Xitoy va Gonkong ishbilarmonlari bilan hamkorlik yangi bosqichga ko’tarilmoqda
2026-06-05 14:00:00 / Yangiliklar

Xitoy Xalq Respublikasi Syangan (Gonkong) maxsus maʼmuriy hududi Administratsiyasi rahbari janob Li Szyachao boshchiligidagi delegatsiyaning Oʻzbekiston Respublikasiga tashrifi doirasida Davlat aktivlarini boshqarish agentligida Gonkongning yetakchi biznes va investitsiya doiralari vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda quyidagi nufuzli kompaniya va tashkilotlar vakillari ishtirok etdi:
- Doris Lian — Gonkong Xitoy Aktivlarni boshqarish assotsiatsiyasi raisi;
- Vang Yongsin — Gonkong Kema egalari assotsiatsiyasi vitse-raisi;
- doktor Vingko Lo Kam Ving — Gonkong Xitoy Ishlab chiqaruvchilar assotsiatsiyasi prezidenti;
- Lyu Chao — Bank of China (Hong Kong) Limited Global korporativ bank departamenti bosh menejeri;
- Kliff Chjang — Templewater Hong Kong Limited kompaniyasi bosh ijrochi direktori va asoschi hamkori;
- Eyveri Szya — Bosera Asset Management (International) Co., Limited kompaniyasining mahsulot va strategik rejalashtirish bo‘yicha menejeri;
- doktor Yuyfen Van — Templewater Hong Kong Limited hamkori va texnologik venchur o‘sish yo‘nalishi rahbari.

Muzokaralar davomida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, davlat ishtirokini qisqartirish, davlat aktivlarini samarali boshqarish hamda xususiylashtirish jarayonlarining joriy holati va istiqbollari haqida atroflicha maʼlumot taqdim etildi.
Xususan, mehmonlarga mamlakatimizda investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, xususiylashtirish dasturlari doirasida taklif etilayotgan aktivlar hamda davlat mulki obyektlarini realizatsiya qilishda qoʻllanilayotgan ochiq va shaffof mexanizmlar haqida taqdimot oʻtkazildi.
Uchrashuv ishtirokchilari tomonidan Oʻzbekiston iqtisodiyotining jadal rivojlanishi, xorijiy investitsiyalar uchun yaratilayotgan qulay muhit va keng koʻlamli xususiylashtirish dasturlariga yuqori qiziqish bildirildi. Ayniqsa, davlat aktivlarini sotish jarayonlarida qoʻllanilayotgan “E-auksion” elektron savdo platformasining ochiqlik, raqobat va teng imkoniyatlarni taʼminlashga qaratilgan mexanizmi mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi.

Shu munosabat bilan delegatsiya vakillari tomonidan mazkur platforma orqali savdolarda ishtirok etish tartibi, xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar hamda amaliy mexanizmlar yuzasidan qator savollar berildi va batafsil fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida Gonkongning yetakchi biznes uyushmalari va assotsiatsiyalari orqali ularning 10 mingdan ortiq aʼzolari uchun Oʻzbekistondagi xususiylashtirish jarayonlari va “E-auksion” elektron platformasi imkoniyatlariga bagʻishlangan alohida taqdimotlar tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Tomonlar xususiylashtirish jarayonlarida xorijiy investorlar ishtirokini kengaytirish va oʻzaro axborot almashinuvini rivojlantirish maqsadida institutsional hamkorlikni mustahkamlash muhimligini taʼkidladilar. Shuningdek, yaqin istiqbolda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda Gonkongning tegishli biznes va investitsiya tashkilotlari oʻrtasida hamkorlik munosabatlarini rasmiylashtirish boʻyicha kelishuv hujjatini imzolashga kelishib olindi.
