DAVLAT AKTIVLARI AGENTLIGI VA DEİK O‘ZBEKISTONDAGI XUSUSIYLASHTIRISH JARAYONIGA TURKIYA INVESTORLARINI JALB ETISH BO‘YICHA HAMKORLIKNING YANGI BOSQICHINI MUSTAHKAMLAMOQDA
2026-11-06 16:35:00 / Yangiliklar

Davlat aktivlari agentligida direktor Sohibjon Murodovning Turkiya Tashqi iqtisodiy aloqalar kengashi (DEİK) huzuridagi Turkiya – O‘zbekiston Ishbilarmonlar kengashi raisi O‘zgyur Onur O‘zgyuven bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvning asosiy natijasi Davlat aktivlari agentligi va DEİK o‘rtasida Hamkorlik memorandumining imzolanishi bo‘ldi. Ushbu hujjat Turkiya biznes hamjamiyati bilan tizimli hamkorlikni rivojlantirish, investorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish hamda O‘zbekistonning investitsiyaviy imkoniyatlarini Turkiya bozorida taqdim etishga qaratilgan.
Hujjatda xususiylashtirish uchun taklif etilayotgan davlat aktivlari to‘g‘risida Turkiya kompaniyalarini xabardor qilish, investitsiyaviy takliflar bilan o‘zaro almashish, ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish hamda Turkiya kapitalini O‘zbekistondagi iqtisodiy o‘zgarishlarga jalb etish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish nazarda tutilgan.
Erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha dastlabki amaliy qadamlardan biri sifatida Turkiya tomoni 2026-yil dekabr oyida Turkiya investorlari uchun O‘zbekistondagi xususiylashtirish jarayonlariga bag‘ishlangan maxsus panel sessiyasini o‘tkazishni taklif etdi. Ushbu tadbir istiqbolli aktivlarni taqdim qilish, xususiylashtirish jarayonlarida ishtirok etish shartlarini muhokama qilish hamda Davlat aktivlari agentligi vakillari va investorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish maydoniga aylanadi.
Muloqot davomida Davlat aktivlari agentligi direktori joriy xususiylashtirish dasturining asosiy yo‘nalishlari, yangi investitsiyaviy imkoniyatlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-177-sonli Farmonida nazarda tutilgan davlat aktivlarini xarid qilish shartlarini tushuntirdi.
Alohida e’tibor kelgusidagi xususiylashtirish bosqichining ko‘lamiga qaratildi. Xususan, 2026–2027 yillarda 84 ta korxonadagi davlat ulushlari, 1 242 ta ko‘chmas mulk obyekti va qariyb 8 ming gektar yer maydonlarini savdolarga chiqarish nazarda tutilgan. Sotilishi rejalashtirilgan aktivlar va yer maydonlarining umumiy qiymati qariyb 100 trillion so‘mni tashkil etadi.
Investorlar uchun yangi moliyaviy shart-sharoitlar, jumladan, olti oy ichida to‘lov to‘liq to‘langanda 25 foiz miqdoridagi chegirma, to‘lovlarni 7 yilgacha muddatga foizsiz bo‘lib to‘lash imkoniyati hamda sotib olinayotgan obyektlar qiymatining kamida 50 foizi to‘langanidan so‘ng ularni rekonstruksiya qilishni boshlash huquqi alohida ko‘rib chiqildi.
Turkiyalik investorlar O‘zbekistondagi xususiylashtirish jarayonlarida salmoqli o‘rin egallamoqda. So‘nggi yillarda Turkiya biznes vakillari tomonidan umumiy qiymati qariyb 366 million AQSH dollariga teng bo‘lgan 30 dan ortiq davlat aktivi xarid qilingan. Hamkorlikning yanada kengaytirilishi investitsiyalarni jalb etish, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish, korxonalarni modernizatsiya qilish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ochadi.
Tomonlar Memorandumning imzolanishi va dekabr oyidagi panel sessiyasining o‘tkazilishi turkiyalik kompaniyalarning xususiylashtirish jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirish va ikki mamlakat o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlashda muhim qadam bo‘lishini ta’kidlab, erishilgan kelishuvlarni amalda ro‘yobga chiqarishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Davlat aktivlari agentligi
Matbuot xizmati
