Davlat aktivlari agentligi Gonkongda O‘zbekiston-Xitoy biznes forumida faol ishtirok etdi
2026-05-08 15:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 5–6-may kunlari Gonkong shahrida “Made in Uzbekistan” milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi hamda uning doirasida yuqori darajadagi O‘zbekiston–Xitoy biznes forumi tashkil etildi.
Mazkur tadbirlarda Davlat aktivlari agentligi rahbariyati ishtirok etib, mamlakatimizda xususiylashtirilishi rejalashtirilgan hamda yuqori investitsion jozibadorlikka ega davlat aktivlari bo‘yicha keng qamrovli taqdimot o‘tkazdi. Jumladan, sanoat, energetika, moliya, transport, qurilish, qishloq xo‘jaligi, turizm, xizmat ko‘rsatish va boshqa iqtisodiyot tarmoqlaridagi istiqbolli davlat aktivlari hamda investitsion loyihalar xorijiy investorlar e’tiboriga havola etildi.

Shuningdek, Milliy bank, “Sanoat qurilish banki” va “Asaka bank” bilan hamkorlikda mehmonxona majmualari, turizm va xizmat ko‘rsatish obyektlari yuzasidan alohida investitsion taqdimotlar tashkil qilindi. Taqdimotlar davomida Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas iqtisodiy islohotlar, davlat ishtirokini qisqartirish, iqtisodiyotda xususiy sektorning yetakchi o‘rnini ta’minlash, ochiq va raqobatbardosh investitsion muhit yaratish hamda xususiylashtirish jarayonlarini xalqaro standartlar asosida tashkil etish borasidagi qat’iy siyosat atroflicha yoritildi.

O‘zbekiston tomonidan taqdim etilgan investitsion imkoniyatlar Xitoyning yetakchi investorlari, yirik moliyaviy institutlari hamda biznes doiralari vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi. Tadbir yakunlari bo‘yicha qator investorlar tomonidan O‘zbekistondagi xususiylashtirish jarayonlarida ishtirok etish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va investitsion hamkorlikni kengaytirish yuzasidan amaliy qiziqish bildirildi. Forum doirasida Xitoyning yetakchi kompaniyalari va investitsion guruhlari vakillari bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilib, davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayonlariga xorijiy investorlarni keng jalb qilish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmini oshirish hamda uzoq muddatli strategik hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Hukumat rahbari hamrohligida Xitoy Xalq Respublikasining Gonkong Maxsus ma’muriy hududi raisi Jon Lee Ka-chiu ko‘rgazmaga tashrif buyurib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan xususiylashtirish jarayonlari hamda ulardagi investitsion salohiyatni aks ettiruvchi taqdimotlar bilan yaqindan tanishdi.

Tashrif davomida Gonkong rahbari O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar, xususiylashtirish dasturlari va xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan qulay hamda ochiq biznes muhiti yuzasidan yuqori baho bildirib, Xitoy ishbilarmon doiralari vakillarining mamlakatimizdagi investitsion loyiha va dasturlarda faol ishtirok etishi, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, istiqbolli kelishuvlarga erishish hamda amaliy natijalarni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlariga muvaffaqiyat tiladi.
