JIZZAX VILOYATIDA ROADSHOW BO‘LIB O‘TDI
2026-10-21 15:50:00 / Yangiliklar

Bugun, Jizzax viloyati Jizzax shahrida Davlat aktivlarini boshqarish agentligining an’anaviy ravishda ketma-ket oltinchi yil o‘tkazilayotgan Roadshow taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirkorlar, investorlar va keng jamoatchilikka hududda xususiylashtirilayotgan davlat aktivlari, yer uchastkalari va yaratilayotgan yangi imkoniyatlar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Roadshow taqdimotida Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari Baxrom Yusupov, Davlat aktivlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Xusanov, Davlat aktivlari agentligi Jizzax viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Asil Abdujalilov, «Ektron onlayn-auksionlarni tashkil etish» AJ Jizzax viloyat hududiy vakili Muhammad Anarboyev, Bo‘sh turgan obyektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazi Jizzax viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Dilshod Xalikov, Jizzax viloyatining tashkilotlari rahbarlari, 200 nafardan ortiq tadbirkorlar va investorlar hamda hududdagi fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdilar.
Taqdimotda Davlat aktivlari agentligi tomonidan davlat aktivlari va yer uchastkalarini xususiylashtirish, bo‘sh turgan ob’yektlardan samarali foydalanish, tadbirkorlikni rivojlantirish, ular negizida investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda budjetga tushumlarni ko‘paytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Davlat aktivlari agentligi Jizzax viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Asil Abdujalilov o‘z nutqida shunday ta’kidladi: «2026 yillarda fuqarolar va tadbirkorlarga doimiy foydalanishda, ijarada va umrbod egalik qilish huquqida bo‘lgan umumiy maydoni 18.7 gektarlik 151 ta yer uchastkasi 1.53 mlrd so‘mga xususiylashtirildi.
Natijada fuqarolar va tadbirkorlar ushbu yer uchastkalarini garovga qo‘yish yoki bo‘lib-bo‘lib sotish imkoniyatiga ega bo‘ldilar».
2026-yil davomida savdolarga 638 mlrd so‘mlik 68 ta davlat aktivi chiqarilgan, 61 ta aktiv 26.1 mlrd so‘mga realizatsiya qilindi. Hozirgi vaqtda auksion savdolarida jami 667.8 mlrd so‘mlik 79 ta davlat aktivi turibdi.
Bundan tashqari, 2026 yilda elektron onlayn-auksionlar orqali umumiy maydoni 118,1 gektarlik 1 092 ta yer uchastkasi sotildi. Bugungi kunda umumiy maydoni 418,3 gektarlik yer uchastkalarining elektron onlayn-sotuvlari davom etmoqda.
Tadbirda Prezidentning 177-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan 2026 yilga mo‘ljallangan Xususiylashtirish dasturi doirasidagi yangi imkoniyatlar haqida ham ma’lumot berildi. Xususan, davlat aktivlari va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari xarid qilinganda 15 foiz miqdorida bo‘nak (avans) to‘lanishi nazarda tutilgan bo‘lib, qolgan summa qonunchilikda belgilangan muddatlarda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lanishi mumkin. Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi davlat ko‘chmas mulk ob’yektlari uchun ularning qiymati 2027 yil 1 yanvargacha olti oy davomida to‘liq to‘langanda shartnoma qiymatidan 25 foiz miqdorida chegirma berilishi belgilangan. Ushbu imkoniyatlar tadbirkorlar va investorlar uchun yangi loyihalarni amalga oshirish hamda biznesni kengaytirishda muhim ko‘mak bo‘ladi.
Davlat aktivlari
agentligi matbuot xizmati
