TOSHKENT VILOYATIDA ROADSHOW BO‘LIB O‘TDI
2026-11-09 11:10:00 / Yangiliklar

Toshkent viloyati Nurafshon shahrida Davlat aktivlari agentligining ketma-ket oltinchi yil o‘tkazilayotgan an’anaviy Roadshow taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirkorlar, investorlar va keng jamoatchilikka hududda xususiylashtirilayotgan davlat aktivlari, yer uchastkalari va yaratilayotgan yangi imkoniyatlar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Roadshow taqdimotida Toshkent viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari-viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Otabek Tursunov hamda 320 nafarga yaqin tadbirkor, investorlar va yoshlar ishtirok etdilar.
Taqdimotda Davlat aktivlari agentligi tomonidan davlat aktivlari va yer uchastkalarini xususiylashtirish, bo‘sh turgan obyektlardan samarali foydalanish, tadbirkorlikni rivojlantirish, ular negizida investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda byudjetga tushumlarni ko‘paytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Davlat aktivlari agentligi davlat mulkini xususiylashtirish departamenti boshlig‘i Sardor Jumayev so‘zga chiqib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida so‘nggi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiyotda davlat ulushini qisqartirish hamda xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash yuzasidan keskin islohotlar amalga oshirilayotganligini ta’kidladi. Xususan, joriy yilning 28-avgustida Prezidentning PF-177 sonli Farmoni qabul qilindi va Farmon bilan 2026-yil uchun xususiylashtirish dasturi tasdiqlanganligi hamda xususiylashtirish va davlat mulkini ijaraga olishda yangi imtiyozlar joriy etilganligi haqida batafsil ma’lumot berib o‘tdi.
Davlat aktivlari agentligi Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Mashrab G‘aniyev o‘z nutqida shunday ta’kidladi: "2026-yillarda fuqarolar va tadbirkorlarga doimiy foydalanishda, ijarada va umrbod egalik qilish huquqida bo‘lgan umumiy maydoni 434 gektarlik 977 ta yer uchastkasi 809,7 mlrd so‘mga xususiylashtirildi. Natijada fuqarolar va tadbirkorlar ushbu yer uchastkalarini garovga qo‘yish yoki bo‘lib sotish imkoniyatiga ega bo‘ldilar".
2026-yil davomida savdolarga 517,7 mlrd so‘mlik 103 ta davlat aktivi chiqarilgan, 54 ta aktiv 253,7 mlrd so‘mga realizatsiya qilindi. Hozirgi vaqtda auksion savdolarida jami 563,3 mlrd so‘mlik 66 ta davlat aktivi turibdi.
Bugungi kunda umumiy maydoni 511,6 gektarlik yer uchastkalarining elektron onlayn-sotuvlari davom etmoqda.
Davlat aktivlari agentligi
matbuot xizmati
