FARG‘ONA VILOYATI: XUSUSIYLASHTIRISH ORQALI BIZNES UCHUN YANGI IMKONIYATLAR
2026-10-23 19:05:00 / Yangiliklar
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan tashkil etilgan Roadshow tadbirida 200 nafardan ortiq tadbirkor va investor ishtirok etdi. Tadbirda xususiylashtirishga taklif etilayotgan davlat aktivlari va yer uchastkalari, shuningdek, investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar taqdim etildi.
Bugun Farg‘ona shahrida O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining navbatdagi Roadshow tadbiri bo‘lib o‘tdi. Oltinchi yildirki, an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan mazkur tadbir davlat organlari va tashkilotlari vakillari, tadbirkorlar, investorlar hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillarini bir maydonga jamladi.
Tadbirda Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari Islom Madaminov, Agentlikning Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Alisher Saliev, “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJning hududiy vakili Diyor Iminov, Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish markazining Farg‘ona viloyati boshqarmasi boshlig‘i Sardorbek Yo‘lchiyev, shuningdek, hududdagi tashkilotlar rahbarlari hamda 200 nafardan ortiq tadbirkor va investorlar ishtirok etdi.
Xususiylashtirish raqamlarda: Farg‘ona viloyati natijalari
Tadbir davomida Agentlikning Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Alisher Saliev tomonidan 2026-yil davomida hududda amalga oshirilgan xususiylashtirish ishlari natijalari taqdim etildi.
Hisobot davrida fuqarolar va tadbirkorlarning doimiy foydalanishida, ijarasida hamda umrbod egaligida bo‘lgan, umumiy maydoni 111,5 gektarni tashkil etuvchi 1 032 ta yer uchastkasi xususiylashtirildi. Mazkur bitimlarning umumiy qiymati 9,8 milliard so‘mni tashkil etdi.
Xususiylashtirish natijasida fuqarolar va tadbirkorlarga sotib olingan yer uchastkalaridan garov sifatida foydalanish, shuningdek, qonunchilikda belgilangan tartibda ularni qismlarga bo‘lib sotish imkoniyati yaratildi.
2026-yilda umumiy qiymati 871,1 milliard so‘m bo‘lgan 108 ta davlat aktivi savdoga chiqarildi. Shundan 38 ta aktiv jami 689,7 milliard so‘mga sotildi.
Ayni paytda umumiy qiymati 380,1 milliard so‘m bo‘lgan 65 ta davlat aktivini sotish bo‘yicha auksion savdolari davom etmoqda.
Yer uchastkalari — investorlar uchun yangi imkoniyatlar
2026-yil davomida elektron onlayn-auksionlar orqali umumiy maydoni 234 gektar bo‘lgan yer uchastkalari 200 milliard so‘mga sotildi.
Hozirgi vaqtda umumiy maydoni 585,5 gektar bo‘lgan yer uchastkalarini sotish bo‘yicha elektron onlayn-auksion savdolari davom etmoqda.
Mazkur mexanizmlar tadbirkor va investorlarga yangi biznes tashabbuslari hamda investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini shaffof va raqobatbardosh shartlarda xarid qilish imkonini bermoqda.
Davlat aktivlarini xarid qilish yanada qulaylashdi
Roadshow doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-177-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2026-yilgi xususiylashtirish dasturida nazarda tutilgan yangi imkoniyatlarga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, davlat aktivlari va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xarid qilishda obyekt qiymatining 15 foizi miqdorida boshlang‘ich to‘lovni amalga oshirish imkoniyati nazarda tutilgan. Qolgan summani esa qonunchilikda belgilangan muddatlarda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash mumkin.
Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi davlat ko‘chmas mulk obyektlari bo‘yicha shartnoma qiymatini 2027-yil 1-yanvarga qadar olti oy ichida to‘liq to‘lash sharti bilan 25 foiz chegirma taqdim etilishi belgilangan.
Mazkur chora-tadbirlar tadbirkorlar va investorlarning davlat mulkidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, ishbilarmonlik faolligini rag‘batlantirish hamda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan.
Davlat aktivlaridan — yangi investitsiya loyihalariga
Roadshow doirasida ishtirokchilarga xususiylashtirishning amaldagi tartiblari, elektron onlayn-auksionlar, bo‘sh turgan davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish hamda ular negizida investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tadbir tadbirkor va investorlarni davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayonlariga keng jalb etish, mavjud iqtisodiy resurslardan samarali foydalanish hamda hududda yangi biznes tashabbuslari va investitsiya loyihalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
