DAVLAT AKTIVLARI AGENTLIGIDA MATBUOT ANJUMANI O‘TKAZILDI: 9 OYLIK FAOLIYAT YAKUNLARI, XUSUSIYLASHTIRISHNING YANGI BOSQICHI VA KO‘CHMAS MULK BOZORIDAGI ISLOHOTLAR
2026-10-08 15:15:00 / Yangiliklar

Ommaviy axborot vositalari uchun Kontent tayyorlash markazida Davlat aktivlari agentligining 2026-yilning 9 oyi yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda xususiylashtirishning yangi bosqichi, davlat aktivlarini iqtisodiy muomalaga kiritish hamda rieltorlik faoliyatini tartibga solish sohasidagi o‘zgarishlar muhokama qilindi.
Matbuot anjumanida 40 nafardan ortiq ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar ishtirok etdi. Tadbirda Davlat aktivlari agentligi direktori Sohibjon Murodov asosiy ma’ruza bilan ishtirok etdi.
Agentlik direktori o‘z nutqida mamlakatimizda davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish, xususiy sektor uchun yangi imkoniyatlar yaratish va investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan izchil chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Xususan, yirik davlat aktivlarini xususiylashtirish borasida erishilgan natijalarga e’tibor qaratildi. Jumladan, Coca-Cola Uzbekistan kompaniyasidagi davlat ulushi 252 million AQSh dollariga, «Farg‘onaazot»dagi davlat ulushi 140 million AQSh dollariga, shuningdek, Samarqand avtomobil zavodidagi davlatning 75,2 foiz ulushi 80 million AQSh dollariga realizatsiya qilingan.
Shuningdek, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini yanada qisqartirish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirishga qaratilgan Prezidentning PF-177-son Farmoni ijrosiga alohida e’tibor qaratildi.
Farmonga muvofiq, 2026-yilda 84 ta jamiyat ustav kapitalidagi davlat ulushlari, 1 242 ta ko‘chmas mulk obyekti hamda 8 ming gektar yer uchastkalarini savdoga chiqarish belgilangan.
Bundan tashqari, davlat ishtirokidagi 85 ta korxonani tugatish yoki qayta tashkil etish, shuningdek, umumiy qiymati qariyb 100 trillion so‘mlik davlat va davlat ishtirokidagi korxonalar aktivlari hamda yer uchastkalarini savdoga chiqarish, xususiylashtirishdan kamida 14 trillion so‘m tushum olishni ta’minlash vazifasi belgilangan.
Xususiylashtirishning yangi bosqichi doirasida davlat aktivlarini bozorga tezroq chiqarish, investorlar va tadbirkorlar uchun imkoniyatlarni kengaytirish hamda davlat mulkidan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha mexanizmlar joriy etilmoqda.
Matbuot anjumanida yer uchastkalarini xususiylashtirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar va erishilgan natijalar ham taqdim etildi.
2026-yil boshidan buyon tadbirkorlarga 2,8 ming gektar yer uchastkasi 11 796 ta lot orqali jami 4,7 trillion so‘mga realizatsiya qilindi.
Shuningdek, fuqarolar va yuridik shaxslar foydalanayotgan yer uchastkalarini xususiylashtirish doirasida 36,5 mingdan ortiq yer uchastkasi, jami 3 509 gektar maydon xususiylashtirildi.
Agentlik direktori elektron savdo platformalari faoliyati, shuningdek, davlat aktivlari va yer uchastkalarini xarid qilishda tadbirkorlar hamda fuqarolar uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar haqida ham ma’lumot berdi.
Matbuot anjumanining muhim mavzularidan biri rieltorlik faoliyatini yangi tartibga solish masalasi bo‘ldi.
Ta’kidlanganidek, 2026-yil 7-avgustda «Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilindi. Mazkur qonun rieltorlik xizmatlari bozorini rivojlantirish, uning shaffofligi va professionalligini oshirishga qaratilgan.
Qonunga muvofiq, Davlat aktivlari agentligi rieltorlik faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilangan.
Qonun doirasida rieltorlar va rieltorlik tashkilotlarining yagona ochiq reyestrini shakllantirish, mutaxassislarning malakasini sertifikatlash va kasbiy tayyorgarligiga qo‘yiladigan talablarni belgilash, shuningdek, rieltorlik xizmatlarining milliy standartlarini joriy etish nazarda tutilgan.
Muhim yangiliklardan yana biri — multilisting tizimini joriy etishdir. Mazkur tizim ko‘chmas mulk obyektlari haqidagi ma’lumotlarni yagona elektron tizimda jamlash va rieltorlar o‘rtasida axborot almashinuvini ta’minlash imkonini beradi. Ushbu tizim ko‘chmas mulk bozorida axborotning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, raqobat muhitini rivojlantirish hamda bozor ishtirokchilari uchun ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Qonunda, shuningdek, rieltorlik xizmatlarini ko‘rsatishda mijozlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik hamda rieltorlarga ma’lum bo‘lgan axborotning maxfiyligini ta’minlash bo‘yicha aniq talablar belgilangan.
Matbuot anjumani yakunida Agentlik vakillari jurnalistlar va blogerlarning xususiylashtirish, yer uchastkalarini realizatsiya qilish, elektron savdolar faoliyati hamda ko‘chmas mulk bozorini yangi tartibga solish masalalariga oid savollariga javob berdilar.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi
Matbuot xizmati
