SAMARQANDDA TADBIRKORLAR VA INVESTORLAR UCHUN ROADSHOW TAQDIMOTI BO‘LIB O‘TDI
2026-10-22 14:30:00 / Yangiliklar

Bugun, Samarqand viloyati Samarqand shahrida Davlat aktivlarini boshqarish agentligining an’anaviy ravishda ketma-ket oltinchi yil o‘tkazilayotgan Roadshow taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirkorlar, investorlar va keng jamoatchilikka hududda xususiylashtirilayotgan davlat aktivlari, yer uchastkalari va yaratilayotgan yangi imkoniyatlar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Roadshow taqdimotida Davlat aktivlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Xusanov, Davlat aktivlari agentligi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Akram Egamov, «Ektron onlayn-auksionlarni tashkil etish» AJ Samarqand viloyat hududiy vakili Habib Mamatov, Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish markazi Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Abduvohid Yangiboyev, Samarqand viloyatining tashkilotlari rahbarlari, 280 nafardan ortiq tadbirkorlar va investorlar hamda hududdagi fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdilar.
Taqdimotda Davlat aktivlari agentligi tomonidan davlat aktivlari va yer uchastkalarini xususiylashtirish, bo‘sh turgan ob’yektlardan samarali foydalanish, tadbirkorlikni rivojlantirish, ular negizida investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda budjetga tushumlarni ko‘paytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Davlat aktivlari agentligi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Akram Egamov o‘z nutqida shunday ta’kidladi: «2026 yillarda fuqarolar va tadbirkorlarga doimiy foydalanishda, ijarada va umrbod egalik qilish huquqida bo‘lgan umumiy maydoni 22.4 gektarlik 193 ta yer uchastkasi 4.3 mlrd so‘mga xususiylashtirildi.
Natijada fuqarolar va tadbirkorlar ushbu yer uchastkalarini garovga qo‘yish yoki bo‘lib-bo‘lib sotish imkoniyatiga ega bo‘ldilar».
2026-yil davomida savdolarga 736 mlrd so‘mlik 99 ta davlat aktivi chiqarilgan, 73 ta aktiv 374.9 mlrd so‘mga realizatsiya qilindi. Hozirgi vaqtda auksion savdolarida jami 495.5 mlrd so‘mlik 62 ta davlat aktivi turibdi.
Bundan tashqari, 2026 yilda elektron onlayn-auksionlar orqali umumiy maydoni 391,2 gektarlik 807 ta yer uchastkasi sotildi. Bugungi kunda, umumiy maydoni 635,0 gektarlik yer uchastkalarining elektron onlayn-sotuvlari davom etmoqda.
Tadbirda Prezidentning 177-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan 2026 yilga mo‘ljallangan Xususiylashtirish dasturi doirasidagi yangi imkoniyatlar haqida ham ma’lumot berildi. Xususan, davlat aktivlari va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari xarid qilinganda 15 foiz miqdorida bo‘nak (avans) to‘lanishi nazarda tutilgan bo‘lib, qolgan summa qonunchilikda belgilangan muddatlarda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lanishi mumkin.
Davlat aktivlari agentligi
matbuot xizmati
