“MobiUz”ni xalqaro savdo jarayonlari davom etmoqda
2025-12-30 18:00:00 / Yangiliklar

Avval xabar qilinganidek, “Universal Mobile Systems” MChJ (MobiUz) ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini xalqaro ochiq savdo jarayonlarining yakuniy bosqichi davom etmoqda.
Savdo jarayonini shaffof va raqobat muhitida oʻtkazish maqsadida, quyidagi xalqaro konsalting kompaniyalari jalb etilganligi eslatib oʻtiladi:
- strategik va moliyaviy konsultant sifatida – “Rothschild & Co”;
- moliyaviy konsultant sifatida, shuningdek moliyaviy, soliq va yuridik ekspertiza (vendor due diligence) uchun – “KPMG”;
- mustaqil baholovchi sifatida – “Deloitte”.
Savdo jarayonining NBO (majburiyatga ega boʻlmagan takliflar) bosqichida 10 ta xorijiy investordan NBO takliflari kelib tushgan. Konsultantlar tavsiyasiga asosan, 7 nafar talabgor yakuniy – BO (majburiyatga ega boʻlgan qatʼiy narx takliflari) bosqichiga oʻtkazilgan.
Yakuniy bosqich doirasida talabgorlarga Konsultantlar tomonidan tayyorlangan Jamiyatning moliyaviy, soliq va yuridik faoliyati boʻyicha kompleks tahliliy hisobotlari (vendor due diligence) joylashtirilgan virtual maʼlumotlar xonasi (VDR)ga kirish, shuningdek, Jamiyatning operatsion faoliyati bilan batafsil tanishish va rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazish hamda qiziqtirgan masalalarni muhokama qilish (Management Presentation) imkoniyati yaratildi.
Shu bilan birga, ishtirokchilar tomonidan Jamiyatni sotib olish va uning kelgusidagi faoliyati boʻyicha asosiy shartlar toʻgʻrisidagi Bitim (Term Sheet) imzolandi.
Belgilangan muddat – 2025-yil 19-dekabrga qadar, 6 nafar talabgordan Jamiyatni sotib olish boʻyicha majburiyatga ega boʻlgan qatʼiy narx takliflari (BO) qabul qilindi.
Mazkur BO takliflari tahlili asosida hamda xalqaro tajribani inobatga olgan holda, eng yuqori sotib olish qiymati va bitimning boshqa muhim jihatlari boʻyicha eng raqobatbardosh shartlarni taklif etgan 3 nafar talabgor aniqlandi. Mazkur talabgorlar takliflarini yanada yaxshilash uchun 2026-yil 23-yanvar soat 23:59 (Toshkent vaqti bilan)ga qadar qoʻshimcha muddat beriladi.
BO bosqichi yakunlari hamda navbatdagi jarayon toʻgʻrisida barcha talabgorlar Konsultantlar tomonidan jarayon xati (Process Letter) orqali individual ravishda xabardor qilinadi.
Mazkur yondashuv Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish davlat komissiyasi tomonidan maʼqullandi.
Davlat aktivlari agentligi Konsultantlar bilan hamkorlikda savdoning barcha jarayonlari toʻgʻrisida jamoatchilikka axborot berib, ishtirokchilarni xabardor qilib borilishini taʼminlaydi.
Diskleymer
Davlat aktivlari agentligi sotish jarayonining ketma-ketligini oʻzgartirish yoki potensial xaridorga (xaridorlarga) sotishni yoki sabablarini tushuntirmasdan istalgan vaqtda ular bilan muzokara olib borishni rad etish huquqini oʻzida saqlab qoladi.
Ushbu eʼlon yoki uning mazmunining biron-bir qismi mazkur eʼlon chop etilishidan kelib chiqib taxmin qilinishi mumkin boʻlgan Davlat aktivlari agentligining Jamiyatni sotish bilan bogʻliq biror-bir shakldagi majburiyati sifatida talqin qilinmasligi kerak. Davlat aktivlari agentligi oʻz xohishiga koʻra har qanday vaqtda va har qanday munosabatda, birgalikdagi yoki shaxsiy javobgarlikni oʻz zimmalariga olmasdan:
(i) Savdo jarayonining barcha bosqichlari muddatlariga oʻzgartirish kiritish;
(ii) turli xil manfaatdor tomonlar uchun turli xil tartib-qoidalar boʻyicha ish tutish va/yoki Davlat aktivlari agentligi tomonidan koʻzda tutilgan reja-jadval va tartib doirasida istalgan boshqa potensial xaridorni (xaridorlarni) oldindan ogohlantirmasdan chiqarib tashlagan holda bir yoki bir nechta potensial xaridorlar bilan muzokaralar olib borish;
(iii) aniq sababga koʻra sotish jarayonini toʻxtatish;
(iv) va/yoki istalgan vaqtda va sabablarni tushuntirmasdan Savdoga taalluqli boʻlgan har qanday potensial xaridor (xaridorlar) bilan har qanday muhokama va muzokaralarni olib borish/tugatish huquqlarini oʻzida saqlab qoladi.
