Talabalar turar joyi binolarining sotilishi talabalar uchun yashash o‘rinlari qisqarishiga olib kelmaydi
2026-11-04 09:00:00 / Yangiliklar
Axborot makonida talabalar yotoqxonalari va ta’lim infratuzilmasi obyektlari binolarining sotilishi to‘g‘risida tarqalgan xabarlar munosabati bilan Davlat aktivlari agentligi ushbu masalaga aniqlik kiritadi.
Avvalo, shuni ma’lum qilamizki, “Yangi Toshkent”da yangi universitet binolari va talabalar yotoqxonalari qurib bitkazilib, foydalanishga topshirilguniga qadar amaldagi yotoqxonalardan talabalarni ko‘chirish hamda ular foydalanayotgan ta’lim infratuzilmasi obyektlarini bo‘shatish ishlari amalga oshirilmaydi. Talabalarni ta’lim olish va yashash uchun zarur sharoitlar bilan ta’minlash ushbu loyihalarning asosiy shartlaridan biri bo‘lib qoladi.
Hozirgi vaqtda bir qator oliy ta’lim muassasalarida o‘quv korpuslari shaharlarning turli qismlarida joylashgan bo‘lib, bu talabalar va professor-o‘qituvchilar tarkibi uchun muayyan tashkiliy va logistika noqulayliklarini keltirib chiqarmoqda. Shu munosabat bilan o‘quv infratuzilmasini birlashtirish, ta’lim muhitini modernizatsiya qilish hamda o‘quv jarayoni uchun yanada qulay sharoitlar yaratish imkonini beruvchi zamonaviy universitet kampuslarini shakllantirish ko‘zda tutilmoqda.
Xususan, Toshkent davlat yuridik universitetiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Universitet infratuzilmasini yangilash doirasida o‘quv jarayonini tashkil etish va talabalarning yashashi uchun zamonaviy sharoitlar yaratish nazarda tutilgan. Bunda yangi infratuzilmaga o‘tish bosqichma-bosqich, o‘quv jarayonini buzmagan va ta’lim oluvchilarning manfaatlariga putur yetkazmagan holda amalga oshiriladi. Zarur yangi binolar bilan ta’minlangunga qadar talabalar universitetning amaldagi infratuzilmasidan foydalanishni davom ettiradilar.
Mazkur loyihani amalga oshirish uchun “Yangi Toshkent”da 17,1 gektar maydonga ega yer uchastkasi ajratilgan.
Shunday ekan, gap talabalar turar joy fondini qisqartirish haqida emas, balki universitet infratuzilmasini izchil yangilash, davlat mulkidan foydalanish samaradorligini oshirish hamda talabalarning ta’lim olishi va yashashi uchun yanada qulay sharoitlar yaratish haqida bormoqda.
Davlat aktivlari agentligi xususiylashtirish jarayonlarini amalga oshirishda belgilangan shartlarga rioya etish, chora-tadbirlarning shaffofligi va jamoatchilik manfaatlarini ta’minlash ustuvor ahamiyatga ega ekanini yana bir bor ta’kidlaydi.
