Davlat aktivlarini boshqarish sohasida Germaniya bilan hamkorlik rivojlantiriladi
2026-07-09 09:00:00 / Yangiliklar

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Germaniya Federal ko‘chmas mulk instituti (BImA) hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) vakillari ishtirokida davlat ko‘chmas mulkini boshqarish va undan samarali foydalanish masalalariga bag‘ishlangan onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida davlat ko‘chmas mulkini boshqarishning zamonaviy yondashuvlari, davlat aktivlarini bozor tamoyillari asosida realizatsiya qilish, ulardan foydalanish samaradorligini oshirish, sohaga raqamli yechimlarni joriy etish hamda o‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar o‘zaro hamkorlikni izchil yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishib, Agentlik mutaxassislari uchun BImA ekspertlari ishtirokida onlayn o‘quv seminarlarini tashkil etish, Germaniya delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida tajriba almashish va istiqboldagi qo‘shma loyihalarni muhokama qilish, shuningdek, Agentlik delegatsiyasining Germaniyaga xizmat safarini tashkil etish orqali BImA faoliyati hamda davlat ko‘chmas mulkini boshqarish, baholash, realizatsiya qilish va undan samarali foydalanish mexanizmlarini amaliy jihatdan o‘rganishga kelishib oldilar.

Mazkur hamkorlik GIZning grant mablag‘lari doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, davlat aktivlarini boshqarish sohasida institutsional salohiyatni mustahkamlash, xalqaro ilg‘or tajribalarni joriy etish hamda mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
