“MobiUz” xalqaro xususiylashtirish jarayonlari muvaffaqiyatli yakunlandi
2026-06-04 09:00:00 / Yangiliklar

Avval xabar qilinganidek, tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, “Universal Mobile Systems” MChJ (MobiUz) ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini sotish boʻyicha xalqaro ochiq savdo jarayonlari oʻtkazildi.
Mazkur jarayon doirasida “Rothschild & Co” xalqaro investitsiya banki strategik konsultant, “katta toʻrtlik” turkumiga kiruvchi “KPMG” moliyaviy konsultant hamda “Deloitte” mustaqil baholovchi sifatida jalb etildi.
Savdo jarayoni xalqaro bozorlarda keng targʻib qilindi, jumladan konsultantlarning global ofislari tarmoqlari orqali 100 dan ortiq strategik va moliyaviy investorlar bilan individual muloqotlar oʻtkazildi. Shuningdek, bitimga oid maʼlumotlar “Bloomberg” va “Financial Times” kabi yetakchi xalqaro ommaviy axborot vositalari orqali yoritildi hamda xalqaro roud-shou (Road Show)lar doirasida investorlarga taqdim qilindi.
Natijada, mazkur jarayonda AQSh, Yaponiya, Fors koʻrfazi mamlakatlari, Yevropa hamda Kavkazorti mintaqalaridan 15 dan ziyod (aksariyati xorijiy) investor ishtirok etdi. Bunda, 10 nafar ishtirokchi tomonidan dastlabki narx takliflari taqdim etildi.
Talabgorlarga konsultantlar tomonidan xalqaro standartlar asosida tayyorlangan kompleks moliyaviy va yuridik tahliliy maʼlumotlar (due diligence) taqdim etildi hamda 6 nafar ishtirokchi tomonidan “MobiUz”ni sotib olish boʻyicha majburiyatga ega boʻlgan qatʼiy takliflar (Binding Offer) qabul qilindi.
Davlat uchun eng yuqori iqtisodiy samaradorlikka erishish maqsadida jarayon investorlarning keng doirasidan eng raqobatbardosh takliflarni jalb qilishga qaratilgan tarzda tashkil etildi. Yakuniy bosqichda ishtirokchilarga qatʼiy narx takliflarini yanada yaxshilash imkoniyati taqdim etildi.
Xususiylashtirish jarayoni yakuni boʻyicha Davlat aktivlari agentligi tomonidan AQShning “McKim and Company” kompaniyasi boshchiligidagi moliyaviy investorlar va sohaviy texnologik hamkor “JVR Enterprises LLC” (DBA – “JVR Capital Group”) ishtirokidagi konsorsium taklifi gʻolib deb topildi. Ushbu taklifga muvofiq, MobiUz kompaniyasining qiymati 351 mln AQSh dollari darajasida baholangan boʻlib, shuningdek telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirishga 500 mln AQSh dollarigacha investitsiya kiritish rejalashtirilgan.
Taʼkidlash joizki, mazkur taklifning sotish samaradorligini koʻrsatuvchi EV/EBITDA multiplikatori 7,4x ni tashkil etib, bitimning yuqori samaradorligini aks ettiradi. Mazkur koʻrsatkich qiyosiy bitimlar bilan solishtirganda biznesning raqobatbardosh baholanganini koʻrsatadi hamda mustaqil baholovchi tomonidan aniqlangan qiymatdan sezilarli darajada yuqoridir.
Bitimni yakunlash uchun tegishli tartibga soluvchi organlarning zarur ruxsatnomalarini olish, shuningdek belgilangan korporativ va huquqiy tartib-taomillarni bajarish talab etiladi.
Davlat aktivlari agentligi mazkur jarayonda ishtirok etgan barcha investorlarga bildirgan qiziqishi va taqdim etgan takliflari uchun minnatdorlik bildiradi. Shuningdek, jarayonning yuqori xalqaro standartlar asosida tashkil etilishiga qoʻshgan munosib hissasi uchun konsultantlar – “KPMG”, “Rothschild & Co” va “Deloitte” jamoalariga alohida tashakkur izhor etadi.
Davlat aktivlari agentligi kelgusida ham xalqaro investorlar va konsultantlar bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga umid qiladi.
