DAVLAT AKTIVLARI AGENTLIGI VA OTB DAVLAT ISHTIROKIDAGI KORXONALARGA NISBATAN “TO‘LOVGA QOBILIYATSIZLIK TO‘G‘RISIDA”GI QONUNNI QO‘LLASH MASALALARINI KO‘RIB CHIQDI
2026-10-23 20:15:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlari agentligida Osiyo taraqqiyot banki (OTB) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda davlat ishtirokidagi korxonalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi Qonunini qo‘llash masalalari, shuningdek, ularning moliyaviy holatini boshqarish samaradorligini oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuvda OTB bosh yuridik maslahatchisi Hanna J. Lim va eksperti Jon Martin ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida tomonlar davlat ishtirokidagi korxonalarga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi qonunchilikni qo‘llashning amaliy jihatlarini muhokama qildilar. Xususan, moliyaviy qiyinchiliklarni o‘z vaqtida aniqlash, qarzdorlikni tartibga solish hamda kreditorlar bilan hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirishda mazkur qonunchilikning o‘rni ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, korxonalarning moliyaviy muammolarini tahlil qilish jarayonlarini jadallashtirish, ularni moliyaviy sog‘lomlashtirish va restrukturizatsiya qilish samaradorligini oshirish, shuningdek, to‘lov qobiliyatini tiklash qiyin bo‘lgan hollarda o‘z vaqtida qarorlar qabul qilish uchun qonunda nazarda tutilgan tartib-taomillardan foydalanish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Tegishli huquqiy mexanizmlarni izchil qo‘llash moliyaviy intizomni mustahkamlash, davlat aktivlaridan oqilona foydalanish hamda kreditorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi qonunchilikni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish, idoralararo hamkorlikni mustahkamlash hamda davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.
