Davlat mulkini xususiylashtirish sohasi takomillashtirildi
2026-03-18 11:35:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 17-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat mulkini xususiylashtirish sohasi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-1122-son Qonuni qabul qilindi.
Mazkur Qonun bilan davlat mulkini va yer uchastkalarini xususiylashtirish hamda ijaraga berish mexanizmlarini takomillashtirish orqali xususiy tadbirkorlik subyektlari uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratishga qaratilgan bir qator islohotlar joriy etilishi belgilanmoqda. Jumladan:
- davlat mulki va yer uchastkalarini xususiylashtirish hamda ijaraga berish boʻyicha tuzilgan shartnomalar doirasida yuzaga keladigan nizolarni mediatsiya tartib-taomili asosida hal etiladi;
- davlat aksiya paketlari xorijiy investorlarga “Toshkent” RFB savdolari orqali xorijiy valyutada ham sotilishi va ular boʻyicha toʻlovlarni shartnomada belgilangan valyutada amalga oshiriladi;
- mahalliy hokimiyat organlarining munitsipal mulk boʻlgan davlat mulkini xususiylashtirish sohasida vakolatlarini kengaytirilmoqda;
- davlat koʻchmas mulkini boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotib olgan xaridorlar tomonidan yer va mol-mulk soliqlari ushbu obyektlar uchun toʻlangan mablagʻlarga proporsional ravishda toʻlash tizimi joriy etilmoqda;
- maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari bosh rejasiga muvofiq mazkur zonalar infratuzilma bilan taʼminlangandan va davlat qabul komissiyasi tomonidan qabul qilingandan soʻng, ular hududidagi yer uchastkalarini auksion savdolariga chiqarish hamda investorlarga infratuzilma bilan taʼminlash ishlarini amalga oshirishga ruxsat berish, keyinchalik ushbu xarajatlar sanoat zonalarining mablagʻlari hisobidan qoplab berish tartiblari joriy etilmoqda;
- xalqaro ahamiyatga molik avtomobil yoʻllari boʻyida zamonaviy xizmat koʻrsatish majmualarini master-reja asosida joylashtirish boʻyicha boʻsh turgan yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori asosida qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining qarori Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda yer toifasini boshqa toifaga oʻzgartirish uchun asos boʻlishi belgilanmoqda.
Ushbu Qonun mamlakatimizda jozibador investitsiya muhitini yaratishga, tadbirkorlik subyektlari uchun soliq yukining kamayishiga, davlat mulkini xususiylashtirish jaryonlarini soddalashtirish va jadallashtirishga, xususiy mulkchilikni kengaytirish orqali iqtisodiy oʻsishni taʼminlashga xizmat qiladi.
