Amir Temur xotirasiga yuksak ehtirom koʻrsatildi
2026-04-09 12:25:00 / Yangiliklar

Shu kunlarda Vatanimizda katta bayram, katta shodiyona – Amir Temur bobomizning 690 yilligi keng nishonlanmoqda. Bu qutlugʻ sana munosabati bilan mamlakatimizda koʻplab maʼnaviy-maʼrifiy, ilmiy va madaniy tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Amir Temur XIV asrda, gʻoyat murakkab bir davrda yurtimiz hududida milliy davlatchilikni qayta tiklab, Vatan ozodligi yoʻlida ulkan jasorat koʻrsatgan buyuk tarixiy shaxsdir. U asos solgan qudratli saltanat jahon sivilizatsiyasi tarixida oʻchmas iz qoldirgan. Sohibqironning hayoti va faoliyati salkam yetti asrdan buyon dunyo olimlari tomonidan katta qiziqish bilan oʻrganib kelinmoqda. Turli mamlakatlarda Amir Temur va temuriylarga bagʻishlab minglab badiiy, ilmiy va sanʼat asarlari yaratilgani, bu ishlar bugun ham davom etayotgani uning tarixiy siymosi va merosi nechogʻliq beqiyos ekanidan dalolat beradi.
Xalqimiz muqaddas yurtimiz zaminidan shunday ulugʻ zot yetishib chiqqani bilan doimo faxrlanib, gʻururlanib yashaydi. Ayniqsa, bugungi kunda – Yangi Oʻzbekiston sharoitida Amir Temur va temuriylar tarixi va merosini chuqur oʻrganish har qachongidan ham katta ahamiyat kasb etmoqda. Bu shonli sulola tomonidan yaratilgan temuriylar Renessansi mamlakatimizda yangi Uygʻonish davri poydevorini yaratishda xalqimiz uchun ishonch, ilhom va kuch-gʻayrat manbai boʻlib xizmat qilmoqda.
Amir Temurning “Kuch – adolatda”, “Adolat bilan jahon gulshani obod boʻladi” degan dono oʻgitlari bugun yurtimizda ijtimoiy davlat barpo etish, inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlarda oʻziga xos dastur va amaliy qoʻllanma boʻlib xizmat qilmoqda. Shu maʼnoda, Sohibqiron merosi nafaqat xalqimizning shonli oʻtmishi, balki bugungi taraqqiyotimiz va kelajak maqsadlarimiz bilan ham uzviy bogʻliqdir.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi jamoasi 9-aprel kuni Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan Toshkent shahridagi Amir Temur xiyobonida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda ishtirok etishdi.
Tadbirda davlat idoralari vakillari, ilm-fan va madaniyat namoyandalari hamda yoshlar bilan birgalikda Sohibqiron xotirasiga hurmat bajo keltirildi. Haykal poyiga gulchambar qo‘yilib, buyuk ajdodimizning boy merosi yana bir bor yodga olindi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari Temuriylar tarixi davlat muzeyiga tashrif buyurib, tariximizning bebaho sahifalari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lishdi.
Buyuk ajdodlarimiz merosi – biz uchun ilhom va faxr manbai!
