Davlat aktivlari agentligida sogʻlom turmush tarziga rioya qilish hamda salomatlikni asrashga bagʻishlangan seminar oʻtkazildi
2026-03-11 10:00:00 / Yangiliklar

Davlat aktivlarini boshqarish agentligida davlat xizmatchilari oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish, toʻgʻri ovqatlanish madaniyatini shakllantirish hamda turli kasalliklarning oldini olish maqsadida “Qanday qilib sogʻlom ovqatlanish va kasalliklarni oldini olish mumkin?” mavzusida maʼrifiy seminar tashkil etildi.
Mazkur tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-iyundagi PF–95-sonli Farmoni ijrosini taʼminlash doirasida oʻtkazilib, davlat xizmatchilari oʻrtasida sogʻlom turmush tarziga rioya qilish, ularning mehnat samaradorligi va hayot sifatiga ijobiy taʼsir koʻrsatuvchi omillarni keng targʻib qilishga qaratildi.
Seminar Respublika Endokrinologiya markazining oliy toifali shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi Feruza Taxirova boshchiligida boʻlib oʻtdi. Unda sogʻlom ovqatlanish tamoyillari, inson organizmi uchun zarur boʻlgan vitamin va minerallarga boy mahsulotlar, kunlik ratsionni toʻgʻri shakllantirish hamda notoʻgʻri ovqatlanish natijasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan endokrin va boshqa surunkali kasalliklarning oldini olish shuningdek jismoniy faollikni oshirish boʻyicha amaliy tavsiyalar berildi.
Shuningdek, davlat xizmatchilari salomatligini mustahkamlash, immunitetni kuchaytirish va turli surunkali kasalliklar xavfini kamaytirishda muntazam tibbiy koʻrikdan oʻtib turishning ahamiyati alohida taʼkidlandi.
Seminar yakunida ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga maʼruzachidan batafsil javoblar olib, sogʻlom turmush tarzini kundalik hayotga keng tatbiq etish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirdi.
