NAMANGAN VILOYATIDA TADBIRKORLAR VA INVESTORLAR UCHUN ROADSHOW BO‘LIB O‘TDI
2026-10-21 17:15:00 / Yangiliklar

Bugun, Namangan viloyati Davlatobod tumanida Davlat aktivlari agentligining an’anaviy ravishda ketma-ket oltinchi yil o‘tkazilayotgan Roadshow taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirkorlar, investorlar va keng jamoatchilikka hududda xususiylashtirilayotgan davlat aktivlari, yer uchastkalari va yaratilayotgan yangi imkoniyatlar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Roadshow taqdimotida Namangan viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov, Davlat aktivlari agentligi Namangan viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Matmusayev, «Ektron onlayn-auksionlarni tashkil etish» AJ Namangan viloyat hududiy vakili Alisher Mirzahmedov, Bo‘sh turgan ob’yektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazi Namangan viloyat hududiy boshqarmasi xodimlari, Namangan viloyatining tashkilotlari rahbarlari, 300 nafardan ortiq tadbirkorlar va investorlar hamda hududdagi fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdilar.Taqdimotda Davlat aktivlari agentligi tomonidan davlat aktivlari va yer uchastkalarini xususiylashtirish, bo‘sh turgan ob’yektlardan samarali foydalanish, tadbirkorlikni rivojlantirish, ular negizida investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda budjetga tushumlarni ko‘paytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Davlat aktivlari agentligi Namangan viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Matmusayev o‘z nutqida shunday ta’kidladi:«2026 yillarda fuqarolar va tadbirkorlarga doimiy foydalanishda, ijarada va umrbod egalik qilish huquqida bo‘lgan umumiy maydoni 19.6 gektarlik 79 ta yer uchastkasi 1.3 mlrd so‘mga xususiylashtirildi. Natijada fuqarolar va tadbirkorlar ushbu yer uchastkalarini garovga qo‘yish yoki bo‘lib-bo‘lib sotish imkoniyatiga ega bo‘ldilar».Shuni ham ta’kidlash joizki, 2026-yil davomida savdolarga 548.5 mlrd so‘mlik 68 ta davlat aktivi savdoga chiqarilib, shundan 59 ta aktiv 467.2 mlrd so‘mga realizatsiya qilindi. Hozirgi vaqtda auksion savdolarida jami 362.2 mlrd so‘mlik 55 ta davlat aktivi turibdi. Bundan tashqari, 2026 yilda elektron onlayn-auksionlar orqali umumiy maydoni 140.7 gektarlik 797 ta yer uchastkasi sotildi. Bugungi kunda umumiy maydoni 240.6 gektarlik yer uchastkalarining elektron onlayn-sotuvlari davom etmoqda.
Tadbirda Prezidentning 177-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan 2026 yilga mo‘ljallangan Xususiylashtirish dasturi doirasidagi yangi imkoniyatlar haqida ham ma’lumot berildi. Xususan, davlat aktivlari va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari xarid qilinganda 15 foiz miqdorida bo‘nak (avans) to‘lanishi nazarda tutilgan bo‘lib, qolgan summa qonunchilikda belgilangan muddatlarda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lanishi mumkin. Bundan tashqari, sotib olish to‘lovlari bazaviy hisoblash miqdorining 23 ming baravaridan yuqori bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk ob’yektlari hamda bazaviy hisoblash miqdorining 8 ming baravaridan yuqori bo‘lgan noqishloq yer uchastkalarining olti oy davomida to‘liq to‘langanda shartnoma qiymatidan 25 foiz miqdorida chegirma berilishi belgilangan. Ushbu imkoniyatlar tadbirkorlar va investorlar uchun yangi loyihalarni amalga oshirish hamda biznesni kengaytirishda muhim ko‘mak bo‘ladi.
Davlat aktivlari agentligi
matbuot xizmati
