DAVLAT AKTIVLARI AGENTLIGI: TURKIYALIK INVESTORLAR O‘ZBEKISTONNING 30 DAN ORTIQ DAVLAT AKTIVINI QARIYB 350 MLN DOLLARGA SOTIB OLGAN
2026-10-19 18:15:00 / Yangiliklar

19-oktabr kuni Samarqand shahrida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga bag‘ishlangan SamAuto Supplier Day xalqaro biznes uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ikki mamlakat davlat organlari, sanoat korxonalari va ishbilarmon doiralarining 150 nafardan ortiq vakillari ishtirok etdi.
Davlat aktivlari agentligi direktori Sohibjon Murodov turkiyalik investorlarni qutlab, Turkiyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalari umumiy hajmi qariyb 10 mlrd AQSH dollariga yetganini ta’kidladi. So‘nggi yillarda turkiyalik investorlar umumiy qiymati qariyb 350 mln dollar bo‘lgan 30 dan ortiq davlat aktivini sotib olgan.
“Biz turkiyalik investorlarni uzoq muddatli strategik hamkorlar sifatida ko‘ramiz. Xususiylashtirish — bu nafaqat davlat aktivlarini sotish, balki investitsiyalarni jalb qilish, korxonalarni modernizatsiya qilish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va yangi ish o‘rinlarini yaratish hamdir”, — dedi Sohibjon Murodov.
Shuningdek, SamAuto korxonasini xususiylashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. 2025-yilda Turkiyaning Anadolu Isuzu kompaniyasi korxonaning 75,2 foiz ulushini sotib oldi. Bu ishlab chiqarishni rivojlantirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish va eksport salohiyatini kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratdi.
Agentlik turkiyalik investorlarni xususiylashtirish jarayonlarida faol ishtirok etishga hamda O‘zbekistonda investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlardan foydalanishga taklif etadi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi
matbuot xizmati
