirokchilar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.


Mazkur tadbir xodimlarning davlat ramzlariga hurmat va ehtirom tuyg‘usini yanada mustahkamlash, huquqiy bilimlarini oshirish hamda milliy qadriyatlarga sadoqatini kuchaytirishga xizmat qildi.
