O‘ZBEKISTONDA RIELTORLIK FAOLIYATI TO‘G‘RISIDAGI YANGI QONUN KUCHGA KIRADI
2026-10-29 16:05:00 / Yangiliklar

2026-yil 8-noyabrdan boshlab O‘zbekistonda "Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida"gi yangi Qonun kuchga kiradi. Qonun ko‘chmas mulk bozorining shaffofligini oshirish, rieltorlarning professionalligini yuksaltirish va fuqarolar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan.
Hujjat rieltorlik xizmatlarini tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish, mutaxassislarning malakasiga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirish hamda ko‘chmas mulk bozori infratuzilmasini rivojlantirishni nazarda tutadi.
Muhim yangiliklardan biri — rieltorlar, rieltorlik tashkilotlari va ko‘chmas mulk agentlarining Yagona reyestri tashkil etilishidir. Yagona reyestrning asosiy maqsadi – rieltorlik bozorida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, fuqarolarga xizmat ko‘rsatuvchi subyektlarning qonuniy maqomini tekshirish imkoniyatini yaratish hamda iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirishdan iborat.
Yagona reyestr vakolatli davlat organi tomonidan elektron shaklda yuritiladi va uning ma’lumotlari rasmiy veb-saytda joylashtiriladi. Reyestrda rieltorlar, rieltorlik tashkilotlari, ko‘chmas mulk bo‘yicha agentlar hamda rieltorlik sohasidagi professional jamoat birlashmalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar jamlanadi.
Mijozlar manfaatlarini himoya qilishning qo‘shimcha mexanizmi sifatida rieltorlik tashkilotlari va ko‘chmas mulk agentlarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalash joriy etiladi. Bu qonunchilik va sug‘urta shartlarida nazarda tutilgan holatlarda buyurtmachilarning manfaatlarini qo‘shimcha himoya qilish imkonini beradi.
Yana bir muhim yangilik — Multilisting tizimi joriy etilishidir. Ushbu elektron tizim ko‘chmas mulk obyektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plash, saqlash va ular bilan real vaqt rejimida almashish imkonini beradi. Natijada bozor ishtirokchilari o‘rtasidagi hamkorlik soddalashib, zamonaviy raqamli xizmatlarni rivojlantirish uchun sharoit yaratiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlari agentligi rieltorlik faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilangan.
Qonunning kuchga kirishi fuqarolar, tadbirkorlar va investorlar manfaatlariga xizmat qiladigan yanada ochiq, professional va zamonaviy ko‘chmas mulk bozorini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi.
